Anor Mahmudova


09:07 / 03.07.2024 414 0

1942-yil 2-mayda Xorazm viloyati Gurlan tumanida tugʻilgan.

1959–1964-yillarda Xorazm davlat pedagogika instituti fizika-matematika fakultetida oʻqigan.

1986-yildan hozirgi kungacha Gurlan shahridagi 5-maktab direktori vazifasida ishlamoqda.

1994-yilda “Mehnat shuhrati” ordeni,

2004-yili “Oʻzbekiston Qahramoni” unvoni bilan mukofotlangan.

 

Gurlan tumanidagi 1-maktabni “Oltin medal” bilan bitirgan Anor Mahmudova institutni ham imtiyozli diplom bilan tugatadi. Va oʻzi oʻqigan maktabda, mehribon ustozlari bagʻrida pedagogik faoliyatini boshladi. Yosh muallimaning bilimi, intilishlari, bolalarga taʼlim-tarbiya berishdagi mehru mahorati tez koʻzga tashlandi. 1966–1972-yillarda u maktab direktorining tarbiyaviy hamda oʻquv ishlari boʻyicha oʻrinbosari boʻldi: 1982-yili tumanda texnika bilim yurti tashkil qilinib, unga direktorlik vazifasi topshirildi. 1984-yilda Gurlan tuman xalq taʼlimi boʻlimiga mudira qilib tayinlandi.

 

Anor Mahmudova qalbida bevosita bolalar bilan ishlash, ularning iqtidorini aniqlab rivojlantirish, yosh avlodni hayotda mustahkam oʻrnini topib yashaydigan insonlar qilib tarbiyalash va ularga turmushda har daqiqa kerak boʻladigan matematika fanini oʻrgatishning zavqi, ohanrabosi boshqacha edi. 1986-yilda uning iltimoslarini inobatga olib, tumanda yangi tashkil qilingan 6 (hozirgi 5)-umumiy oʻrta taʼlim maktabiga direktor vazifasiga oʻtkazdilar. Qahramon hozirgi kungacha shu yerda faoliyat koʻrsatib kelmoqda.

 

Direktor maktabda ijtimoiy-maʼnaviy muhitdan kelib chiqqan holda, dastlab tarbiyaviy ishlarni kuchaytirdi. Taʼlim-tarbiyani ota-onalar bilan hamkorlikda olib borish jarayonida har bir oʻquvchining oilaviy sharoiti yaxshi oʻrganildi Maktabda sport ishlari, musiqa oʻqitilishi, kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish boʻyicha mashgʻulotlar keng yoʻlga qoʻyildi. Ota-onalar, oʻqituvchi va oʻquvchilar bilan oʻzaro munosabatda madaniyatli, mehribon, doʻstona muhit shakllanishiga yordam beradigan tadbirlar oʻtkazish anʼanaga aylandi. Fan toʻgaraklari soatlari oʻquvchilarning bilimga qiziqishini orttiradigan, bilganlarini mustahkamlab, kengaytiradigan mashgʻulotlarga aylandi. Bu ezgu harakat-izlanishlarning samarasi sifatida maktab oʻquvchilari orasidan fan olimpiadalari gʻoliblari, sport turlari, musiqa, tasviriy sanʼat boʻyicha viloyat hamda respublika sovrindorlari ketma-ket yetishib chiqdi.

 

Anor Mahmudova doim zamon bilan hamnafas yashaydi. Yurtimiz mustaqillikka erishib, Oʻzbekiston jahon mamlakatlari safida oʻz qadri, qaddini tiklay boshlagan kunlardan direktor oʻquvchilarining chet tili boʻyicha bilimlarini oshirishga mustahkam bel bogʻladi. 1996–2004-yillarda Oʻzbekistondagi “Tinchlik korpusi” bilan hamkorlikda maktabda 4 nafar amerikalik koʻngillilar oʻzbek oʻquvchilariga ingliz tilidan saboq berdilar.

 

Ayni kunda maktabda faoliyat koʻrsatayotgan oliy va 1-toifali ingliz tili oʻqituvchilari Shahlo Matniyozova, Dilfuza Sotimova, Nilufar Allaberganova oʻsha davrda amerikalik koʻngillilardan saboq olib bu tilga ixlos qoʻygan pedagoglardir.

 

Anor Mahmudovaning 2001-yilda yozgan “Milliy istiqlol Royasini ongimizga singdirib, qalbimizga payvand qilamiz” nomli risolasi viloyat ijodkor oʻqituvchilari tanlovida 1-oʻrinni olgan.

 

2002-yildan boshlab maktabning 8–9-sinflarida informatika fani oʻqitilayotgan boʻlsa-da, Anor Mahmudova boshlangʻich sinflarning iqtidorli oʻquvchilariga ayni fandan toʻgarak mashgʻulotlari oʻta boshladi. Natijada matematika-informatika fani oʻqituvchisi Muhabbat Habibullayeva rahbarligida oʻquvchilar toʻrt yil davomida “Kompyuter savodxonligi” buyicha respublikada 1-oʻrin sohiblari boʻldilar. Anor Mahmudova oʻquvchilari bilan 2004–2008-yillarda yaratgan “Oddiy kasrlarni oʻrganamiz” nomli elektron darslik yuqori baholandi va 2008-yil 8-oktyabridan Xalq taʼlimi vazirligining Axborot taʼlim portaliga joylashtirildi.

 

Tajribali pedagog faoliyati davrida koʻplab halol, ishchan, kasbiga masʼuliyatli va sadoqatli shogirdlar tarbiyaladi. Ular orasida elu yurt ishonchini oqlab, dong taratib mehnat qilayotgan oilaparvar, vatanparvar turli kasb egalari, fan nomzodlari, fan doktorlari koʻp.

 

Anor Mahmudova juda halol, jonkuyar, mehri daryo, qalbi munavvar ustoz. Hozirda ham maktab jamoasining sevimli va mehribon, ayni paytda talabchan rahbari: oʻqituvchilaru oʻquvchilar uni ham rahbar sifatida, ham onasidek hurmat qiladilar, ardoqlaydilar.

 

Anor Mahmudova oʻz sinfdoshi Azamat Habibullayev bilan hayot yoʻlini bogʻlaganiga 56-yil boʻldi. Ularning 4 farzandi, 16 nafar nevara-chevarasi bor. 2 oʻgʻli texnika fanlari nomzodi, 2 qizi matematika fani oʻqituvchilari, 6 nafar nevara magistraturani aʼlo baholarga, 1 nafari Prezident stipendiyasi sovrindori boʻlib tugatgan. Qolgan nevaralari ham turli oliy oʻquv yurtlari talabalari.

 

Anor Mahmudova 2004-yili “Oʻzbekiston Qahramoni” unvoni bilan mukofotlangan. “Vatan, xalqqa sidqidildan xizmat qilish burchimiz”, – deydi qatʼiyat bilan Anor opa.

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//