Muhabbat Sharapova


15:11 / 16.11.2021 4634 0

1949-yil 24-yanvarda Shahrisabz shahrida tug‘ilgan.

1971-yili Samarqand davlat universitetini tugatib, o‘zi tahsil olgan 5-maktabda o‘qituvchilik faoliyatini boshlagan.

1991-yili “O‘zbekiston xalq maorifi a’lochisi”,

1996-yili “Mehnat shuhrati” ordeni bilan taqdirlangan.

2000-yildan boshlab Qarshi 2-ixtisoslashtirilgan umumta’lim maktab-internatida pedagogik faoliyatini davom ettirgan.

2007-yili “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan xalq ta’limi xodimi”,

2016-yili “O‘zbekiston Qahramoni” unvoni bilan mukofotlangan.

 

Hayot – ishqning quyosh nurlari yanglig‘ tarqab ketgan tolalari. Kimning ishqi nimaga tushadi, qayerga tushadi – bu umr yo‘llariga qarasagina ko‘rinadi. Hademay yetmish ikki dovonini bosib o‘tayotgan Muhabbat opa Sharopovaga qarab, bu dovonlardan oson oshib o‘tilmaganligi­ni anglasa bo‘ladi.

– Otam ichki ishlar tizimida turli lavozimlarda ishla­ganlari uchun biz ham ko‘chib yurganmiz. Men Shahrisabzda, ukam Chiroqchi tumanida tug‘ilganmiz. Sakkiz nafar edik. Otam ko‘pincha ishda bo‘lganligi tufayli tarbiyamiz onam rahmat­lining chekiga tushgandi. Xonadonimizda non uzilib qolishi, kiyim-kechakdan qiynalishimiz mumkin edi. Ammo zinhor daftar-kitobimiz uzilmasdi. Juda qat’iy tartibda dars tay­yorlardik.

Muhabbat opaning ko‘zlari yoshlandi. Stol ustida hamisha globus turishi, uy devorida xarita osig‘lik bo‘lishi bu sakkiz nafar farzandni voyaga yetkazayotgan Halovat ayaning ilmga bo‘lgan ishqi edi. Sakkizinchi sinfgacha o‘qib, ro‘zg‘or tashvi­shiga andarmon bo‘lgan, oliy ma’lumot olib, o‘qituvchi bo‘lish­ni orzulab o‘tgan Halovat ayaning o‘z armonlari ifodasi edi. Bolalar moddiy zoriqishsa ham ma’naviy quvvatdan bebahra emasdi. Nihoyat, ona polaponlarini ilm sari uchirma qildi. Oilada agronom, injener, o‘qituvchi borligi uchun Muhabbat opa shifokor bo‘lishni niyat qilgandi. Ammo onasi matematika fani o‘qituvchisi bo‘lishini xohlagani uchun so‘zini ikki qila olmadi.

O‘qishni tugatib, Qarshi shahridagi 5-maktabda ish boshla­di. Tezda matematik sifatida tilga tushdi. O‘zi tanlamagan bo‘lsa ham o‘qituvchilik kasbiga yurakdan mehr qo‘ydi. Yigirma to‘qqiz yil bir maktabda ishladi.

Muhabbat Sharopova dars bergan maktab matematika bo‘yi­cha oldi safga o‘tdi, mashhur bo‘ldi. Viloyatning turli tumanla­ridan shu fanga qiziquvchi bolalar kelib opadan saboq olish­ga intilardi. Matematika faniga qiziqqan yoshlarga saboq berishning turli yo‘nalishlari xususida bosh qotira boshladi. Viloyatda birinchi bo‘lib bolalar uchun matematikadan qo‘llanmalar yozdi. 1995-1996 o‘quv yilida davlat test markazi e’lon qilgan “Matematika bo‘yicha test savollarining yechimlari”, “5-sinf uchun matematika darsiga ilova”, “7-sinf uchun geometriya fanidan o‘tkaziladigan noan’anaviy dars”, “Matematika chuqur o‘rgatiladigan sinflarda 9-va 11-sinf bitiruvchilari uchun matematikadan qo‘shimcha topshiriq materiallari” kabi o‘nlab qo‘llanma va risolalari dunyo yuzini ko‘rdi. Uning o‘quv­chilari 22 marta respublika olimpiadasida, 9 marta xalqaro tanlovlarda g‘olib bo‘lishdi.

Hayotining eng yorqin lahzalari haqi­da so‘z ketganda opa shunday deydi: “O‘zbe­kiston Qahramoni bo‘ldim. Ko‘z o‘ngimda bizni o‘qitish uchun farrosh bo‘lib ishlagan onam, mehribon otam, kasbimning zahma­tiga mardlarcha ko‘ngan va qo‘llagan tur­mush o‘rtog‘im, maktabdan qaytishimni qosh qorayguncha kutgan qizalog‘im gavdalandi. Hamkasblarim, shogirdlarim qutlovlari qalbimga shukuh berdi. Men, oddiy matematika o‘qituvchisi uchun bu hayajonli edi...”

Muallima yetmish yoshdan oshib ham el xizmatida, Xalq deputatlari viloyat Ken­gashi deputati sifatida jamiyat hayotida faol ishtirok etayotgan opaning yoshlarga sa­boq bo‘lsa arzirli g‘ayrati, shijoati bor.

O‘zbekiston Qahramonining har so‘zida hikmat, har odimida ibrat bor. Bu unvon huzuridan, halovatidan kechib, hayotini ta’lim tizimiga bag‘ishlagan o‘zbek ayoliga naqadar munosib. Qahramon qiz tarbiyala­gan Halovat ayaning ruhlari shod bo‘lsin. Bu­gun respublikamizning turli jabhalarida ishlayotganlar orasida opaning minglab shogirdlari bor.

O‘zini unutib, halovatsiz umr yo‘lini tanlagan O‘zbekiston Qahramoni Muhabbat Sharopovaning qalbidagi o‘t bu – ishq edi. Vatan ishqi edi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//