Hokim va hokim oʻrinbosarlari faoliyati reytingi natijalari eʼlon qilindi

Saqlash
20:13 / 27.10.2021 952 0

Davlat xizmatini rivojlantirish agentligining argos.uz portalida hokim va hokim oʻrinbosarlari faoliyatining reyting natijalari eʼlon qilindi. Natijadorligi yuqori hududlar reytingida Navoiy hamda Xorazm viloyatlari yetakchilik qilmoqda. Eng quyi pogʻonani esa Surxondaryo viloyati egallagan.

 

Xabarga koʻra, endilikda reyting natijalari ochiq, Agentlikning argos.uz portali “Reyting” sahifasiga joylashtirildi va u quyidagi qismlardan iborat:

 

  • Natijadorligi yuqori hududlar;
  • Koʻrsatkichlari eng yuqori tuman (shahar)lar;
  • Hududlardagi koʻrsatkichlari eng quyi tuman (shahar)lar;
  • Hokim oʻrinbosarlarining EMSK boʻyicha reytingi;

 

Reyting natijalariga koʻra, hududlarda koʻrsatkichlari eng yuqori tumanlar (shaharlar) umumiy reytingida Qorovulbozor tumani (Buxoro), Yangibozor tumani (Xorazm), Shirin shahri (Sirdaryo), Gʻozgʻon shahri (Navoiy) va Mirobod tumani (Toshkent shahri) band qilgan. Eng quyi pogʻonalardan Qarshi shahri (Qashqadaryo) va Termiz tumani (Surxondaryo) joy olgan.

 

Hududlarda koʻrsatkichlari eng quyi tumanlar (shaharlar) boʻyicha umumiy reytingda Sariosiyo (Surxondaryo), Chiroqchi (Qashqadaryo), Boʻstonliq (Toshkent), Pasdargʻom (Samarqand) hamda Sayxunobod (Sirdaryo) tumanlari eng past natijani koʻrsatgan. 

 

Tuman (shahar) hokimlarining reytingida Qorovulbozor tumani (Buxoro), Yangibozor tumani (Xorazm), Shirin shahri (Sirdaryo), Gʻozgʻon shahri (Navoiy) va Mirobod tumani (Toshkent shahri) hokimlari yetakchiligini koʻrish mumkin. Quyi-20 talik reytingda esa roʻyxatdagi dastlabki oʻnta oʻrinning sakkiztasi Surxondaryo viloyati tumanlari hokimlariga nasib etgan.

 

Reyting natijalari 2021-yil iyun holatiga boʻlib, 3-chorak natijalari ham yaqin kunlarda eʼlon qilinishi maʼlum qilingan.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//