Jamiyat
Shu kunlarda ayrim ijtimoiy tarmoqlarda Umra ziyoratini amalga oshirmoqchi boʻlgan musulmonlar 14 kun kutishiga doir talab bekor qilindi, degan mazmundagi xabar tarqatildi. Oʻzbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati ushbu xabarlarga munosabat bildirdi.
Xabarga koʻra, Oʻzbekiston musulmonlari idorasi mamlakatimizning Jidda shahrida joylashgan Bosh konsulxonasidagi “Haj” va “Umra” masalalari boʻyicha Attashesi bilan doimiy muloqot qilib, muborak safarlar bilan bogʻliq har bir jarayonni diqqat bilan kuzatib bormoqda.
«Saudiya Arabistoni Haj va Umra vazirligi shirkatlar ishlari bosh boshqarmasi maʼlumotiga koʻra, Podshohlikda epidemiologik vaziyat yaxshilanayotgani, kunlik kasallanish 65 nafarga tushgani, vaksina qilingan aholi 60 foizdan oshishi munosabati bilan umra ziyorati uchun oʻrnatilgan bir qator cheklovlar Saudiya Arabistonida istiqomat qilayotgan aholi va podshohlikda boʻlib turgan chet-el fuqarolari uchun yumshatilgan.
Jumladan, 28-oktyabr kunidan boshlab, Haj va Umra vazirligining «Iʼtamarna» (“Umra qildik”) mobil dasturi orqali ayni vaqtda Saudiya Arabistonida istiqomat qilayotgan aholi va podshohlikda boʻlib turgan chet-el fuqarolari uchun oʻrnatilgan 14 kun ichida faqat bir marotaba umra amalini ado etish cheklovi olib tashlandi. Sodda qilib aytganda, avvalgi tartib boʻyicha Makka shahrida boʻlib turgan fuqaro Masjidul Haramga ehrom kiygan holda umraning tavof va saʼy amalini bir marta bajargandan keyin, navbatdagi umra qilishi uchun 14 kundan keyin ruxsat berilar edi. Endilikda yangi qoidaga koʻra, Makka shahrida istiqomat qilayotgan aholi yoki ushbu shaharda vaqtincha yashab turgan xorijliklar bir necha bor umra amalini ado etishlari mumkin boʻladi.
Taʼkidlash zarurki, ushbu yengillik faqatgina ayni vaqtda Saudiya Arabistonida istiqomat qilayotgan aholi va vaqtincha yashab turgan chet-el fuqarolariga tegishlidir. Xorij mamlakatlaridan keladigan fuqarolarga qoʻyilgan cheklovlar bekor qilingani toʻgʻrisida maʼlumotlar mavjud emas.
Oʻzbekiston musulmonlari idorasi “Haj” va “Umra” safarlarga oid oʻrganishlarni davom ettirgan holda muborak safarlar bilan bogʻliq xabarlarni rasmiy nashrlarda eʼlon qilinishini maʼlum qiladi», deyiladi xabarda.
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Ilm-fan
Jamiyat
Sport
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q