1953-yil 25-iyunda Farg‘ona viloyatining O‘zbekiston tumanida tug‘ilgan.
1970–1972-yillarda Qo‘qon qurilish bilim yurtida o‘qigan.
1972-yildan O‘zbekiston Badiiy akademiyasi a’zosi.
2001–2013-yillarda Respublika “Usto” ijodiy uyushmasining Qo‘qon badiiy ishlab chiqarish korxonasi yog‘och-o‘ymakor ustasi.
1999-yilda “O‘zbekiston Respublikasi xalq ustasi” faxriy unvoni,
2006-yilda “O‘zbekiston Qahramoni” unvoniga sazovor bo‘lgan.
2017-yilda vafot etgan.
Yakkatut – Yaypanu Qo‘qon o‘rtasida So‘x daryosi irmog‘idagi ko‘hna qishloqlardan. Mohir ustalari dovrug‘i qadimdan nafaqat vodiy, butun Movorounnahrga taralgan. Xalq orasida shunday lutf yuradi: bu kentda usta ko‘pligidan barcha dov-daraxtlar uy-imorat, masjidu madrasa tiklashga, yo‘lu ko‘priklar qurishga ishlatilib, birgina qaddi bukik “buqoq”lari bo‘rtgan ulkan tutgina qolganidan qishloq nomi – Yakkatut...
Abdug‘ani ana shunday ustayu ustozadalar qishlog‘ida tug‘ildi. O‘rta maktabni bitirib, Qo‘qon shahridagi maishiy xizmat texnikumi qurilish bo‘limini tugallayotgan kezlari rahmatli onasi yolg‘iz o‘g‘lini xalq ustasi Qodirjon Haydarovning oldiga olib boradi. Yuz-ko‘zlari yonib, miyig‘ida kulib turgan bu yigitcha usta Abdullaning farzandi ekanini eshitgan mashhur o‘ymakor uni shogirdlikka oldi.
Qonida bor emasmi, yog‘och o‘ymakorligi sirlari, nozigu nodir qirralarini Abdug‘ani tez ilg‘ab o‘rgana boshladi. Qodirjon Haydarov o‘ta talabchan, bu kasbni yengil-yelpi o‘zlashtirmoqchi bo‘lganlarga toqati yo‘q, lekin kasbga mehrli, mehnatu izlanishdan qo‘rqmaydiganlarni qo‘llab-quvvatlaydigan oliyhimmat ustoz edi. Abdug‘anining intilishi, sabr-toqati, har qanday chizgi, gulga ijodiy yondashishi ustozga juda ma’qul keldi, ko‘hna hunar sirlarini maydalab, o‘n yil davomida o‘rgatdi.
Usta Abduqodir Haydarov yog‘ochga jilolar baxsh etishida Qo‘qon milliy hunarmandchiligi, yog‘och o‘ymakorligi san’atining ta’siri katta edi. Hatto u qo‘qonlik ustalar XVII asrda tayyorlagan xunarmandchilik buyumlarini Yevropaga, Parijga olib borib namoyish etgan, shundanmi, uni Haydar farang deb atashgan ekan. Abdug‘ani ustozi va uning shogirdlari tayyorlagan buyumlar, ustunlar, eshiklardagi islimiy nusxalar, naqshlar, jilolarni ilg‘ab, o‘zining ijodida foydalanadi. Islimiy naqshlar ota-bobolarimiz kashf qilgan Boburiy va islimiy yozuvlarga o‘xshab ketadi. Abdug‘ani Abdullayev ming yillik islimiy uslublarini rivojlantirib, asrab-avaylab, kelgusi avlodlarga yetkazishni ustozi Qodirjon Haydarovning vasiyatiday e’zozladi, shogirdlariga ham o‘rgatdi. Bu uslubdagi naqshlar charog‘on kunda nurlar bilan baxslashayotganday, bir-birini to‘ldirayotganday, ko‘rkam naqshlar quyosh nurlari bilan uyg‘unlashib ketganday tuyuladi.
Usta Abdug‘ani har gal ma’lum ishni boshlashdan oldin naqshbop daraxt izlab Sirdaryo va Jizzax cho‘llarida, Zomin o‘rmonlarida, Shohimardon tog‘larida... 25–30 metrlik adl daraxtlar o‘sadigan yerlarni piyoda kezib chiqqan. U qaysi hududlarda shunday dov-daraxtlar o‘sishini, qancha muddatda yetilishini, ularni qachon kesish kerakligini yaxshi bilardi.
Bundan chorak asr muqaddam Guliston shahrida viloyat teatri binosining naqshinkor eshik va panjaralarini Abdug‘ani aka shu qadar joziba va nazokatli qilib ishladiki, bino madaniyat va ma’naviyat qasri bo‘lib qoldi. Shundan keyin Qarshi shahridagi drama teatrining eshiklari, qo‘shni Tojikistonning Isfara shahri hamda Chimyondagi sihatgohlar ustaning guldek qo‘lidan oroyish, go‘zallik, ko‘rkamlik topdi.
