Siyosat
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 20-sentyabr kuni Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon bilan telefon orqali muloqot qildi.
Ikki mamlakat yetakchilari yaqinda Tojikiston-Qirgʻiziston chegarasida roʻy bergan fojiali voqealar bilan bogʻliq masalalarni muhokama qildilar. Davlatimiz rahbari insonlar qurbon boʻlgani munosabati bilan chuqur hamdardlik bildirdi. Vaziyatni normallashtirish yuzasidan kelishuvga erishilgani mamnuniyat bilan qayd etildi.
Shanxay hamkorlik tashkiloti Samarqand sammitining asosiy yakunlari va uning doirasida oʻtkazilgan ikki tomonlama uchrashuv yuzasidan fikr almashildi.
Oliy darajadagi tadbirlar davomida qabul qilingan, eng avvalo, energetika, sanoat, qishloq xoʻjaligi va boshqa tarmoqlarda kooperatsiya loyihalarini tayyorlashni tezlashtirish va ilgari surish boʻyicha qarorlarni tez fursatda amalga oshirish muhimligi qayd etildi.
Shuningdek, shu kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qirgʻiz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarovning telefon orqali muloqoti boʻlib oʻtdi.
Davlat rahbarlari Qirgʻiziston-Tojikiston chegarasida yaqinda yuz bergan fojiali voqealar yuzasidan fikr almashdilar. Prezidentimiz qurbon boʻlganlarning oilalari va yaqinlariga chuqur hamdardlik bildirdi hamda vaziyatning avj olishini toʻxtatish boʻyicha ikki tomonlama kelishuvlarga erishilganini chin dildan olqishladi.
Oʻzbekiston va Qirgʻiziston yetakchilari Shanxay hamkorlik tashkiloti doirasida oʻtkazilgan tadbirlarning sermahsul yakunlarini muhokama qildilar.
Ustuvor yoʻnalishlardagi kooperatsiya loyihalari boʻyicha kelishuvlarni roʻyobga chiqarish, shu jumladan «Xitoy-Qirgʻiziston-Oʻzbekiston» temir yoʻlini qurish loyihasini ilgari surish muhimligi alohida taʼkidlandi.
Boʻlajak oliy darajadagi, shu jumladan mintaqaviy tuzilmalar doirasidagi uchrashuvlarga tayyorgarlikning borishi ham koʻrib chiqildi.
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Ilm-fan
Jamiyat
Sport
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q