Islom Bobojonov


10:07 / 09.07.2024 587 0

1957-yil 9-aprelda Xorazm viloyati Xonqa tumanida tavallud topgan.

1979-yili Toshkent toʻqimachilik va yengil sanoat institutini, 2000-yili Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti magistraturasini tugallagan.

1998-1999-yillarda qishloq va suv xoʻjaligi vaziri lavozimida ishlagan.

1999-yili “Mehnat shuhrati” ordeni bilan taqdirlangan.

1999-2008-yillarda Xorazm viloyati hokimi boʻlgan.

2002-yili “Oʻzbekiston Qahramoni” unvoni berilgan.

 

Islom yoshligidan toʻqimachilik sanoatiga qiziqdi. Chunki uning otasi Alimboy Bobojonov koʻp yillar Xorazm toʻqimachilik fabrikasida masʼul vazifalarni bajarib kelardi. Shundanmi, Islom Bobojonov maktabni bitirib, Toshkent toʻqimachilik va yengil sanoat institutiga oʻqishga kirdi. Keyinchalik esa Toshkent davlat iqtisodiyot universitetining magistraturasini tugalladi.

 

Dastlabki mehnat faoliyatini 1979-1984-yillarda Xorazm viloyati paxta tayyorlash zavodida smena boshligʻi, texnika xavfsizligi muhandisi lavozimlarida boshladi. Intiluvchan gʻayratli, qatʼiyatli yigit 1984-1985-yillarda Xorazm viloyati paxta tayyorlash va uni qayta ishlash birlashmasi katta muhandisi darajasiga koʻtarildi. 1985-1986-yillari Xonqa paxta tozalash zavodi bosh muhandisi, 1986-1996-yillarda tuman paxta tozalash hissadorlik jamiyati raisi vazifasini bajardi.

 

Islom Bobojonov tashkilotchiligi, tashabbuskorligi vaqtdan imkon qadar samarali foydalanishga intilishi bilan ham eʼtibor qozondi, u 1996-1997-yillarda Xonqa tumani hokimi boʻldi. 1997-1998-yillarda esa Oʻzbekiston Respublikasi qishloq va suv xoʻjaligi vazirining birinchi oʻrinbosari, 1998-1999-yillarda Qishloq va suv xoʻjaligi vaziri sifatida respublikada qishloq xoʻjaligini rivojlantirishga samarali hissa qoʻshdi. Bu mehnatlari uchun Islom Bobojonov “Mehnat shuhrati” ordeni bilan taqdirlandi.

 

1999-2008-yillarda Islom Bobojonov nihoyatda masʼuliyatli lavozim Xorazm viloyati hokimi vazifasida faoliyat olib bordi.

Islom Bobojonovning Xorazm viloyatiga hokimlik davri mamlakatimiz va umuman mintaqamizdagi ijtimoiy-siyosiy jarayonlarning ogʻir va murakkab bir davriga toʻgʻri keldi. Bozor iqtisodiyotiga oʻtish jarayonidagi qator muammolarga yechim topish har qanday rahbar, jumladan, Islom Bobojonov uchun ham jiddiy sinov edi. Muhimi, u oʻziga bildirilgan ishonchni bilimdonlik, mulohazakorlik, ilgʻor tajribalardan ibrat olish, odamlar qalbiga yoʻl topib ularni anglash, zamon bilan hamqadam, hamnafas boʻlish bilan oqladi. Ayniqsa, uning oʻzi va oʻzgalarning vaqtini qadrlashi, belgilangan ish va tadbirlarning muddatida boshlanishi, bajarilishi uchun barchaga birdek talabchanligi hammaga ibrat edi. Islom Bobojonovning rahbarlik yillarida viloyat ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan rivojlandi, keng koʻlamdagi qurilish ishlari amalga oshirildi: viloyat va tumanlar markazlari koʻkalamzorlashtirildi, obodonchilik ishlariga alohida eʼtibor qaratildi.

 

Maʼmun akademiyasining 1000-yilligi munosabati bilan Xiva shahrida Maʼmun akademiyasi qayta tashkil etilib, uning xiyoboni barpo etilishida. Amudaryo ustidan Xorazm viloyati bilan Qoraqalpogʻiston Respublikasini bogʻlovchi temir yoʻl hamda avtomobil koʻprigi qurilib ishga tushirilishida Islom Bobojonovning ham xizmatlari bor. Oʻsha davrda Urganch xalqaro aeroporti va temir yoʻl vokzallari zamonaviy talablar asosida taʼmirlandi; obod va keng yoʻllar koʻpaydi bu yangilanishlarda viloyatning mehnatkash ahli, bunyodkor quruvchilar oʻzgacha gʻayrat-shijoat bilan ishtirok etdilar.

 

Bu davrda viloyat qishloq xoʻjaligida agrotexnik tadbirlar vaqtida va sifatli amalga oshirilgani, mavjud qishloq xoʻjaligi texnikalarini mavsumga tayyorlash, soz holatga keltirish va ulardan unumli foydalanish natijasida viloyatda paxta va gʻalla hosildorligi yuksaldi.

 

– Islom Bobojonov hamisha odamlarga yuksak madaniyat, odob, eʼtiborlilik bilan, barchaga birdek hurmat koʻrsatib muomala qiladi, – deydi Respublikada xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi Gavhar Ibodullayeva. – Oʻsha davrda qurib borayotgan Orol dengizi atrofidagi mintaqada joylashgan bizning Xorazm viloyatida ham ekologik vaziyat yaxshi emasdi, bu holat aholining salomatligiga jiddiy salbiy taʼsir koʻrsatardi. Onalar va bolalar oʻlimi koʻrsatkichi ancha yuqori edi. Shu sababli Islom Bobojonov viloyat markaziy va bolalar shifoxonalari, tumanlar markaziy shifoxonalarini taʼmirlashga, ularni zaruriy jihozlar bilan taʼminlashga alohida eʼtibor qaratdi. Skrining markazlari ochildi. Islom Bobojonov ayni shu mehnatlari sharofatidan mamlakatimizning Eng oliy mukofoti – “Oʻzbekiston Qahramoni” unvoniga sazovor boʻldi.

 

Islom Bobojonov 2012-yildan 2016-yilga qadar Respublika paxtachilik ilmiy markazi direktori oʻrinbosari, 2016-2018-yillarda Jizzax viloyati Zarbdor tumani hokimi lavozimlarida ishladi.

 

U Vatan, xalq zimmasiga ishonch bilan topshirgan vazifalarni bajarishga bilimi, kuch-quvvati, mehr-muhabbatini sidqidildan sarflagan insonlar qatorida eʼzoz, hurmat qozondi.

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//