Ozod Sharafiddinov


15:09 / 27.09.2021 6586 0

 

1929-yil 1-martda Qo‘qon yaqinidagi Oxunqaynar qishlog‘ida tug‘ilgan.

1951-yili O‘rta Osiyo davlat universiteti (hozirgi O‘zMU) filologiya fakultetini tugatgan.

1997-yildan umrining oxirigacha “Jahon adabiyoti” jurnalining bosh muharriri bo‘lib ishlagan.

1970-yili Beruniy nomidagi davlat mukofoti,

1990-yili “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi”,

1997-yili “Mehnat shuhrati” ordeni,

1999-yili “Buyuk xizmatlari uchun” ordeni,

2002-yili “O‘zbekiston Qahramoni” unvoni berilgan.

2005-yilda vafot etgan.

 

Zamonaviy milliy ziyolilarning jasur va faol, hozirjavob vakillaridan biri hisoblangan Ozod Sharafiddinov atoqli olim, murabbiy, publitsist va tarjimon sifatida mashhurdir. U ilmiy faoliyatida o‘z­bek filologiyasining dolzarb mavzularida qalam tebratdi. Jumladan, poeziya muammolari bilan shug‘ullandi, o‘zbek she’riyati haqida adabiy-tanqidiy maqolalar yozdi. O‘sha davrdagi ilmiy-ijodiy, adabiy-tanqidiy izlanishlari “Zamon. Qalb. Poeziya” (1962) asarida o‘z aksini topgan. XX asrning 60-80-yillarida Cho‘lpon hayoti va ijodini targ‘ib qilishga intildi.

Ozod Sharafiddinov o‘zbek adabiyotining Oybek, G‘afur G‘ulom, Abdulla Qahhor, Maqsud Shayxzoda, Mirtemir, Zul­fiya singari namoyandalari haqida adabiy portretlar yaratdi. Olim ijodida o‘zga adabiyotlar namoyandalari ijodi haqida yaratilgan “Yalovbardorlar” (1974) adabiy-tanqidiy ocherklar kitobi muhim o‘rin egallaydi. XX asrning 60-yillaridan XXI asrgacha bo‘lgan o‘zbek adabiy jarayonidagi holatlarni “Talant – xalq mulki” (1979), “Adabiyot – hayot darsligi” (1981), “Go‘zal­lik izlab” (1985), “Haqiqatga sadoqat” (1988), “Sardaftar sahi­falari” (1999), “Prezident” (2003) singari asarlarida aks ettirdi.

Mustaqillik yillarida Ozod Sharafiddinov ham adabiy tanqidchi, ham tarjimon, ham jamoat arbobi sifatida ulkan ishlarni amalga oshirdi. “Cho‘lpon” (1991), “Cho‘lponni anglash” (1994) kitoblari, “E’tiqodimni nega o‘zgartirdim” (1997) asarlarida munaqqidning estetik prinsiplari aks etgan. O‘z­bek adiblari, madaniyat-san’at arboblari, olimlar haqida o‘n­lab maqolalar yozdi.

U jahon adabiyotining ko‘plab namoyandalari asarlarini o‘zbek tiliga tarjima qildi. “Ko‘lmak suvda quyosh parchasi” (Fransuaza Sagan), “Qadimgi xitoy nasri namunalari”, “Monu­mental targ‘ibot” (Vl. Voynich), “Alkimyogar” (Paulo Koelo) sin­gari asarlar shular jumlasidan.

Atoqli olim o‘tgan asrning 60-yillaridan adabiyotshu­nos sifatida tanilgan. “Zamon. Qalb. Poeziya” (1962) kitobida adabiy asarlarni badiiylik qonuniyatlari nuqtai nazaridan tadqiq etgan. Uning tadqiqotlari adabiyotni milliy g‘oyalar va adabiy qonuniyatlar asosida tahlil qilishga bag‘ishlangan. “Adabiy etyudlar” (1968) kitobida ijodkor shaxsi va uning badiiy asardagi o‘rni masalalari talqin qilingan. “Yalov­bardorlar” (1974), “Iste’dod jilolari” (1976) to‘plamlariga kiritilgan ilmiy maqolalari adabiy ijoddagi an’analar, mumtoz adabiyotni o‘rganish vositalari va jahon adabiyoti tajribalarini tadqiq va tahlil qilishga bag‘ishlangan. Olim ijodining cho‘qqisi – “Ijodni anglash baxti” (2004) kitobida o‘zbek adabiyotining jahon adabiy jarayoni­da tutgan o‘rni va ilmiy-ma’naviy o‘zanla­ri tadqiq etib berilgan.

Ozod Sharafiddinov “XX asr o‘zbek adabiyoti tarixi” o‘quv dasturi (1997), “XX asr o‘zbek adabiyoti” (1999) darsligi mual­liflaridan.

Mustaqil yurtimizda birinchi marta 1997-yilda “Jahon adabiyoti” jurnali tash­kil etildi. Dunyo badiiyatining eng yaxshi namunalarini o‘zbek kitobxonlariga yetka­zish mo‘ljallangan va milliy adabiyoti­miz tajribalarini jahon miqyosida omma­lashtirishni ko‘zda tutgan mazkur nashrning birinchi bosh muharriri sifatida adabiy jamoatchilik orasida katta mavqega ega bo‘lgan olim Ozod Sharafiddinov tanlandi. Ezgu niyatlar bilan tashkil qilingan jur­nal ilk sonlaridanoq o‘z mushtariylarini topdi. Hozirgacha chop etilgan sonlarida dunyo adabiyotining turli janrlariga xos ko‘plab namunalar ona tilimizda kitob­xonlarga taqdim etildi. Ayni kunlarda ham nashr jamoasi birinchi bosh muharrir, ustoz Ozod Sharafiddinov an’analarini davom ettirib, “Jahon adabiyoti” sahifala­rida yetti iqlimning eng nodir so‘z mo‘ji­zalarini e’lon qilib kelmoqda.

Yetuk adabiyotshunos olim va tarjimon Ozod Sharafiddinov umrining oxirlarida og‘ir xastalikni boshdan kechirdi. Taqdir­ning bu sinoviga ham mardona dosh berib, barcha qiyinchiliklarni yengib o‘tdi. Qancha og‘ir bo‘lmasin, dolzarb mavzularda maqo­lalar yozib, adabiy jarayonda peshqadam ijodkorlardan bo‘ldi. Ayniqsa, ustozning tarjimonlik borasidagi ishlari alohi­da tahsinga loyiq. Bir zum ham qalamini qo‘ldan qo‘ymay, turli janrlardagi ko‘plab asarlarni o‘zbekchalashtirdi. Og‘ir bemor­likdagi bunday sermahsul, yuksak saviyadagi faoliyatni zamondoshlari yuksak matonat sifatida tan olishdi. Olimning hozirja­voblik, shavq va ilhom bilan yozilgan asarlari adabiyotshunoslikning o‘ziga xos namu­nalari bo‘lib qoladi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//