Oʻzbekiston xalq shoiri Jamol Kamol vafot etdi

Saqlash
09:07 / 27.09.2022 1083 0

Oʻzbekiston xalq shoiri, taniqli tarjimon Jamol Kamol 84 yoshida vafot etdi.

 

Jamol Qamol 1938-yili Buxoro viloyatining Shofirkon tumanidagi Chitkaron qishlogʻida tugʻilgan. Ota-onadan erta ayrilgach togʻasi qoʻlida tarbiya koʻrdi. Buxoro pedagogika institutining tarix-filologiya fakultetida tahsil oldi. Oʻqishni tugallab, shu yerda oʻqituvchilik qildi. “Buxoro haqiqati” viloyat gazetasida (1965-1969) ishladi. Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Til va adabiyot institutida aspirant boʻlib, “Lirik sheʼriyatda kompozitsiya” degan mavzuda nomzodlik dissertatsiyasini yoqladi (1969-1972). Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasining Buxoro viloyati boʻlimi masʼul kotibi (1970-1972), keyinchalik Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi lavozimlarida faoliyat olib bordi.

 

Uning “Olam kirar yuragimga” nomli birinchi sheʼriy toʻplami 1968-yilda chop etildi. Shundan soʻng “Choʻqqilarga yogʻildi yogʻdu” (1971), “Tosh tugʻyon” (1973), “Hasan va oy” (1974), “Quyosh chashmasi” (1975), “Dostonlar” (1978), “Tafakkur” (1979), “Suvaydo” (1983), “Umidli dunyo” (1988) toʻplamlari, “Armon”, “Varaxsha”, “Eshikdagi oy toʻlqini”, “Tosh tugʻyon”, “Shahribonu” kabi dostonlari nashr etildi.

 

Uilyam Shekspirning “Hamlet”, “Otello”, “Antoniy va Kleopatra”, “Qish ertagi”, “Venetsiya savdogari”, “Qirol Genrix IV”, “Makbet” kabi oʻndan ortiq dramalarini bevosita ingliz tilidan oʻzbek tiliga tarjima qildi.

 

Soʻnggi yillarda uning “Asr bilan vidolashuv” (Saylanma, 2007), “Yana koʻnglimda uch oy” (2010), “Safar daftari” (2012), “Bosh ustina, bosh ustina” (2016) singari bir qator asarlari chop etildi. Jaloliddin Rumiyning “Masnaviy maʼnaviy” (2002-2004), Hazrati Alining “Devon”i (2006), Farididdin Attorning ʻMantiq ut tayr” (2006) hamda “Ilohiynoma”, “Asrornoma”, “Pandnoma va bulbulnoma”, “Hikmatlar” (2007-7012), Abdurahmon Jomiyning “Gulshaningda soʻlmasin Gul” (2008), Vilyam Shekspirning “Sonetlar” (2009), Alisher Navoiyning “Foniy gulshani” (2011) kabi jami yigirma yettita asarni ona tilimizga oʻgirdi. Shuningdek, Radiy Fishning “Jaloliddin Rumiy”, Sotim Ulugʻzodaning “Firdavsiy” kabi romanlari tarjimasi ham Jamol Kamol qalamiga mansubdir.

 

U publitsist sifatida “Makkayi Mukarrama, Madinayi Munavvara” (1992), “Buyuklardan buyuk Muhammad alayhissalom” (2017) asarini yaratib, islomiy maʼrifat va maʼnaviyatning rivojiga hissa qoʻshdi.

 

Jamol Kamol adabiyotimizdagi munosib xizmatlari uchun 1992-yilda “Oʻzbekiston xalq shoiri” unvoniga sazovor boʻlgan.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//