Allaniyaz Uteniyazov


14:09 / 16.09.2021 4810 0

 

1936-yil 8-fevralda Kegeyli tumani Qazayaqli ovulida tug‘ilgan.

1958 – 1962-yillarda Nukus davlat pedagogika institutining chet tillar fakultetida o‘qigan.

1992-yilda “O‘zbekiston xalq o‘qituvchisi” unvoni,

1995-yilda “Mehnat shuhrati” ordeni,

2001-yilda “O‘zbekiston Qahramoni” unvoniga sazovor bo‘lgan.

2006-yilda vafot etgan.

 

Ovullarda yashash sharoiti og‘ir bo‘lgani uchun 1949-yili ona-bola tog‘asining yoniga – hozirgi Nukus tumani Uzunko‘l ovuliga ko‘chib kelishadi. Allaniyaz Nukus shahridagi maktabda o‘qib, bo‘sh vaqtlarida meva, poliz mahsulotlari yetishtirar, onasi ularni bozorga olib borib so­tib kelardi.

Nukus davlat pedagogika institutini tomomlab, o‘rta mak­tabda o‘qituvchilik faoliyatini boshlaydi. Talabalik davrida ham, o‘qituvchilik kezlarida ham urushda boquvchisini yo‘qot­ganlarga, beva-bechoralarga, urushdan nogiron bo‘lib qaytgan­larga qo‘lidan kelganicha yordam berardi. Ayni shu faolligi, elparvarligi bilan yurtdoshlarining nazariga tushdi.

U 40 yil davomida mohir ustoz sifatida yosh avlodga chet tilini o‘rgatish bilan birga, shogirdlari qalbiga vatanpar­varlik, mehr-muruvvatlilik, insonparvarlik fazilatlarini singdirishga alohida e’tibor qaratdi. Uning fikricha, ustoz o‘quvchilari ongi-shuuriga mana shu hislatlarni jo eta olsagina, yosh avlodning aql-idroki, bilim va tajribalari ezgulikka xizmat qiladi, qiyinchilik va muammolarni yengishi oson ke­chadi, jamiyatimizning mustaqil fikrli a’zosiga aylanadi. A.Uteniyazov bunday tarbiyani amalga oshirishda pedagoglar islom dinimiz, ota-bobolarimiz tajribasida sinalgan xalq pedagogikasi ta’limotlariga tayanishi zarur, deb hisoblardi.

A.Uteniyazovning ta’lim samaradorligini oshirib bo­rishdagi zarur ko‘rsatmalaridan biri bu – zamonaviy texnolo­giyalar vositasida dars o‘tish, elektron darsliklardan foyda­lanish, internet tarmoqlari ma’lumotlari bilan darslarni boyitish, lingafon, komp’yuter xonalaridan samarali foydalanish.

So‘z bilan ish birligi – Allaniyaz Uteniyazovning faoliyatida, jamoat orasida topgan obro‘, erishgan muvaffaqiyatlari­ning asosiy omillaridan biri bo‘lsa, ajabmas. Fidoyi ustoz 42 yillik mehnat faoliyati davomida 36 oilaga turar joy, 2 ta maktab, 2 ta bolalar bog‘chasi, 2 ta tibbiyot punkti... farzandi Ajiniyaz bilan ehtiyojmandlarga yana 42 ta turar joy qurib berib, dunyodagi eng mehr-saxovatli insonlarning biriga ay­landi.

1999-yili Nukus tumanida “Saxovat” fermer xo‘jaligini tashkil etib, olma, o‘rik, shaftolizorlar barpo etdi. Xo‘jalik hududidagi ishsiz aholini ish bilan ta’minladi. Aytishlari­cha, suv tanqis bo‘lgan 2001-yili Allaniyaz Uteniyazov Qizketkan kanalidan aravada suv tashib daraxtlarni sug‘organ. O‘sha bog‘lar hozir ham mo‘l hosil berib turibdi. Uning mevalaridan, avva­lo, Xo‘jayli tumanidagi “Mehribonlik uyi” tarbiyalanuvchi­lari bahramand bo‘lishgan.

Ingliz tili muallimining mehr-saxo­vatli ishlari haqida xabar topgan nafaqat yurtdoshlarimiz, xorijiy gazetalarda o‘qi­gan millioner, madaniyat va fan arboblari, dunyoga tanilgan chempion, estrada yulduzla­ri, taniqli insonlar unga ehtirom, min­natdorchilik xatlari yo‘llaganlar.

Jumladan, Kuba davlati rahbari Fi­del Kastro shunday yozgan: “Siz o‘zingizning saxovatingiz bilan ko‘plab insonlardan yuksakda turasiz. Sizning bu fazilatingiz yosh avlodni tarbiyalashda hali ko‘p namuna bo‘lajak”.

Boks bo‘yicha jahon chempioni V. Klichko esa o‘z tuyg‘ularini quyidagicha ifodalay­di: “Sizning 30–35 yillik mehr-muruvvat­ga to‘la himmatingizni har safar ringdagi jang oldidan 30–35 soniya xayolimda jon­lantiraman, sizni ko‘z oldimga keltirib, ibratingizdan madad olaman. Shu vaqt o‘zimda qo‘shimcha, yengilmas kuch-quvvat to‘planganday sezaman va, albatta, g‘alabaga erishaman”.

Oddiy muallimning saxovatlaridan hayratga tushgan argentinalik millioner X. Sapun bo‘lsa, shunday yozgan ekan: “Mening qo‘l ostimda to‘rt ming odam ishlaydi, boy­ligim ko‘p. Biroq mening boyligim sening boyliging oldida chirik. Sening insoniy­lik, ma’naviy boyliging hech o‘lmaydi. Sening bu xizmatlaring men uchun ulkan yangilik. O‘qib hayron qoldim. Sening muruvvating menga katta saboq bo‘lib, o‘zim-da mehr-shafqatli bo‘lishga bel bog‘ladim”.

Mehnat faxriysi Allaniyaz Uteniyazov “O‘zbekiston Qahramoni” unvoniga sazovor bo‘ldi. Hayot yo‘li haqida gap ketsa, Allani­yoz og‘a: “O‘zbekiston Qahramoni” atog‘ini ol­ganim men uchun ulkan maqtanish”, – derdi faxr bilan. Uning hayot va faoliyati oltin uzukka yoqut ko‘z kabi qahramonlik sharafi­ni bezab turibdi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//