Endi elchixonalar xorijda targʻibot kampaniyasi, xorijiy OAV va blogerlar uchun press-turlar tashkil etadi

Saqlash
22:11 / 19.09.2022 676 0

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida mamlakatimizning ichki va tashqi turizm salohiyatini yanada oshirish chora-tadbirlari yuzasidan videoselektor yigʻilishi davom etmoqda.

 

Bundan buyon viloyat, tuman va shahar hokimlari haftasiga bir marta turoperator, mehmonxona va dam olish maskanlari vakillari bilan uchrashib, ularning muammolarini hal qilib boradigan tizim joriy qilinadi.

 

Soʻnggi yillarda turizm sohasi oldidagi 11 ta katta muammolardan 6 tasi hal qilindi. Xususan:

 

1) Sayyohlarga viza berish keskin liberallashtirildi.

 

2) Aeroportlarda navbatlar va tekshirishlarga barham berildi, yashil yoʻlaklar qilindi, vokzallarda ham qulay sharoitlar yaratildi.

 

3) Mehmonlar elektron roʻyxatdan oʻtkaziladigan boʻldi, ular erkin harakatlanishi uchun hamma sharoitlar yaratildi.

 

4) Valyuta ayirboshlashga cheklovlar bekor qilindi.

 

5) Mehmon oʻrinlari soni 3 barobarga koʻpayib, 125 mingtaga yetdi (2017-yilda 37 mingta edi).

 

6) turistik korxonalar uchun ijtimoiy soliq va aylanma soliq stavkalari 1 foiz etib belgilandi, yer soligʻi va mol-mulk soliq stavkalari 90 foizga kamaytirildi.

 

Davlatimiz rahbari soha oldida turgan yana 6 ta katta masala yechimi boʻyicha navbatdagi vazifalarni belgilab bermoqda.

 

"Oʻtgan hafta Samarqandda yangi barpo etilgan Turistik markazda yirik xalqaro tarixiy tadbir – Shanxay hamkorlik tashkilotining Samarqand sammitini yuqori saviyada oʻtkazdik.

 

Bunda xalqimiz, davlatimiz yuksak madaniyati va bunyodkorlik salohiyatini yana bir bor namoyon etdi.

 

Shanxay hamkorlik tashkilotiga Oʻzbekiston raisligi va Samarqand sammiti doirasidagi keng koʻlamli ishlarimiz va tashabbuslarimizga xalqaro tashkilotlar, ishtirokchi davlatlar rahbarlari yuqori baho bergani barchamizga gʻurur bagʻishlaydi.

 

Samarqandda barpo etilgan yangi aeroport, 8 ta mehmonxona, kongress-xoll, park, boshqa koʻngilochar va dam olish majmualari – mamlakatimiz tarixida yangi turizm darvozasi va Yangi Oʻzbekistonning “tashrif qogʻozi”ga aylanishiga aminman", dedi Prezident.

 

Endi ularni ham oʻzimizning aholi, ham xorijiy sayyohlar uchun ishlatishimiz kerakligi taʼkidlandi.

 

Shu bois Tashqi ishlar vazirligiga:

 

- “Samarqand – Yangi Oʻzbekistonning turizm darvozasi” targʻibot kampaniyasini oʻtkazish;

 

- Samarqandga sayohlar oqimini oshirish boʻyicha “yoʻl xaritasi”ni tasdiqlash topshirildi.

 

Elchixonalar oldiga xorijiy mamlakatlarda targʻibot kampaniyasi, xorijiy ommaviy axborot vositalari, mashhur turistik blogerlar uchun press-turlar tashkil etish vazifasi qoʻyildi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//