Jamiyat
Oʻzbekiston musulmonlari idorasi Rossiya va Ukraina kabi urush kechayotgan hududlarda istiqomat qilayotgan vatandoshlarga turli vaʼdalar, fitna va chaqiriqlarga ishonmaslikka chaqirdi. Bu borada idoraning Fatvo markazi bayonot bilan chiqdi.
“Ayrim terrorchi tashkilot vakillari paytdan foydalanib, «jihod” daʼvosi ostida turli xunrezliklarga chaqiriq bilan chiqmoqda. Aslida musulmon kishini oʻz vatanini himoya qilishdan boshqa xar qanday harbiy harakatlarda ishtirok etishi sharʼan joiz boʻlmaydi. Bu haqda mazhabimizning buyuk olimlaridan biri Imom Muhammad «As-Siyarul-kabir» kitobida aytadilar: «Musulmonlar gʻayridinlar bilan birlashib, boshqa gʻayridin jamoaga qarshi urushishi joiz emas», deganlar», deyiladi xabarda.
“Ushbu urushga «jihod” nomini berish jaholatdan boshqa narsa emas. Chunki Islom shariatida jihod uchun belgilab qoʻyilgan oʻziga xos shart va talablar mavjud. Agar shartlar topilmasa, u hech qanday jihod hisoblanmaydi. Balki u Islomda harom qilingan urush boʻladi. Bunda ishtirok etganlar Allohning shariatiga qarshi chiqqan shayton askarlari qatorida boʻladi. Unda oʻldirganlar qotil, oʻlganlar esa gunoh uzra jon bergan bogʻiylar boʻladi», deyiladi bayonotda.
Qayd etilishicha, kurashlar, ziddiyatlar, dunyoni qayta taqsimlashga qaratilgan oʻyinlar avj olgan bir vaziyatda terror va buzgʻunchiliklar, axloqsizlik va maʼnaviy inqirozlar har qachongidan xatarli tus olmoqda. «Shuning uchun bugungi kunning musulmon kishisi harqachongidan koʻra ogoh va xushyor boʻlishi darkor. Xususan, insoniyat taraqqiyotiga tahdid solayotgan turli boʻxronlar va notinchliklar paytida turli fitnalarga aralashmasligi lozim», deya qayd etdi idora.
Oʻzbekiston musulmonlari idorasi bu kabi fitnalarga aralashish sharʼan harom hisoblanishini taʼkidladi. Qolaversa, amaldagi qonunchilikda ham xorijiy mamlakatlarning harbiy tuzilmalari, nokonuniy diniy tashkilotlar va terrorchi guruhlar tarkibiga aʼzo boʻlish taʼqiqlangan.
«Hadisi sharifda shunday marhamat qilinadi: Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisi sharifda Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam shunday deganlar: „Yaqinda fitnalar boʻladi. U paytda oʻtirgan turgandan yaxshidir, u paytda turgan yurgandan yaxshidir, u paytda yurgan yugurgandan yaxshidir. Kim fitnaga kirishsa halokat yoqasiga keladi, kim fitna payti panohgoh yoki saqlanadigan joy topsa u bilan saqlansin! (Imom Buxoriy rivoyati).
Xulosa qilib aytganda Islom dini ikki jamoa oʻrtasida urush boshlansa, ulardan biriga qoʻshilib, uni alangalatishga emas, balki tinchlikka erishishga chaqiradi. Shundan kelib chiqib, biz vatandoshlarimizni turli aldamchi targʻibotlarga uchmaslikka, fitnalardan yiroq boʻlishga daʼvat etamiz», deyiladi bayonotda.
Siyosat
Siyosat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Siyosat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q