1929-yil 7-mayda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kegeyli tumani Sho‘rtanboy shaharchasida tug‘ilgan.
1947-yili Xo‘jayli pedagogika bilim yurtini,
1955-yili Qoraqalpoq davlat pedagogika instituti tamomlagan.
“Amudaryo” adabiy jurnali bosh muharriri,
Qoraqalpoq radio qo‘mitasi direktor o‘rinbosari,
Qoraqalpoq Matbuot qo‘mitasi direktor o‘rinbosari lavozimlarida ishlagan.
1980-yildan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Yozuvchilar uyushmasiga boshchilik qilgan.
Berdaq nomidagi Qoraqalpog‘iston davlat mukofoti (1967), O‘zbekiston davlat mukofoti (1971) laureati.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi raisi o‘rinbosari (1987-91).
2003-yili “O‘zbekiston Qahramoni” unvoniga muyassar bo‘lgan.
2010-yili vafot etgan.
Tulepbergen Qaipbergenovning hayoti va faoliyatini xalqu Vatan nomi, sharafini yuksaltirish, o‘z tarixi, madaniy-ma’naviy meroslariga ehtirom, ajdodlarning orzu-intilishlari, ibratli ishlarini davom ettirish va avlodlarga muqaddas meros sifatida qoldirishning ibratli maktabi deyish mumkin. Uning badiiy mahorat namunalari darajasiga ko‘tarilgan asarlari nomlari bilan sahifalar to‘lishi mumkin. Adib XX asr o‘rtalaridan umumbashariyat ekologik muammosiga aylangan Orol fojiasi va mintaqadagi ekologik masalalar bilan shug‘ullangan, turkiy tilli xalklarning o‘zaro qardoshligi borasida amaliy takliflar kiritgan, Markaziy Osiyo xalqlari madaniyati jamg‘armasini boshqargan ijtimoiy faol shaxs edi.
O‘zbekiston Qahramoni, O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston xalq yozuvchisi Tulepbergen Qaipbergenov o‘zining ko‘rkam ijod namunalari bilan O‘rta Osiyodagina emas, butun dunyo xalqlari adabiyotsevarlariga tanilgan yozuvchi. Adib o‘zining hikoyalari, qissalari, romanlari va dramalari, publitsistika janridagi maqolalari bilan XX asr qoraqalpoq adabiyotining rivojiga ulkan hissa qo‘shdi.
XX asrning 50-yillaridan boshlab qoraqalpoq nasrida Tulepbergen Qaipbergenov nomi paydo bo‘ldi. Yosh, iqtidorli qalamkash shu davrdan boshlab o‘quvchilarga biri biriga o‘xshamaydigan, mavzu va badiiy-g‘oyaviy jihatdan dolzarb, qiziqarli bo‘lgan asarlarini taqdim etilgan.
1951-yili yoshlar gazetasida “Tilagim” nomli birinchi dostoni chop etiladi. 1955-yili “Pochtalon kelgande” nomli asari, 1956-yili esa “Kotib” nomli birinchi qissasi o‘quvchilarga taqdim etiladi.
Tulepbergen Qaipbergenovning birinchi kitobi 1958-yil dunyo yuzini ko‘rgan. So‘ngra “Kotiba”, “Muallimga rahmat”, “Sovuq tomchi”, “Uyqusiz tunlar” qissalari, “So‘nggi hujum”, “Koraqalpoq qizi”, “Qoraqalpoq dostoni”, “Ko‘zning qorachig‘i” romanlari, “Qoraqalpoqnoma” roman-esselari, “Sahro bulbuli” kabi asarlari chop etilib, rus, o‘zbek va boshqa tillarga tarjima qilingan.
Uning “Qoraqalpoq qizi” kitobi asosida “O‘zbekfilm” studiyasi tomonidan badiiy film tasvirga olingan. Adabiyot va kinematografiyamizning oltin fondidan joy olgan bu asarda XX asr boshlaridagi qoraqalpoq xalqi hayot tarzi va oilaviy turmushining o‘ziga xos jihatlari aks etgan.
Tulepbergen Qaipbergenov o‘z xalqining shonli tarixi, urf-odatlari, qadriyatlarini avlodlarga yetkazish yo‘lida zahmat va izlanish bilan ijod qilgan adibdir. Uning “Qoraqalpoqnoma” (1986) (“Mamanbiy”, “Baxtsizlar”, “Sargardonlar”) trilogiyasini qoraqalpoq xalqi hayotining o‘ziga xos badiiy-tarixiy talqini deyish mumkin.
“Qoraqalpoqman-tavakkalchiman” asari, “Familiya” pesasi, “Berdaq” (“Sahro bulbuli”), “Oydo‘st bobo” dramatik asarlari o‘zbek, qozoq, rus tillariga tarjima qilinib, teatrlarda sahnalashtirilgan.
Yozuvchi Tulepbergen Qaipbergenov qoraqalpoq va o‘zbek adabiyotining rivojiga qo‘shgan beqiyos hissalari uchun Qoraqalpog‘iston xalq yozuvchisi (1975), O‘zbekiston xalq yozuvchisi (1993), Berdaq nomidagi (1967), Hamza nomidagi (1971), Mahmud Qoshg‘ariy nomidagi (1995), Mixail Sholoxov nomidagi (2004) davlat va xalqaro mukofotlarning sohibi bo‘lgan.
Yozuvchining mehnat va ijodiy faoliyati davlatimiz tomonidan munosib taqdirlanib, “Shuhrat” medali, “Do‘stlik” va “El-yurt hurmati” ordenlari bilan taqdirlangan.
To‘lepbergen Qaipbergenov yaratgan asarlar o‘zbek va qoraqalpoq xalqlari madaniyati, adabiyoti tarixida, yangi avlodlarni ota-bobolarning qutlug‘ xotirasi, orzu-intilishlariga sadoqatli vatanparvar insonlar qilib tarbiyalashda o‘ziga xos maktab bo‘lib qolaveradi.
//
Izoh yo‘q