Said Ahmad


14:09 / 15.09.2021 3816 0

 

1920-yil 10-iyunda Toshkentning “Samarqand darvoza” mahallasida tug‘ilgan.

Benkov nomidagi tasviriy san’at bilim yurtida va Toshkent pedagogika institutida (1940 – 1943) ta’lim olgan.

“O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi” (1968), Davlat mukofoti laureati (1977), “O‘zbekiston xalq yozuvchisi” (1980), “Shuhrat” (1994) medali, “Do‘stlik” (1995) va “Buyuk xizmatlari uchun” (1997) ordenlari sohibi.

1999-yilda “O‘zbekiston Qahramoni” unvoni bilan taqdirlangan.

2007-yilda vafot etgan.

 

O‘zbek nasrining peshqadam vakillaridan bo‘lgan Said Ahmad Husanxo‘jaev o‘rta maktabni bitirgach, Benkov nomidagi tasviriy san’at bilim yurtida va Toshkent pedagogika oliygohida bir muddat ta’lim olgan. Yoshligidan Abdulla Qodiriy, G‘afur G‘ulom, Abdulla Qahhor asarlarini sevib mutolaa qilgan, turli adabiy davralarda ishtirok et­gan Said Ahmadning ijodga havasi erta uyg‘onadi. 1938 – 1947-yillarda “Mushtum” jurnali, O‘zbekiston radiokomiteti, “Qi­zil O‘zbekiston” (hozirgi “O‘zbekiston ovozi”) gazetasi va “Sharq yulduzi” jurnallarida adabiy xodim bo‘lib ishlagan davrida vaqtli matbuot Said Ahmad uchun ijod dorilfununi vazifa­sini o‘tagan.

Yozuvchining “Tortiq” nomli ilk hikoyalar to‘plami 1940-yilda nashr etiladi. Ikkinchi jahon urushi va urushdan keyingi yillarda Said Ahmad ko‘plab feleton, ocherk va hikoyalar yozdi. Uning “Er yurak” (1942), “Farg‘ona hikoyalari” (1948) to‘pla­mi, “Muhabbat” (1949) va “Qadrdon dalalar” (1949) kitoblari o‘quvchilar e’tiboriga tushdi. Ammo... o‘tgan asrning 50-yilla­rida ko‘p ziyolilar singari Said Ahmad ham sobiq tuzum qa­tag‘oni azoblarini tortdi. U 1950 yilning 10 may kuni “xalq dushmani, aksilsho‘roviy millatchilar guruhi a’zosi, zararli g‘oyalar targ‘ibotchisi” deb ayblanib, Qozog‘istondagi Jezqazg‘an siyosiy maxbuslar lageriga hukm qilindi. Stalin vafotidan so‘ng oqlanib, 1955-yil mart oyida ozodlikka chiqdi.

Ona yurtga qaytgan Said Ahmad astoydil ijodga kirishadi. U “Cho‘l hikoyalari” (1960) to‘plamiga kirgan hikoyalarida za­mondoshlarining murakkab taqdiri, ruhiy kechinmalari, Ik­kinchi jahon urushining dahshatli oqibatlarini tasvirlaydi, urush qahramonlarini ulug‘laydi.

Adibning zamonaviy mavzuda yozilgan “Cho‘l burguti”, “O‘rik domla”, “Lochin”, “Odam va bo‘ron”, “Bo‘ston”, “To‘yboshi” kabi asarlari Said Ahmad ijodida ham, o‘zbek nasrida ham yangi­lik bo‘lgan.

Said Ahmad kichik hikoyalardan asta-sekin yirik polotno­lar yaratishga o‘tdi. “Qadrdon dalalar” (1949), “Hukm” (1958) qissalaridan keyin yozilgan “Ufq” (1964 – 1974) trilogiyasida millat hayotining Ikkinchi jahon urushi va[П1]  urushdan keyin­gi o‘n yillik davri qamrab olingan: o‘sha yillari xalq boshiga tushgan musibatlar, odamlarning dardu armonlari, oddiy insonlarning og‘ir musibatlarni yengishdagi matonat va shijo­atlari yozuvchi iste’dodiga xos yorqin mahorat bilan aks etti­rilgan.

Adib feleton janrida ham samarali ijod qilgan. Uning vaqtli matbuotda muntazam chop etilib turgan feletonlarida jamiyat taraqqiyotiga to‘siq bo‘lgan poraxo‘rlik, o‘g‘irlik, dan­gasalik kabi illatlar va yaramas urf-odatlar fosh qilingan, xayotning muhim ma’naviy masalalari mavzu qilib olingan.

Said Ahmad istiqlol yillarida hayotdagi ijobiy o‘zgarishlar haqida ko‘plab maqola, badialar yozdi. “Yo‘qotganlarim va topganlarim” (1998) xotiralar to‘plami, “Qorako‘z majnun” (2001), “Kiprikda qolgan tong” (2003) to‘plamlari, uch jildli “Tanlangan asarlar”i (2000), “Zilzila” (2005), “Toshlarda qot­gan hayrat” (2006) to‘plamlari chop etildi. Yozuvchining o‘zi yaqindan muloqotda bo‘lgan ustoz adiblar: Oybek, G‘afur G‘ulom, Abdulla Qahhor, Maqsud Shayxzoda, Shuhrat, Mirte­mir, hayotining barcha sinovlarida ma’nan, qalban yaqin yo‘ldoshi, sadoqatli yori – ajoyib shoira, yozuvchi Saida Zunnunova kabi atoqli adiblar, shogirdlari, hayot va ijod yo‘li haqidagi xotira-esselaridan iborat “Yo‘qotganlarim va topganlarim” kitobi adibga katta shuhrat keltirdi.

Said Ahmad dramaturg sifatida ham ta­nilgan. “Kelinlar qo‘zg‘oloni”, “Kuyov”, “Far­monbibi arazladi”, “O‘rik domla”, “Hasan bilan Husan” kabi sahna asarlarining mu­allifidir. Uning pesalari O‘zbek Milliy akademik teatri va Qozoq Milliy akademik teatrlarida, respublikamizning viloyat teatrlarida, “Kelinlar qo‘zg‘oloni” pesasi Amerika Qo‘shma Shtatlari hamda dunyoning boshqa ko‘plab mamlakatlari teatrlarida sahnalashtirilgan. Said Ahmad ssenariyla­ri va pesasi asosida “Muhabbat mojarosi” (1971), “To‘ylar muborak” (1978), “Kelinlar qo‘zg‘oloni” (1985) nomli badiiy filmlar tasvirga olingan.

Adibning ko‘pgina asarlari qardosh va xorijiy tillarga tarjima qilingan. Said Ahmad – O‘zbekiston davlat mukofoti laure­ati. Uning adabiyot oldidagi xizmatlari mu­nosib taqdirlandi. “O‘zbekiston Qahramoni” unvoniga sazovor bo‘ldi.

Said Ahmad bilan xassos shoira Saida Zunnunovaning qattol tuzumning og‘ir si­novlarida toblangan, o‘sha zamon istibdod­laridan g‘olib muhabbati, hayot va ijodlari haqida Nodira Husanxo‘jaeva ssenariylari asosida iqtidorli rejissyor Nozim Abbo­sov “Said va Saida” nomli badiiy film va “Sabru sadoqat” teleserialini tomoshabin­larga taqdim etdi.


 [П1]

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//