Anor Mahmudova


16:10 / 18.10.2021 4359 0

 

1942-yil 2-mayda Xorazm viloyati Gurlan tumanida tug‘ilgan.

1959–1964-yillarda Xorazm davlat pedagogika instituti fizika-matematika fakultetida o‘qigan.

1986-yildan hozirgi kungacha Gurlan shahridagi 5-maktab direktori vazifasida ishlamoqda.

1994-yilda “Mehnat shuhrati” ordeni,

2004-yili “O‘zbekiston Qahramoni” unvoni bilan mukofotlangan.

 

Gurlan tumanidagi 1-maktabni “Oltin medal” bilan yakunlagan Anor Mahmudova institutni ham imtiyoz­li diplom bilan tugatadi. Va o‘zi o‘qigan maktabda, mehribon ustozlari bag‘rida pedagogik faoliyatini boshla­di. Yosh muallimaning bilimi, intilishlari, bolalarga ta’­lim-tarbiya berishdagi mehru mahorati tez ko‘zga tashlandi, 1966–1972-yillarda u maktabga tarbiyaviy hamda o‘quv ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosari bo‘ldi; 1982-yili tumanda tex­nika bilim yurti tashkil qilinib, unga direktorlik vazifasi topshirildi. 1984-yilda Gurlan Xalq ta’limi bo‘limiga mu­dira qilib tayinlandi.

Anor Mahmudova qalbida bevosita bolalar bilan ishlash, ularning iqtidorini aniqlab rivojlantirish, yosh avlodni hayotda mustahkam o‘rnini topib yashaydigan insonlar qilib tarbiyalash va ularga turmushda har daqiqa kerak bo‘ladigan matematika fanini o‘rgatishning zavqi, ohanrabosi boshqacha edi. 1986-yilda uning iltimoslarini inobatga olib, tumanda yangidan tashkil qilingan 6 (hozirgi 5)-umumiy o‘rta ta’lim maktabiga direktor vazifasiga o‘tkazdilar. Qahramon hozirgi kungacha shu yerda faoliyat ko‘rsatib kelmoqda.

Direktor maktabda ijtimoiy-ma’naviy muhitdan kelib chiqqan holda, dastlab tarbiyaviy ishlarni kuchaytirdi. Ta’­lim-tarbiyani ota-onalar bilan hamkorlikda olib borish ja­rayonida har bir o‘quvchining oilaviy sharoiti yaxshi o‘rganildi. Maktabda sport ishlari, musiqa o‘qitilishi, kitobxonlik ma­daniyatini yuksaltirish bo‘yicha mashg‘ulotlar keng yo‘lga qo‘yil­di. Ota-onalar, o‘qituvchi va o‘quvchilar bilan o‘zaro munosabat­da madaniyatli, mehribon, do‘stona muhit shakllanishiga yordam beradigan tadbirlar o‘tkazish an’anaga aylandi. Fan to‘garaklari soatlari o‘quvchilarning bilimga qiziqishini orttira­digan, bilganlarini mustahkamlab, kengaytiradigan mashg‘u­lotlarga aylandi. Bu ezgu harakat-izlanishlarning samarasi sifatida maktab o‘quvchilari orasidan fan olimpiyadalari g‘o­liblari, sport turlari, musiqa, tasviriy san’at bo‘yicha vilo­yat hamda respublika sovrindorlari ketma-ket yetishib chiqdi.

Anor Mahmudova doim zamon bilan hamnafas yashaydi. Yur­timiz mustaqillikka erishib, O‘zbekiston jahon mamlakatlari safida o‘z qadri, qaddini tiklay boshlagan kunlardan direk­tor o‘quvchilarining chet tili bo‘yicha bilimlarini oshirishga mustahkam bel bog‘ladi. 1996–2004-yillarda O‘zbekistondagi “Tinchlik korpusi” bilan hamkorlikda maktabda 4 nafar ame­rikalik ko‘ngillilar o‘zbek o‘quvchilariga ingliz tilidan sa­boq berdilar.

Ayni kunda maktabda faoliyat ko‘rsatayotgan oliy va 1-to­ifali ingliz tili o‘qituvchilari Shahlo Matniyozova, Dilfu­za Sotimova, Nilufar Allaberganova o‘sha davrda amerikalik

ko‘ngillilardan saboq olib bu tilga ixlos qo‘ygan pedagoglardir.

A.Mahmudovaning 2001-yilda yozgan “Milliy istiqlol g‘oyasini ongimizga singdirib, qalbimizga payvand qilamiz” nomli risolasi viloyat ijodkor o‘qituvchi­lari tanlovida 1-o‘rinni olgan.

2002-yildan boshlab maktabning 8-9-sinflarida informatika fani o‘qitilayotgan bo‘lsa-da, Anor Mahmudova boshlang‘ich sinflarning iqtidorli o‘quvchila­riga ayni fandan to‘garak mashg‘ulotlari o‘ta boshladi, natijada matematika-infor­matika fani o‘qituvchisi Muhabbat Habi­bullaeva rahbarligida o‘quvchilar to‘rt yil davomida “Kompyuter savodxonligi” bo‘yicha respublikada 1-o‘rin sohiblari bo‘ldi­lar. A.Mahmudova o‘quvchilari bilan 2004–2008-yillarda yaratgan “Oddiy kasrlarni o‘rganamiz” nomli elektron darslik yuqori baholandi va 2008-yil 8-oktabridan Xalq ta’limi vazirligining Axborot ta’lim portaliga joylashtirilgan.

Tajribali pedagog faoliyati davrida ko‘plab halol, ishchan, kasbiga mas’uliyatli va sadoqatli shogirdlar tarbiyaladi. Ular orasida elu yurt ishonchini oqlab, dong ta­ratib mehnat qilayotgan oilaparvar, va­tanparvar turli kasb egalari, fan nomzod­lari, fan doktorlari ko‘p.

Anor Mahmudova juda halol, jonkuyar, mehri daryo, qalbi munavvar Ustoz. Hozirda ham maktab jamoasining sevimli va mehri­bon, ayni paytda talabchan rahbari; o‘qituv­chilaru o‘quvchilar uni ham rahbar sifatida, ham onasidek hurmat qiladi, ardoqlaydi.

Anor Mahmudova o‘z sinfdoshi Azamat Habibullaev bilan hayot yo‘lini bog‘laga­niga 56 yil bo‘ldi. Ularning 4 farzandi, 16 nafar nevara-chevarasi bor. 2 o‘g‘illari texnika fanlari nomzodi, 2 qizlari mate­matika fani o‘qituvchilari, 6 nafar nevara magistraturani a’lo baholarga, 1 nafari Prezident stipendiyasi sovrindori bo‘lib tugatgan. Qolgan nevaralari ham turli oliy o‘quv yurtlari talabalari.

A.Mahmudova 2004-yili “O‘zbekiston Qahramoni” unvoni bilan mukofotlangan. “Vatan, xalqqa sidqidildan xizmat qilish – burchimiz”, deydi qat’iyat bilan Anor opa.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//