Nurgul Yashilchoy va Sardor Koʻkxon Toshkent kinofestivalidagi mojaro boʻyicha intervyu berdi

Saqlash
16:09 / 26.09.2022 1096 0

Toshkentda boʻlib oʻtgan xalqaro kinofestival 18-sentyabr kuni oʻz yakuniga yetgan boʻlsada, tadbirdagi mashmashalarga hamon nuqta qoʻyilmayapti. Endi bu mojaro Turkiya OAV uchun kun mavzusiga aylandi.

 

Avval xabar berganimizdek, Toshkentda oʻtgan “Ipak yoʻli durdonasi” XIV xalqaro kinofestivali doirasida tashkil etilgan turk kino kunlariga bagʻishlangan ijodiy kechada turkiyalik aktyorlar oʻrtasida janjal sodir boʻlgandi. Aktrisa Nurgul Yashilchoy va aktyor Burak Oʻzchivit sahnadan joy olgan toʻqqiz nafar hamkasblari bilan bir davrada oʻtirishni istamagan. Tadbirning ikkinchi qismida Nurgul Yashilchoy sahnada koʻrinish berishi ortidan turk aktyori Sardor Koʻkxon mikrofon orqali bu holatga oʻz noroziligini bildirgan, u ham Nurgul bor sahnada qololmasligini, Nurgul va Burak hamkasblariga hurmatsizlik qilib, ular bilan bir davrada oʻtirishni oʻziga ep koʻrmaganini aytgan. Oqibatda tadbir boʻlingan va bir guruh turk aktyorlari Turkiya elchixonasi vakillari bilan marosimni tark etgan edi.

 

Bu voqealar turk OAV nazariga tushganidan soʻng, Turkiyaning TV8 kanalidagi 2-sahifa koʻrsatuvi boshlovchilari jonli efir vaqtida Sardor Koʻkxon bilan telefon orqali bogʻlangan. Tajribali turk aktyorining javoblaridan u hamon jahl otidan tushmaganini anglash mumkin.

 

“Biz Turkiya madaniyat sohasi vakillari sifatida borgan tadbirimizda u ikkisi yonimizda oʻtirishni istashmadi. Tashkilotchilar sahnaga barchamizni taklif qilishdi. Bu ikki doʻstimiz esa yonimizga oʻtirishlari kerak edi. Biz esa sahna ortidan «Bormayman, chiqmayman”, degan ovozlarni eshitdik», degan aktyor.

 

Koʻrsatuv boshlovchisining “balki u soʻzlarni boshqa odam aytgandir” degan shubhali savoli Sardor Koʻkxonni yanada tutaqtirib yuborgan.

 

«U yerda turkcha gapiradigan yana kim bor edi? Burak bilan Nurguldan boshqa hech kim yoʻq edi. Burak ikki qovogʻini chimirgani bilan aktyor boʻlib qolmaydi, u avval aktyorlik kasbini oʻrgansin. Turkiyaning tarixiy filmida rol oʻynab, qardosh mamlakatga pulga borish bu qanday turklik? Burak pul olganini aniq bilmayman, lekin u tekinga qadam tashlamaydi. Meni u bilan bir tukchalik ishim yoʻq. Oramizda oldin hech narsa boʻlmagan», degan aktyor.

 

Sardor Koʻkxonning ushbu chiqishidan keyin Nurgul Yashilchoy Istanbul shahrida teatr spektakliga mehmon boʻlib borgan va turkiyalik muxbirlar aktrisadan Toshkentdagi kinofestival haqida soʻrashgan. Nurgul festival juda chiroyli oʻtgani, oʻzbek xalqi ularni iliq kutib olgani haqida aytib gapini tugatmasidan Sardor Koʻkxon aytgan soʻzlarga munosabat soʻralgan.

 

«Men ular tayyorlagan dasturdan tashqariga chiqmadim. Tashkiliy ishlarda muammo bor edi. Har doim sodir boʻlishi mumkin boʻlgan narsalar. Men shunday qilishim mumkinmidi? Sardorbey bizning boshimizdagi tojimiz. Kim uni xafa qilsa qarshisida meni koʻradi», degan Yashilchoy.

 

Toshkentda boʻlib oʻtgan kechada Burak Oʻzchivit bilan sahnaga chiqqan aktyor Alisher Uzoqov ham oʻzining Instagram sahifasida boʻlib oʻtgan voqealarga video-munosabat bildirgan.

 

«Oʻzi Burak keladi, Burak bilan koʻrishasiz deyishganidayoq uning xarakteri ogʻirligini aytgan edim. Oʻsha kechada Burak bilan Nurgul sahnaga chiqishi kerak edi, lekin ular sahnaga chiqmaymiz deyishdi. Mayli balki ularni sahna ortida muammolari bordir, lekin ana shu muammolar sahna ortida qolib ketishi kerak. Nurgul Yashilchoy ham juda osmonda ekan. Bu borada Burakdan ham oʻtib tusharkan. Keyin biz Burak Oʻzchivit bilan sahnaga chiqdik. Qanaqa aktyor, qanaqa yulduz boʻlishdan qatʼiy nazar baribir yaxshi inson boʻlish kerak, oʻzidan kattalarni hurmat qilish kerak. Toʻgʻri ular mashhur aktyor lekin yaxshi inson boʻlsa, mening ularga hurmatim boshqacha boʻladi. Sahnada Burakni yonida qoʻlimni choʻntagimga tiqib turganimni ham tanqid qilishibdi, bu ularga hali kam. Oʻzimizni aktyor-aktrisalarimizni qadriga yetmas ekanmiz bizni qadrimizga hech kim yetmaydi. Ertaga kimdir keladida mana shunaqa ishlar qilib ketaveradi. Toʻgʻri biz ularni darajasida emasdirmiz, lekin ana shu yuqori darajaga chiqishimiz uchun oldin bir-birimizni qadrlashimiz kerak», deydi u

 

Eslatib oʻtamiz, turk aktyorlarining Toshkentdagi festivalda koʻrsatgan xurmacha qiliqlari uchun Turkiya Madaniyat va turizm vaziri oʻrinbosari Ahmet Misbah Demirjan “tadbirga tashrif buyurgan” tomoshabinlardan rasman uzr soʻragan edi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish