Jamiyat
Parkent tumani Changi qishlogʻi “Nurobod” mahallasi Obisher koʻchasida oʻquvchilar maktabga jar yoqalab borayotgani va bu keskin muhokamalarga sabab boʻlgani haqida xabar bergan edik. Parkent tumani hokimligi vaziyat yuzasidan munosabat bildirdi.
Hokimlik munosabatida aytilishicha, Changi qishlogʻi “Nurobod” MFY Obisher koʻchasida 14 ta xonadon mavjud. Koʻcha 2018-yilda tashkil etilgan. Oʻquvchilar qiyinchilik bilan yurayotgan yoʻl mahalliy aholi tomonidan hashar yoʻli bilan qurilgan, ammo 2022-yil bahor faslidagi davomiy yogʻingarchiliklar sababli yoʻlning katta qismiga jiddiy zarar yetgan.
“Bu koʻchadan 8 nafar maktab oʻquvchisi Hisorak qishlogʻida joylashgan 29-umumtaʼlim maktabiga qatnashadi. Ushbu maktabga borish uchun muhokamalarga sabab boʻlgan rasmlarda koʻrsatilgan yoʻldan tashqari qoʻshimcha xavfsiz yoʻl ham mavjud. Obisher koʻchasi bilan maktab orasidagi masofa 1.3 km tashkil etadi”, deyiladi munosabatda.
Tuman hokimligi mutasaddilari ushbu yoʻl ichki yoʻllar balansiga kirmaganligi sababli loyiha-smeta asosida ichki yoʻllar balansiga kiritilishini hamda qurilish ishlarida malakali mutaxassislar jalb qilinishini, shunchaki shagʻal tashlash orqali muammoga uzil-kesil yechim topib boʻlmasligi, yomgʻirli mavsumlarda bunday holatlar yana takrorlanishi mumkinligini maʼlum qilgan.
Hokimlik 2022-yilning soʻngiga qadar ushbu masalaga ijobiy yechim topilishini bildirdi.
“Qishloqdagi bu vaziyat tuman hokimligining toʻliq nazoratiga olingan va qurilish ishlari uchun loyihalashtirish ishlari boshlangan. 2022-yil soʻngiga qadar bu masalaga ijobiy yechim topiladi”, — deyiladi hokimlik xabarida.
Ushbu masala yuzasidan oyina.uz muxbiri Toshkent viloyati XTBga murojaat qilgandi. XTBning izohi quyidagicha boʻlgandi:
“Rasmda koʻrsatilgan jarlikdan 50 metr uzoqlikda maktabga olib boruvchi asosiy yoʻl mavjud. Oʻquvchilar masofani qisqartirish uchun aylanib yurishni istamay, suratda koʻrsatilgan yoʻlakdan kesib oʻtishadi. Ishchi guruh holat boʻyicha tuman hokimligiga jarlik atrofini oʻrash boʻyicha murojaat tayyorlashmoqda.
Changi qishlogʻi oʻquvchilar uchun mikrohududda 41-sonli maktab mavjud. Qishloqning deyarli barcha bolalari shu yerda tahsil oladi”.
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Siyosat
Jamiyat
Ilm-fan
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q