1929-yili 5-mayda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Chimboy tumanida tavallud topgan.
1949-yili Qoraqalpoq davlat pedagogika institutini bitirgan.
1961–1988-yillarda “Amudaryo” jurnalining bosh muharriri, Qoraqalpog‘iston Yozuvchilar uyushmasining raisi, “Erkin Qoraqalpog‘iston” gazetasi bosh muharriri bo‘lgan.
1992-yilda O‘zbekiston xalq shoiri.
1994–2000-yillarda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ma’naviyat va ma’rifat markaziga raislik qildi. “Qoraqalpog‘iston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi” faxriy unvoni, Berdaq nomidagi davlat mukofoti sohibi.
“El-yurt hurmati”, “Do‘stlik” ordenlari bilan taqdirlangan.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi madhiyasi matni muallifi.
2004-yili “O‘zbekiston Qahramoni” unvoniga sazovor bo‘lgan.
2008-yilda vafot etgan.
O‘zbekiston Qahramoni, O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston xalq shoiri Ibroyim Yusupov ijodi XX asrning ikkinchi yarmi XXI asr boshlaridagi qoraqalpoq adabiyotining yorqin sahifalarini tashkil etadi.
Sharq va mumtoz adabiyotimiz, rus va jahon adabiyoti durdonalari bilan yaqindan tanishib, ulardan badiiyat sirlarini o‘rgangan Ibroyim Yusupovning ilk ijodiy namunasi – “Vatanim” she’ri e’lon qilingan paytdan umri oxirigacha chop etilgan “Baxt lirikasi”, “Kunchiqar yo‘lovchisiga”, “O‘ylar”, “Yetti navo”, “Dala orzulari”, “Ko‘ngil ko‘ngildan suv ichar”, “To‘maris”, “Ilhom”, “Tashvishlarga boy dunyo”, “Tuzli shamollar”, “Umr, senga oshiqman”, “Har kimning o‘z zamoni bor”, “Buloqlar qaynaydi”, “Oltin qirg‘oq”, “Sahro oruvlari”, “Cho‘l to‘rg‘ayi”, “Rahmat senga, zamonim!”, “Qora tov” she’riy to‘plamlari qoraqalpoq va o‘zbek adabiyotining go‘zal namunalari bo‘lib qoldi. Ulardan shoirning dostonlari ham joy olgan. U bir qator pesa va publitsistik maqolalarning ham muallifi.
Ibroyim Yusupov Alisher Navoiy, Hofiz g‘azallari, Umar Hayyom ruboiylari, A.S.Pushkin, M.Yu.Lermontov, T.Shevchenko, Bayron, Gyote asarlarini qorakalpoq tiliga yuksak mahorat bilan tarjima qilib, milliy adabiyotni badiiy-g‘oyaviy, shakliy jihatdan boyitdi. Asarlari o‘zbek, rus, qirg‘iz, turkman, qozoq, ukrain, belorus, gruzin, latish, bolgar va boshqa xalqlar tillariga tarjima qilingan.
Shoirlikni ma’naviy hayot, mashaqqatli mehnat, g‘urur deb bilgan ijodkor mustaqillik zamoniga yetishib, unga xizmat qilish nasib etganidan quvonib ijod etdi. “Zamondoshlar ko‘ngliga yoqish, yuragiga yo‘l topish – shoir uchun eng azobli va ardoqli ish”, der edi shoir.
Bugun Toshkent shahrining qoq markazi – Adiblar xiyobonida ulug‘ shoirning ham haykali qad ko‘tarishi betakror iste’dod sohibi Ibroyim Yusupov hamda qoraqalpoq eliga ko‘rsatilgan chuqur ehtirom ramzidir.
Ibroyim Yusupov – qoraqalpoq she’riyatida muhtasham maktab yaratgan betakror siymo. Shoir til orqali adabiyotni, adabiyot orqali tilni boyitdi, xalq dunyoqarashini kengaytirib, qalblarga go‘zallik, mehru muhabbat urug‘larini qadadi. Shoir badiiy poetikasi, o‘ziga xos obraz yaratish usuli, kitobxonni keng mushohadaga chorlashi bilan qoraqalpoq adabiyotida poeziya janrini yangi cho‘qqilarga olib chiqdi.
