Dilbar Akramova


14:09 / 21.09.2021 1185 0

 

1946-yil 15-oktyabrda Namangan viloyati Uychi tumanida tavallud topgan.

1967-yilda Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat institutini tamomlagan.

O‘z faoliyatini 1967-yilda o‘qituvchilikdan boshlagan.

1968-yildan Namangandagi to‘qima matolar ishlab chiqaradigan korxonalarda ishlagan.

1996-yildan respublika Mehr-shafqat va salomatlik jamg‘armasi viloyat bo‘limi raisi.

2002-yilda “O‘zbekiston Qahramoni” unvoni bilan taqdirlangan.

2016-yilda vafot etgan.

 

Akramova Dilbar Abdulhamidovna 1962-yilda Tosh­kent to‘qimachilik va yengil sanoat institutiga o‘qish­ga qabul qilinib, muhandis-texnolog mutaxassisligi bo‘yicha diplom oldi.

Otasining izidan borgan Dilbarxon o‘z faoliyatini Namangan viloyati to‘qimachilik texnikumida o‘qituvchilikdan boshladi. Keyinchalik u faoliyatini o‘z mutaxassisligi bo‘yicha ishlab chiqarishda davom ettirib, 1968–1970-yillarda Naman­gan noto‘qima matolar ishlab chiqarish fabrikasi laboratoriya boshlig‘i lavozimida ishladi. O‘z kasbiga nisbatan nihoyatda qiziqishi, fidoyiligi, mehnatsevarligi natijasida Dilbar Akramova noto‘qima matolarni ishlab chiqarish sir-asrorla­rini puxta o‘rgandi, shuningdek, fabrikadagi ko‘plab yoshlarga bilim va ko‘nikmalarini singdirib bordi. O‘ziga nisbatan o‘ta talabchan Dilbar Akramova har sohada tengdoshlari va ham­kasblariga o‘rnak bo‘lgani bois, 1970-yilda shoyi ishlab chiqa­rish kombinatida yoshlar yetakchisi bo‘lib ish faoliyatini davom ettirdi. Ish jarayonida sohani yanada rivojlantirish borasi­dagi talab va takliflarni izchil o‘rganib, uni amaliyotga tat­biq etdi hamda ijobiy natijalarga erisha oldi.

1975-yilda Dilbarxon avrli shoyi ishlab chiqarish kombi­nati pillakashlik korxonasiga rahbar o‘rinbosari lavozimiga o‘tkazildi. Ipak mahsulotlariga bo‘lgan talab jahon bozorida oshib borayotganligini hisobga olgan D.Akramova o‘z navbatida kombinatda mahsulot hajmini bosqichma-bosqich oshirish bo­rasida o‘z mulohazalarini va izlanishlarini amalga oshirib bordi. Mana shunday jarayonlarda u o‘zining tashabbuskorligi bilan korxonada hurmatga sazovor bo‘ldi.

Qaysi korxona yoki tashkilotda ishlamasin, o‘z maqsadlari yo‘lidan og‘ishmaydigan qahramonimiz 1986-yilda Namangan badiiy buyumlar fabrikasida direktor lavozimida o‘z fao­liyatini davom ettirdi. Ushbu fabrikada o‘n yil davomida sa­marali mehnat qilgan Dilbarxon Akramova o‘z jamoasi bilan bir oiladek bo‘lib ishladi hamda fabrikaning rivojlanishi­ga munosib hissasini qo‘shdi.

1996-yildan boshlab O‘zbekiston Mehr-shafqat va salomat­lik jamg‘armasi Namangan viloyati bo‘limi raisi lavozimida ishlab, yuzlab qalblarga mehr ulashish bilan birga yurtdoshla­rining salomatligini tiklashda ham qo‘lidan kelgan yordami­ni ayamadi. Bu orada Namangandagi nufuzli xotin-qizlardan biriga aylanib ulgurgan Dilbar Akramova o‘zi kabi jo‘shqin hayotga intiluvchan, kasbini sevuvchi talay yoshlarga ustozlik qildi.

Sir emas: o‘zbek milliy matolari bugungi kunda dunyo moda­lar olamida yuqori baholanadi. Ko‘hna Namanganda to‘qiladi­gan rang-barang va betakror matolar – jilosi ko‘zni qamashti­ruvchi atlaslar, san’at asari kabi ko‘plab mamlakatlarda o‘z shinavandalari qalbini zabt etgan adrasu shoyilar sanoatining yanada takomilla­shuvida o‘z kasbining mohir ustasi Dilbar Akramovaning salmoqli hissasi bor, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

Mahalladoshlari, hamyurtlari taqdiriga befarq qaray olmaslik Dilbar Akromovaga ota-onasidan meros. U o‘zi istiqomat qilgan mahallasida tuzilgan “Keksalar maslaha­ti” guruhining jamoatchi a’zosi sifatida mahalladagi yosh oilalardan, turmushi­da qiyinchiliklarga uchragan kishilardan maslahat va yordamlarini ayamasdi. Turli korxona va tashkilotlarda mas’uliyatli lavozimlarda ishlab yurgan kezlarida ham mahalladoshlari uchun vaqt ajratishni o‘z burchi deb hisobladi. Mahallada bo‘ladigan tadbirlar, ommaviy hasharlar va to‘y-ma­rakalarga bosh-qosh bo‘lib, milliy an’ana va qadriyatlarimizni asrab-avaylash, o‘za­ro hurmat va mehr-oqibatli bo‘lish, ortiq­cha shuhratparastlik va isrofgarchilikka yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha yoshlarga ibrat bo‘la oldi, shuningdek, doimiy ravishda kam ta’­minlangan, boquvchisini yo‘qotgan, nogiron­ligi bor, xalqona qilib aytganda, o‘zgalar parvarishi va mehriga muhtoj oilalarga g‘amxo‘rlik qildi. Dilbar Akromova bay­ramlarni kam ta’minlangan va ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar holidan xabar olishdan boshlar, qo‘ldan kelgancha ularga ko‘maklashar edi.

Elda “Oltin olma, duo ol”, deb bejiz aytilmagan. Ko‘plab yurtdoshlari duosini olgan Dilbar Akramova “O‘zbekiston Qahra­moni” unvoni bilan taqdirlandi.

Dilbar Akramova oilada oqila rafiqa, mehribon ona edi. Turmush o‘rtog‘i Jo‘raev Abdullajon bilan birga uch nafar farzand­ni har tomonlama elga manzur qilib tar­biyaladi. Katta farzandi muhandis, qolgan ikki nafari o‘qituvchik kasbini egalladi.

Hayoti va faoliyatidagi fidoyiligi yuk­sak martaba va ulkan muvaffaqiyatlar olib keldi. Dilbar Akramova ibratli hayot yo‘li­ni bosib o‘tdi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//