O‘zbek tili va adabiyotini jahon miqyosida targ‘ib etish mavzusida xalqaro anjuman o‘tkazildi

Saqlash
00:53 / 28.10.2021 1147 0

O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi O‘zbek tili, adabiyoti va folklori institutida “O‘zbek tili va adabiyotini jahon miqyosida targ‘ib etish: natija va vazifalar” mavzusida xalqaro ilmiy-ma’rifiy anjuman bo‘lib o‘tdi.

Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, Yozuvchilar uyushmasi hamda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi bilan hamkorlikda o‘tkazilgan konferensiyada 14 nafar chet ellik, 69 nafar o‘zbekistonlik olim va tadqiqotchilar ishtirok etdi.

– Ushbu yirik ilmiy tadbir O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 26-martdagi “Ma’naviy-ma’rifiy ishlar tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida tashkil etildi, – deydi institut katta ilmiy xodimi Maqsud Asadov. – Anjuman yalpi majlisdan so‘ng o‘z ishini “Tilshunoslik”, “Adabiyotshunoslik”, “Folklorshunoslik” kabi uch sho’bada davom ettirdi.

Konferensiyada o‘zbek tilining tarixiy ildizlari, shakllanish va rivojlanish bosqichlari, leksik qatlamlarini ilmiy-tarixiy va tipologik aspektda, turkiy tilli xalqlarning o‘zbek tili va adabiyoti bilan bog‘liq va o‘xshash jihatlarini o‘rganish, Alisher Navoiy asarlari misolida o‘zbek mumtoz adabiyotining nazariy masalalari bilan tanishish, bugungi baxshichilik an’analari, baxshi-shoirlar ijodiyoti, dostonchilik merosi va folklor asarlarini tadqiq etish kabi yo‘nalishlarda ma’ruzalar tinglandi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//