Yursinboy Joʻrayev


17:07 / 01.07.2024 484 0

1944-yil 10-aprelda Fargʻona viloyati Oltiariq tumanida tugʻilgan.

Fayziobod qishlogʻidagi xoʻjalikda brigada boshligʻi, ijarachi, pudratchi sifatida paxtakorlikda ulkan yutuqlarni qoʻlga kiritgan.

2000-yili “Oʻzbekiston Qahramoni” faxriy unvoni berilgan.

2014-yilda vafot etgan.

 

Yursinboy onadan erta yetim qolgani uchun otasi uni yeru koʻkka ishonmasdi. Kichkina bola ham otasi izidan bepoyon, bagʻri keng dalalarga oshiqaverardi. Bir kuni dala shiyponida katta bayram boʻlib qoldi. Yursinboy biroz hayiqadigan, doimo qovogʻini solib yuradigan brigada yetakchisi Toʻtixon opani hamma qutlardi. Oʻshanda Toʻtixon opa Yursinboyning boshini silab: “Mana shu dalaboy yigitdan endi boshqacha qahramonlar chiqadi” deganini elas-elas xotirlaydi. Oltiariqning Fayziobodini “Qahramonlar qishlogʻi” deyishadi. Bu moʻjaz qishloqning chinakam mexnatsevar, yersevar, elsevarlar vatani ekanidan darak.

 

Yursinboy oʻrta maktabni bitirib, Qahramon opa brigadasiga ishga keldi. Otasiga esh-qoʻsh boʻlib dalalarga suv taradi. Gʻoʻzani ardoqlashni, sevishni, eʼzozlashni oʻrgandi, u bilan tillashgani sayin mehri ortdi. Keyin Yursinboyga tabelchilikni topshirishdi. Yosh yigit bu ishni yaxshi bajardi. Toʻtixon opa nafaqaga uzatilayotganda, aʼzolar oʻzlariga Yursinboyni boshliqlikka saylashdi. Shundan boshlab Yursinboy Joʻrayev qirq yil aʼzolari bilan paxta oʻstirdi, ishlariga yarasha daromad topishdi.

 

Qoʻshni Vodil, Toshloq taraflarda. Markaziy Fargonada Yursinboy aka brigadasi yerlarini negadir “Oʻzbek dala” deyishadi. Ehtimol, bu joy odamlarining mehnatga, elu yurtga, kadriyat va urf-odatlarga asl oʻzbekona munosabati shunday nom qoʻyilishiga sabab boʻlgandir.

 

Yursinboy Ergashevga “Oʻzbekiston Qahramoni” unvoni berilgani haqidagi xabardan qishloqda toʻy boshlanib ketdi. Uni muborakbod etgani qoʻshni jamoadan kelganlar guldasta tutqazishdi. Umri davomida mehnatdan boshqasini bilmagan zabardast qoʻllar gulga qovushmasdi, iymanib faqat qulluq qilardi. Shu payt dala shiyponi yonidagi paxtazorga suv urib ketdi Hozirgina gulga “yopishmay” turgan qoʻllar ketmon dastasini shundoq ushladiki, goʻyoki sopining qovurgʻalari qisirlaganday boʻldi, ikki ketmon zarbidan soʻng suv boshqa ariqqa yoʻnaldi. Yursinboy aka brigadasida mehnat qilish har bir fayziobodlik uchun iftixor boʻldi. Bu yerda faqat mehnat intizomi qatʼiy boʻlmay, har bir aʼzo inson sifatida eʼzozlandi hayoti, sogʻligi, turmushi, muammolari bilan bogʻliq masalalar birinchi navbatda mana shu yerda hal qilindi. Shuning uchun boʻlsa kerak, jamoada mehnat qilayotganlar boshqa joyni orzu qilmadilar. Brigadada oʻziga xos sulolalar shajarasi vujudga keldi. Toʻliq ijara asosida mehnat qilish tashabbusini boshlab, Yursinboy aka 58 gektar maydonni beshta ijarachiga shartnoma asosida boʻlib berdi. Bosh pudratchi, yaʼni oʻzi paxta zavodi bilan shartnoma imzoladi. Boshqaruvning bu yangicha usuli hammaga maʼqul keldi. Chunki ilgarigiday qozon bitta emas. Sarf-xarajatlarini ijarachilar oʻzi nazorat qiladi. Pirovard natijada hamma narsa tannarxga borib taqalishini yaxshi bilib olishdi. Ijarachilar shartnoma rejalarini bajarish boʻyicha emas, balki shartnomadan tashqari qancha koʻp mahsulot yetishtirish yuzasidan musobaqalashgani katta samara berdi, chunki rejadan ortiq yetishtirilgan mahsulot ijarachining oʻz izmida boʻladi. Bu borada yaxshi tajriba toʻpladi, yildan yilga yutuqlar salmogʻi ortdi. Aytaylik, don topshirish rejasi 120 foizga bajarilgan yilda gʻallakorlar mehnatidan paxtachilikda mashgʻullar ham bahramand boʻlishdi. Aʼzolarning har biri 2–3 tonnadan bugʻdoyni roʻzgʻorlariga gʻamlab olishdi. Ilgari tomorqasidagi ekinlariga ishlov bergandan soʻng dalaga chiqqan aʼzolar endi avval daladagi paxta, gʻalla mehnatini oʻrinlatib qoʻyib, soʻng tomorqasiga qaraydigan boʻldi.

 

Yursinboy aka bekor yurgan oʻspirinlarni darhol dalasiga olib kelib, oʻz taʼbiri bilan aytganda, “mehnatga yotqizardi”. “Bu yerda biroz mehnatga koʻniksa, keyin oʻz yoʻlini topaveradi”. Hozir yaqin-atrofdagi korxonalarda mehnat qilayotgan koʻplab yoshlar ilk hayot sabogʻini shu kuyunchak insondan oʻrganishgan.

 

Oʻzbekiston Qahramoni Yursinboy Ergashevning hayoti, faoliyati xalqu Vataniga sidqidildan mehnat qilishning ibrat maktabi boʻlib qoldi. Oʻgʻli Mehrojiddin Markaziy Fargʻonaning Qiziltepa massividagi pudratchi zvenoga yetakchi, qizlari va kelinlari ham choʻlda mehnat qilishni afzal bilishdi. Bir paytlar Yursinboy aka atak-chechak nabirasi Dilshodbekni “oʻzbek dala”ga yetaklab kelgandi. Yillar oʻtib, Qahramon norgʻul Dilshodning harakatlariga boqib, qadrdon dalalari ishonchli qoʻllarda ekanidan koʻzlari chaqnab ketgandi. Insondan yaxshi nom, ezgu ishlarini davom ettiradigan zurriyotu shogirdlar qolsa, demak, hayot bogʻiga ekkan daraxtlari meva beryapti.

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//