Vatan, tug‘ilgan maskanga muhabbat ijodkorning eng sevimli mavzularidan edi. Shoir “Kegeyli”, “Qora tol”, “Tolli jag‘isdagi esga olishlar”, “Tug‘ilgan yer”, “Ovul, ovul!”, “Tol bo‘libdi tollari” kabi she’rlarida Yaratganning in’omi – qo‘nim topgan joyiga sadoqati, iftixorini, muhabbatini ifodalaydi.
Ibroyim Yusupov umuminsoniy va milliy qadriyatlarni uyg‘un holda obrazli qilib ifodalaydi. Shoirning lirik qahramoni uchun Vatan tushunchasi juda muqaddas. U Vatan deganda butun O‘zbekistonni tushundi. “O‘zbekiston”, “Navoiyga”, “Men Toshkentni sog‘inaman ko‘rmasam”, “Qizing go‘zal bo‘lsin, shoira bo‘lsin”, “Mustaqillik maydonidan o‘tganda” va boshqa ko‘plab she’rlarida O‘zbekiston diyorini samimiy, qaynoq muhabbati bilan tarannum etdi.
Shoirning ko‘pgina asarlarini milliy xulq-atvor, mentalitet, urf-odat, an’analarning she’riy timsoli sifatida ham ko‘rsata olamiz. Qoratol, cho‘girma, qo‘biz, saksovul singari qadriyatlarni ulug‘lagan shoirning nomi ham abadiylik kasb etdi.
“She’r, ayniqsa, suluv soz bilan xush ovoz til topishib, qalbdan nido bersa, insonni ham ilhomlantiradi, ham yig‘latadi, ham yupatadi, hayotga oshug‘ etadi, yashashga undaydi. Zamondoshlar ko‘ngliga yoqish, yuragiga yo‘l topish – shoir uchun eng azobli va ardoqli ish. Shoirlik – mening ma’naviy hayotim, mashaqqatli mehnatim, g‘ururim. Bu kunda esa el qatori yangi zamonga – mustaqillik ayyomlariga yetishib, unga xizmat qilish nasib etganidan quvonaman”, der edi ardoqli shoir Ibrohim og‘a.
U xalqimizning yorqin kelajagiga o‘zini ham, o‘quvchilarini ham ishontira oldi. Shoirning mustaqillik yillarida yozgan she’rlari satrlariga jo bo‘lgan faxr-iftixor tuyg‘ulari o‘quvchilar qalbida Vatanga, ona-xalqqa muhabbat tuyg‘ularini ulg‘aytiradi.
Xalqimiz shoir nomini doim yuksak ehtirom bilan tilga oladi, e’tirof etadi. U yaratgan asarlar avlodlar uchun tarbiya va ibrat maktabi bo‘lib xizmat qilaveradi.
//
9 Izohlar
Mubina
22 DAYS AGO
Bu faktlarni men ona tili darsi uchun oldim.Ibrayim Yusupovni juda qiziqarli faktlari bor ekan
Sherzodbek
22 DAYS AGO
Bu malumot menga juda ham yoqdi katta rahmat
Nilufar
22 DAYS AGO
Ibrohim Yusupov haqida maʼlumotlari judayam qiziqarli ekan men bu maʼlumotni ona tili darsi uchun oldim
Boxodir
22 DAYS AGO
Men adabiyot darsimdan shu malumotni yozib oldim katta raxmat
Sherdor
13 DAYS AGO
Malumotlar uchun raxmat
Anorka
6 DAYS AGO
Men bu malumotni adabiyot fani tomonidan qurdim. Raxmat
Shaxlo
5 DAYS AGO
Juda qiziqarli men buni adabiyot darsi maʼlumot uchun oldim
Parizoda✨️
4 DAYS AGO
Bu ma'lumotlar juda qiziqarli ekan.Menga yoqdi👍🏻
Dildora
9 DAYS AGO
Ibroxim Yusupov qaysi ijodkor bilan aloqada bôlgani keregidi.Faqat shunisi yôġakan.Lekin ôzimga kereli faktlani oldim