1932-yili 20-fevralda Toshkent shahrida tug‘ilgan.
1947–1952-yillarda O‘rta Osiyo davlat universitetining sharq fakultetida ta’lim oldi.
20 dan ortiq kitob va risolalar, yuzlab ilmiy maqolalar muallifi.
1992-yilda “Beruniy” nomidagi davlat mukofoti,
1999-yilda “El-yurt hurmati” ordeni,
2008-yilda “Buyuk xizmatlari uchun” ordeni,
2015-yilda “O‘zbekiston Qahramoni” unvoni bilan taqdirlangan.
2018-yilda vafot etgan.
Suyima G‘aniyeva mumtoz adabiyotimizni o‘rganish va targ‘ib etishga oid ilmiy tadqiqotlari orqali, shuningdek, ko‘plab shogirdlar yetishtirgan yetuk olima, mehribon ustoz sifatida nafaqat vatanimizda, chet davlatlarda ham mashhur.
Olimaning mumtoz she’riyatning zukko bilimdoni bo‘lib shakllanishida u kamol topgan oilaning ta’siri katta bo‘ldi. Otasi G‘anijon Tursunov adabiyot va san’at shaydosi, onasi hazrat Navoiy, Mashrab ijodini mukammal bilgan ma’rifatli Soraxon aya Suyima G‘aniyevaning intilishlariga katta e’tibor bilan qaradilar. Tirishqoq va zukko Suyima 1946-yili o‘rta maktabni bitirgach, O‘rta Osiyo davlat universiteti sharq fakultetida eron-afg‘on filologiyasi ixtisosligi bo‘yicha ta’lim oldi. 1953-1956-yillarda Leningrad davlat universiteti sharq fakulteti aspiranturasida o‘qib, 1956-yili “Majolis un-nafois”ning III va IV majlislari ilmiy-tanqidiy matni va adabiy tahlili” mavzuida nomzodlik dissertatsiyasini himoya qildi.
Hazrat Navoiyning ijodi va hayot yo‘li O.Sharofiddinov, Y.Bertels va S.Ayniylarning bundan ancha ilgari bosilgan monografiyalarida ma’lum darajada atroflicha o‘rganib yoritilgan edi. Olimaning dastlabki “Alisher Navoiy” kitobi bulardan farqli o‘laroq, Navoiyning sermashaqqat hayot yo‘li, izlanishlari, adabiy-ilmiy hamda davlat va jamoat arbobi sifatidagi faoliyatining ommabop uslubda bayon etilishi, yangi manbalardan foydalanilganligi bilan ajralib turadi.
Suyima G‘anieva 1956–1959-yillarda O‘z FA Til va adabiyot institutida kichik ilmiy xodim, ilmiy kotib, katta ilmiy xodim lavozimlarida ishladi. Shu yillarda u “O‘zbek adabiyoti tarixi” (15 jildli), “Istoriya uzbekskoy literaturы” (2 jildli), Navoiyning nasriy asarlari (13 asar) va nazmda yozilgan 3 asarining nashr etilishida faol ishtirok etdi.
Uning Alisher Navoiy hazratlarining dastxatini Tehronning “Hoki Guliston” nomli muzey fondidan Vatanimizga keltirgani millatimiz, adabiyotimiz ravnaqi yo‘lida qilingan ezgu ishlardan, muhim yutuqlarimizdan biri bo‘ldi. Rossiya, Chexoslovakiya, Eron, Turkiya, Xitoy davlatlarida bo‘lgan xalqaro anjumanlarda qilgan ma’ruzalari dunyo ilm ahli tomonidan katta qiziqish va e’tibor bilan e’tirof etilgan.
S.G‘aniyeva adabiyotshunos, sharqshunos, tarjimon, manbashunos va matnshunos olima sifatida 20 dan ortiq kitob va risolalardan tashqari, turli to‘plam, jurnallarda 120 dan ortiq maqolalar hamda so‘zboshilar, vaqtli matbuotda 300 ga yaqin maqola va taqrizlar e’lon qildi. Navoiyning nasriy asarlari, jumladan, “Majolis un-nafois”ni tadqiq etishga kirishgan olima izlanishlarini asosan qo‘lyozma manbalarga asoslanib olib bordi.
1970-yildan O‘zbekiston davlat konservatoriyasida, 1990-yildan Toshkent davlat sharqshunoslik institutida faoliyat yuritdi.
1991–1996-yillarda O‘zbekiston Milliy universiteti o‘zbek filologiyasi fakultetida hazrat Navoiy ijodidan maxsus ma’ruzalar o‘qidi. Olimaning har bir darsini inson ma’naviyati, madaniyatini yuksaltiradigan, o‘zlikni anglatadigan alohida kitob deyish mumkin edi.
Suyima G‘aniyeva chet ellarda ham o‘zbek mumtoz adabiyoti, jumladan, ulug‘ Alisher Navoiy asarlarining umumbashariy g‘oyalari, o‘ziga xosliklarini targ‘ib qilgan. Asarlari Rossiya, Yaponiya, Eron, Hindiston, Indoneziya kabi mamlakatlarda nashr etilgan.
Suyima G‘aniyevaning hazrat Alisher Navoiy merosini tadqiq etishga bag‘ishlangan asarlari dunyo mamlakatlarida nashr qilingan va ilmiy jamoatchilik tomonidan e’tirof etilgan. Buyuk shoirning jahon adabiyoti ma’naviyatining durdonalaridan bo‘lgan asarlari asrlar osha avlodlarga xizmat qiladi, demak, tadqiqotchi olimaning izlanishlari ham shu barobarida Navoiy mahzanidan bahra olmoqchi bo‘lgan muhlislarga kamarbasta bo‘laveradi.
Olimaning hayoti va ijodi haqida adabiyotshunoslar, shogirdlari tomonidan kitoblar, maqolalar yozilgan. Filologiya fanlari nomzodi, professor Suyima G‘aniyevaning ilmga, qadriyatlarga sadoqati, milliy adabiyotning nufuzi, mavqeini yuksaltirish barobarida xalqimizning boy madaniyatini dunyoga tarannum etish borasidagi fidoyiligi avlodlarga ibrat bo‘lib qoladi.
//
Izoh yo‘q