Toʻlqin Ibragimov


17:07 / 05.07.2024 476 0

1952-yil 4-iyulda Toshkent viloyati Chirchiq shahrida tugʻilgan.

1972-yili harbiy xizmatni tugatib, mehnat faoliyatini Oʻrta Osiyo temir yoʻli “Toshkent” teplovoz zavodida chilangarlikdan boshladi.

40-yil davomida shu joyda mehnat qilib, teplovoz deposining 1-toifali mashinisti darajasigacha koʻtarildi.

2004-yili “Oʻzbekiston Qahramoni” unvoniga sazovor boʻldi.

 

Chirchiq shahri respublikamizning eng goʻzal goʻshalaridan biri. Qish oylari sirli ertaklar shahriga aylanadigan bu goʻzal maskan qolgan uch faslda dam oluvchilarni oʻziga ohanrabodek tortib turadi. Ulkan shaharlar shovqinidan charchagan aholi hamisha Chirchiqqa qarab intiladi. Chirchiq daryosining soʻlim sohilida qad rostlagan bu goʻshani “Sportchilar shahri” deb ham atashadi.

 

Toza havoli, koʻplab sport majmualarini oʻz ichiga olgan bu joyning aholisi sogʻlom turmush tarzida hayot kechiradilar. Shunday sogʻlom, baquvvat oilalardan biri Oʻzbekiston Qahramoni Toʻlqin aka Ibragimovning oilasidir.

 

Toʻlqin aka yoshligidan shahar chetidan oʻtadigan poyezdlarga hayrat bilan qarar edi. Oʻrta maktabni bitirgach, yigitlik burchini oʻtash uchun harbiy xizmatga borib keldi. Xizmatdan qaytib, shahardagi “Teplovoz mashinisti yordamchisi vazifasiga tayyorlov” oʻquv kursini tugatib, Oʻrta Osiyo temir yoʻllari “Toshkent” deposi chilangari boʻlib ish boshladi. 1975-yilda esa kasb mahoratini oshirish uchun Temiryoʻl texnika maktabining 8 oylik “Teplovoz mashinisti vazifasiga tayyorlov” oʻquv kursini tugatdi va Oʻrta Osiyo temiryoʻllari “Oʻzbekiston” lokomotiv deposi teplovoz mashinisti yordamchisi, keyinchalik esa mashinist boʻlib ishladi.

 

Toʻlqin aka ota-onasi Yulchiboy ota va Mehriniso ayalarning duosini olgan farzand. U oilada toʻngʻich oʻgʻil. Otasi unga dastlabki ish boshlagan kunidan: “Oʻgʻlim, mashinistlik ogʻir va sharafli ish. Yoʻl halollikni yoqtiradi. Ichkilikka berilgan. maishatboz odam bu kasbda ishlay olmaydi. Teplovoz mashinistining dorda langar tutib ketayotgan dorbozdan farqi yoʻq. Sal ogʻishsang, oʻzing ham, orqadagi tonna-tonna xalq boyligi ham falokatga yuz tutadi. Bu vagonlarda qancha-qancha odamlarning mehnati, bilimi, umri, rizq-roʻzi bor. Bu shunday murakkab kasb. Bu yerda faqat qoʻli toza, hushyor odamlar ishlaydi, xolos”, degan edilar.

 

Yillar Toʻlqin akaning tajribasini oshira bordi. U uylandi. Oilali boʻldi, ikki oʻgʻil, bir qizning otasiga aylandi. “Ot izini toy bosar”, deganlaridek, oʻgʻillari ham uning izidan ketishdi. Ammo ular mustaqil yurt farzandlari sifatida marrani ancha baland olishdi. Oliy oʻquv yurtlarini tamomlab, malakali zamonaviy xodimlar boʻlib yetishishdi. Xozirda nabiralar ham oila quvonchini oshirmoqda, ularning qulogʻiga ham teplovoz ovozi qadrdon boʻlsa, ajab emas. Ularning sevikli bobosi esa shajarasi bardavom boʻlishini, qaysidir avlodi poʻlat izlarda teplovozlarni shamoldek yeldirib yurishini juda-juda xohlaydi.

 

Mehnati munosib eʼtirof etildi – Toʻlqin Ibragimov “Faxriy temiryoʻlchi” unvoniga ega boʻldi. U endi yosh mutaxassislar, amaliyot oʻtovchilarga oʻzining maslahatlari bilan koʻmakdosh, yoshlar bilan erinmasdan davra suhbatlari oʻtkazadi, koʻrgan-kechirganlari asosida saboqlar beradi.

 

Jamiyatimiz boyliklari, barcha qadriyatlar hazrati inson qoʻli bilan yaratiladi. Ana shu xazina respublikamiz iqtisodining asosini tashkil qiladi. Bir umr halol mehnat nonini yegan Toʻlqin akaning el ichida obroʻyi baland. U “Oʻzbekiston Qahramoni” unvoni bilan taqdirlandi. Bunday yuksak martaba unga kutilmagan quvonch boʻldi. Necha ming chaqirim yoʻllarning tanobini tortib, masʼuliyatli joyda tunlarni bedor oʻtkazib, halol rizq topib, el-yurtga xizmat qilishni oʻylagan edi. Mehnat qilgan odam xor boʻlmasligini yurakdan sezardi. Ammo hech narsadan tama qilmagan, davralarning toʻrida oʻtirmagan boʻlsa ham ogʻrinmagandi. Hayotda haqiqat ustuvor ekan, oliy farmonni eshitib, quloqlariga ishonmadi. Aslida, bu haqiqat edi, uzoq yillik fidokorona mehnat oʻz qadrini topgan, yuqori darajada eʼtirof etilgandi. Shunday boʻlishi ham tabiiy edi-da, axir u kelajagi porloq ozod va obod yurtda mehnat qilayapti.

 

Toʻlqin Ibragimov hozir nafaqada boʻlsa ham sharafli yumushlarni ado etmoqda. Respublika, viloyat va shahar miqyosidagi tadbirlarda faol qatnashib, yosh avlod tarbiyasiga munosib hissa qoʻshib kelmoqda.

 

Oʻzbekistonda yashayotgan insofli, diyonatli, sabr-bardoshli va qanoatli insonlar yurtning chinorlari hisoblanadi. Ular xuddi Toʻlqin aka kabi bor mehr-muhabbatini shu yurtga baxshida etadilar. Bunday odamlarga havas qilsa arziydi. Ularni eʼzozlash, ularga havas qilib yashash kerak.

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//