Viza muddati tugagan Afgʻoniston fuqarolari Oʻzbekistondan chiqarib yuborilmaydi

Saqlash
16:56 / 28.10.2021 970 0

Oʻzbekistonda boʻlib turish vizasi muddati tugayotgan Afgʻoniston fuqarolari oʻz yurtiga qaytarib yuborilmaydi, chunki mamlakatlar oʻrtasidagi chegara jismoniy shaxslar uchun yopiq. Bu haqda “Gazeta.uz”ga Oʻzbekiston Ichki ishlar vazirligi vakili maʼlum qildi.

 

Avvalroq “Markaziy Osiyoda inson huquqlari” assotsiatsiyasi (AHRCA), inson huquqlari boʻyicha xalqaro hamkorlik (IPHR) va Norvegiya Xelsinki qoʻmitasi (NHC) Oʻzbekistonda boʻlib turgan 70 dan ortiq Afgʻoniston fuqarosi oʻz yurtiga deportatsiya qilinishi mumkinligini maʼlum qilgandi. Huquq himoyachilarining maʼlumotlariga koʻra, 2021-yil avgustining oʻrtasida “Tolibon” harakati hokimiyat tepasiga kelgach, ular uch oyga Oʻzbekiston vizasini olgan va mamlakatga taklifnoma boʻyicha emas, majburan kelgani uchun hozirda vizalarning uzaytirilmasligidan xavotirda.

 

«Hech qanday kamsitish holatlari yoʻq. Hozirda bunday masala turgani yoʻq, chunki Afgʻoniston bilan chegaramiz (jismoniy shaxslar uchun — tahr.) yopiq», degan IIV vakili.

 

Vazirlik maʼlumotlariga koʻra, hozirda Oʻzbekiston hududida 13 658 nafar Afgʻoniston fuqarosi boʻlib turibdi. Shulardan 13 032 nafari vaqtincha yashayotgan boʻlsa, ulardan koʻplari Oʻzbekistonga biznes masalalari boʻyicha hamda qarindoshlarini koʻrishga kelgan.

 

IIV vakilining maʼlum qilishicha, Afgʻoniston fuqarolarining vizalarini uzaytirish uchun Oʻzbekistondagi vaqtinchalik yashash joyi boʻyicha migratsiya boʻlimlariga murojaat qilish lozim.

 

“Yashash maydonining egasi ruxsati bilan ular roʻyxatga olinadi. Oʻzbekiston qonunlarini va respublikada boʻlib turish qoidalarini buzmayotgan xorijiy fuqarolarga vizalar uzaytiriladi”, deya qoʻshimcha qilgan IIV vakili.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//