Qobil Moʻminov


15:07 / 02.07.2024 460 0

1951-yil 10-fevralda Qashqadaryo viloyati Muborak tumanida tugʻilgan.

1970-yili Muborak sanoat texnikumini tamomlagan.

1972-yili Muborak gazni qayta ishlash zavodida ish faoliyatini boshlagan. Keyingi 41-yil umri shu sehda oʻtgan.

1-chaqiriq Oʻzbekiston Oliy Majlisi deputatligiga saylangan.

2001-yili “Oʻzbekiston Qahramoni” unvoni bilan taqdirlangan.

2018-yilda vafot etgan.

 

Qobil Moʻminov Muborak gazni qayta ishlash zavodida ishlab yurgan vaqtlari edi. Bir kuni zavoddagi qurilmalarning birida murakkab detal ishdan chiqdi. Afsuski, ehtiyot qism yoʻq edi. Uni Rossiyadagi zavodlardan olib kelishga esa koʻp vaqt talab qilinardi. Qurilmaning shuncha vaqt toʻxtab turishi katta zarar, butun boshli zavodning ish marosimiga salbiy taʼsir koʻrsatadi. Shunda 10-mexanika taʼmirlash sehi boshligʻi Nail Xaliullin ishga kelganiga hali koʻp boʻlmagan, biroq nozik yumushlarni ham bir zumda bajarib ketadigan temirchi yigit Qobilning oldiga ishdan chiqqan detalni qoʻyib, uni yasash kerakligini aytdi.

 

– Yasasa boʻladi, – dedi Qobil biroz oʻylanib, detalni yana koʻzdan kechirib chiqqach, – biroq bunga ketadigan metall hozir ustaxonada yoʻq-da, Nail Hamidovich.

 

– Sen yasay olsang boʻldi, metalni men topaman, – dedi. Kerakli ashyolar bilan taʼminlangan usta Qobil bir kunda oʻsha zarur detalni yasab berdi. Mutaxassislarning eʼtiroficha, u yasagan detal aslidagidan ham sifatli chiqqan va uzoq muddat ishlagan ekan.

 

Usta Qobil Moʻminovning mahorati yildan yilga oshib, u yasagan ehtiyot qismlar, detallarning dovrugʻi nafaqat zavodda, balki uzoq-uzoqlardagi neft va gaz sanoati tizimlariga ham yetib borgandi. Hatto Astraxan, Orenburg va Tyumendagi turdosh korxonalar ham usta Qobil yasagan detallarga buyurtmalar berishar, oʻz mutaxassislarini mahoratli temirchi ustadan ish oʻrganish uchun Muborakka joʻnatishardi.

Oʻshanday kunlarning birida seh boshligʻi Nail Xaliullin idoradan sehga ogʻzi qulogʻida kirib keldi:

 

– Qobil, sen yasagan detallar Astraxanda juda yaxshi baho olibdi. Ittifoq gaz sanoati ministrining oʻzi seni koʻrgani kelarkan.

 

Usta Qobil hang-mang boʻlib qoldi. Toʻgʻri-da, kimsan, ministr uni yoʻqlab kelishi yetti uxlab tushiga ham kirmagan boʻlsa...

 

– E, hazillashmang, Nail Hamidovich.

 

– Mana, koʻrasan-da.

 

– Ha, kelsa koʻraveramiz, – dedi usta Qobil ishonib ishonmay Oradan hech qancha oʻtmay ministr kelibdi, degan xabar butun zavod boʻylab tarqaldi.

 

Usta Qobil ishlayotgan sehga ministr hudud rahbarlari, gaz sanoati mutasaddilari qurshovida kirib keldi.

 

– Mana shu yigit siz soʻragan temirchi Qobil Moʻminov. – Arudjevga tanishtiradi zavod direktori Shevkin.

 

– O, fransuzlarni qoyil qilgan temirchi senmisan? – deydi ministr uning ulkan, serqadoq va oʻzi yasagan detallari kabi qattiq panjalarini siqar ekan. – Astraxanda Fransiyadan olib kelingan separator ishdan chiqdi, – deydi Arudjev atrofidagilarga qarab. – Oʻzimizning zavodlarda ishlab chiqarilgan detallarni esa fransuz mutaxassislari brakka chiqarib, Fransiyadagi zavoddan ehtiyot qism yetib kelmaguncha separatorni toʻxtatib qoʻyishni aytdilar. Oʻsha zavodning bosh mexanigi. Muborakdagi zavodda bir temirchi bor, u bunaqa narsalarni koʻzini yumib yasaydi, deb qoldi. Men uni shartta Muborakka joʻnatdim. Ikki kunda detalni tayyorlatib olib bordi. Fransuzlar bu detalni sinab koʻrib qoyil qolishdi. Hatto aslidan ham zoʻr, deyishdi.

 

Ministrning bu eʼtirofidan keyin atrofdagilar beixtiyor chapak chalib yuborishdi.

 

Har kimning taqdiri peshonasiga bitib qoʻyilgan, deyishadi xalq orasida. Qobilning peshonasiga temirchilik kasbi orqali elda obroʻ qozonish bitilgan ekan.

 

Shunday qilib, Qobil Moʻminovning qirq yildan ortiq umri shu sehda oʻtdi.

 

Oʻzining halol mehnati bilan obroʻ va eʼtibor topgan Qobil Moʻminov oʻz vaqtida qator ordenu mukofotlar bilan taqdirlangan boʻlsa, yurtimiz oʻz erkini qoʻlga kiritganidan keyin ustaning mehnati tom maʼnoda qadrini topdi, desak yanglishmagan boʻlamiz. U mustaqillikning dastlabki yillarida “Shuhrat” medali bilan mukofotlandi. Saylovchilar unga katta ishonch bildirib, Oʻzbekiston Oliy Majlisi deputatligiga saylashdi.

 

Samimiy, ochiqkoʻngil inson, qoʻli gul temirchi usta Qobil Moʻminov Muborak gazni qayta ishlash zavodidagi uzoq yillik faoliyati davomida temirchilikda oʻziga xos maktab yaratdi. Qoʻliga temirchilik bolgʻasini tutqazib, kasb sirlarini oʻrgatgan shogirdlari bugun katta usta maqomida. Husan Mamatov, Samad Eshdavlatov, Qahhor Ahmedov, Sultonmurod Temirov, Roʻzimurot Oripov, Mansur Qoʻldoshev kabi koʻplab temirchilar Usta Qobilning shogirdlari ekanliklarini gʻurur va iftixor bilan tilga oladilar.

 

Qobil Moʻminov mamlakatimiz neft-gaz sanoatini rivojlantirish borasida samarali mehnat qilgan tajribali va malakali usta temirchi, sanoat xodimi sifatida xalqimiz xotirasida yashamoqda.

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//