Abdug‘ani Abdullayevning onalari Hurmatoy xola ustaning padari buzrukvori kindik qoni to‘kilgan tuman markazi – Yaypanda bir ajoyib choyxona bunyod etishni orzulab o‘tganini ko‘p takrorlardi. Yaypanning markazida bunyod etilgan, odamlar “Vatan ichra vatan” deb ataydigan naqshinkor choyxona o‘g‘ilning ota orzulariga sadoqati ramzi, keksa otaxonlarga tuhfasi bo‘lib qoldi. Shundan so‘ng mahorati, iqtidori dovrug‘i Markaziy Osiyoga tarqalgan hunarmandni qozog‘istonlik ustalar Turkistondagi buyuk ajdodimiz, Piri avliyo – Hoja Ahmad Yassaviy maqbarasi va xilxonasini tiklash ishlariga taklif qilishdi. Yassaviy hazratlarining mahobatli maqbarasida qo‘qonlik ustazodalarining san’atlari orolanib turibdi.
Mustaqillik saodati qariyb bir asrga yaqin nomlari, asarlari qora ro‘yxatlarga mahkum etilgan buyuk ajdodlarimiz – allomalar, olimlar, mutafakkirlar, hadis ilmi sultonlari nomiyu asarlarini xalqqa qaytardi. Ularning meroslari tiklanib, toptalgan mangu xobgohlari obod ziyoratgohlarga aylana boshladi. Hadis ilmi ustozi Imom Buxoriyning Samarqandda bunyod etilgan ulkan majmuasidagi barcha ishlarga usta Abdug‘ani Abdullayev bosh-qosh bo‘ldi. Bu yerdagi 74 ta ustunga o‘zi sharqona uslubda zebu latofat naqshladi. Ahmad Farg‘oniy, Burhoniddin Marg‘inoniy, Bahouddin Naqshbandiy majmualari, poytaxtimizdagi “Shahidlar xiyoboni” yodgorliklarini bunyod etishda usta shogirdlariga bosh bo‘ldi.
Ustaning bir odati – qaerda bo‘lsa, eski masjidlar, yodgorliklarni shoshilmay aylanar, agar qarovsiz naqshinkor ustun, hovuzak, sharapa ko‘rib qolsa, sotib olardi. Ustaxonasida kichkina muzeyi ham bor.
– Axir bu ustunlar, eshiklar, panjaralarga ustozlarning mehri, ko‘z nuri to‘kilgan, – derdi shogirdlariga. – Ularning ko‘pchiligini Qo‘qon atrofidagi qishloqlardan, eski masjidlardan, ba’zilarini tuproq ostidan kavlab olganman. Balki bularning qay birida rahmatli otam va shogirdlarining qo‘llari tafti, iskana, teshalarining izlari qolgandir...
Abdug‘ani Abdullayevni Germaniyaning Gannover shahrida ham yaxshi bilishadi: bu yerdagi o‘zgacha fayzli O‘zbekiston choyxonasining naqshinkor ustunlari, mahobatli eshiklarini usta tayyorlab bergan. Poytaxtdagi Milliy bog‘da qad rostlagan Toshkent shahar muzeyi binosining har biri 6 metrli 36 ta ustun, osmon gumbazini eslatadigan 16 ta hovuzak, 250 metrli peshtoqqa o‘rnatilgan sharapalar xalq ustasi va shogirdlarining mustaqillik bayramining o‘n besh yillik to‘yiga sovg‘asi bo‘ldi. 16 ta hovuzakda 40 mingta yog‘och detal jamlanarkan. Yana bir e’tiborli jihati – osmon gumbazi va undagi minglab yulduzlarni eslatadigan bu hovuzaklarni ustaning katta o‘g‘li Jahongir yasagan.
Farzandlari Jahongir, Bahodir va kenja o‘g‘li Abduqodirlar otasi, bobosining kasblari, hunarlari, an’analari davomchilari ekanliklarini ularning ishlari 2003-yilda Fransiyada o‘tkazilgan xalq hunarmandlari Butunjahon ko‘rgazmasida oliy mukofot – Gran-priga loyiq topilgani ham tasdiqlab turibdi. Hozir bu sulola vakillari tayyorlagan hunarmandlik namunalari Xitoy, Finlandiya, Pokistondagi muzeylarda saqlanyapti.
O‘zbekiston xalq ustasi Abdug‘ani Abdullayev Vatan obodligi, xalq ma’naviy-madaniy-ma’rifiy jihatdan yuksalishi, milliy qadriyatlar va noyob hunarmandchilik an’analarini kelgusi avlodga yetkazishga munosib hissa qo‘shdi. Ajdodlarga sadoqat va avlodlarga muhabbati, mustaqil O‘zbekiston sharafini olam aro yuksaltirish yo‘lidagi mehnat, ijod, izlanishlari bilan umr kitobini bezatdi – xalq ustasi, Vatan Qahramonining ibrat maktabini yaratdi.
//
Izoh yo‘q