Ahmad Yugnakiy


16:09 / 10.09.2021 4125 0

 

Ilk islom davrining turkiy tildagi madaniyat obidalari bizgacha juda kam yetib kelgan. Hozircha turkiy adabiyotning bizga ma’lum namoyandasi mashhur “Hibat ul-haqoyiq" asarining muallifi Ahmad Yugnakiydir. U haqidagi ma’lumotlarni biz XV asrga oid Alisher Navoiy, Arslon xoja Tarxon va boshqalar yozib qoldirgan ma’lumot hamda shoirning o‘z yozganlaridan bilamiz.

Ahmadning bobosi Movarounnahrda islom dinini ilk qabul qilgan turkiy qavmlardan bo‘lib, bu voqea taxminan Qutayba zamonida (milodiy 706–715-yillar orasida) yuz bergan. Bo‘lg‘usi shoirning otasi Mahmud Yugnakiy VIII asrning birinchi yarmida dunyoga kelgan. Manbalarda Ahmadning tug‘ilgan joyi Yugnak deb ataladi. Bu nomdagi qishloqlar qadimgi Samarqand atrofi, Farg‘ona vodiysi va Sirdaryo bo‘ylarida mavjud bo‘lgan. Mahmud Yugnakiyning yigit bo‘lib yetilgan davrlari Abu Muslim Ummaviylar sulolasiga qarshi qurolli qo‘zg‘olon boshlagan 747–750-yillarga to‘g‘ri keladi. Adib Ahmad ham shu davrlarda tavallud topgan bo‘lishi kerak. U onadan ko‘zi ojiz tug‘ilgan. Alisher Navoiy bu haqda shunday yozadi: “Haq subhonahu va taolo agarchi zohir ko‘zin yopuq yaratgandur, ommo ko‘ngil ko‘zin bag‘oyat yoruq qilg‘ondur”. Ahmad yoshligidan juda qobiliyatli va ziyrak bo‘lgan. Ko‘zi ojizligi sababli o‘zga turk yigitlari singari ot minib, qilich chopishga emas, Qur’oni karimni yod olib, Rasululloh hadislarini o‘zlashtirishga jiddu-jahd ko‘rsatgan.

Uning o‘smirlik chog‘larida oilasi Bag‘dod yaqiniga ko‘chib borgan bo‘lsa kerak, uydan necha chaqirim piyoda yo‘l bosib Bag‘dodga, islom olamining eng buyuk alloma ustozlaridan, hanafiya mazhabining asoschisi Imomi A’zam Abu Hanifa an-No‘mon ibn Sobit (699–767) huzuriga saboq olish uchun qatnay boshladi. Ushbu darslarda ilk islom madaniyatining yetakchi allomalari imom Abu Yusuf al-Ansoriy (731–804) va imom Muhammad ash-Shaybon (749–805) Ahmadning hamsaboqlari bo‘lgani haqida Alisher Navoiy keltirgan ma’lumotlar nihoyatda diqqatga sazovordir. Imomi A’zam Ahmadni barcha shogirdlaridan a’lo ko‘rgani haqidagi naql to XV asr Navoiy davrigacha yetib keldi va “Nasoyim ul-muhabbat” kitobida aks etdi.

Adib Ahmad islomiy bilimlarni puxta egallab, o‘sha davrning yetuk olimlaridan biriga aylandi. Bu sohada ma’lum ma’noda “al-Abad al-Kabir”, “al-Adab as-Sag‘ir” kitoblarining muallifi Ibn al-Muqaffaga (759-yili o‘ldirilgan) munosib izdosh, arab olamining buyuk adibi al-Johizga (775–868) salaf bo‘ldi. Uning ilmiy-nazariy risolalar yozgan yoki yozmagani bizga noma’lum.

Adib Ahmad salohiyatli shoir va axloq muallimidir. Undan bizgacha yetib kelgan yagona yaxlit asar “Hibat ul-haqoyiq” (“Haqiqatlar tuhfasi”) dostoni bo‘lib, 484 misradan iborat. Bu asarning bugungacha 3 ta to‘liq qo‘lyozmasi, 2 ta ayrim parchalari saqlanib qolgan. Eng qadimgisi 1444-yili Samarqandda Ulug‘bekning nufuzli amirlaridan Arslon xoja Tarxon topshirig‘iga ko‘ra, kotib Zaynul Obidin ibn Sultonbaxt al-Jurjoniy al-Husayniy tomonidan uyg‘ur yozuvida ko‘chirilgan. Matn orasidagi oyat, hadis va ayrim baytlar arab yozuvida. Asar nomi mazkur nusxada “Atabatul haqoyiq” (“Haqiqat eshiklari”) deb ko‘rsatilgan. Keyingi nusxa uyg‘ur va arab yozuvlarida bo‘lib, 1480-yili Turkistondan Istanbulga borib qolgan iste’dodli kotib Shayxzoda Abdurazzoq baxshi tomonidan ko‘chirilgan. Turk olimi Najib Osim 1914–1916-yillarda ushbu nusxani topib, tadqiq etib nashrdan chiqardi. Uchinchi qo‘lyozma arab xatida bo‘lib, unga Turkiya sultoni Boyazid II ning (1481–1512) muhri bosilgan. Demak, bu nusxa ham XV asr oxiri XVI asrning boshida ko‘chirilgan bo‘lib chiqadi.

Asar 14 bobdan iborat, birinchi 5 bobini muqaddima qismi deb atash mumkin. Unda yagona Allohi taologa hamd, Rasululloh (SAV)ga na’t, to‘rt ulug‘ sahobalar – xulafoyi roshidin madhi, amir Muhammad Dodsipohsolorbek va fazilat egasi Anas ibn Muoviyaga bag‘ishlangan madhiyaviy satrlar mavjud. Muqaddima qismining oxirida dostonning yozilish sababi bayon etilgan. Asar Xuroson yoki Movarounnahrda yaratilgan bo‘lishi kerak, chunki buyuk amir Muhammad Dodsipohsolorbek turk va ajam mamlakatlarining hukmdori deb ulug‘langan, arablar eslanmagan. Ammo Anas ibn Muoviya nomining tilga olinishi rasman hali bu yurtlar Abbosiylar xalifaligiga tobeligiga ishora qilib turadi.

“Hibat ul-haqoyiq” asari yozilgan davrda forsiy va turkiy dostonlar uchun umumiy bo‘lgan muayyan she’riy shakl (ya’ni, aa, bb, vv usulida qofiyalanuvchi masnaviy shakli) hali-hanuz mavjud emas edi. Shu bois asarning madhiyaviy kirish qismlari o‘sha davr arab adabiyotiga xos bo‘lgan qasida janridan ijodiy foydalanib yozilgan. Ammo dostonning asosiy qismi va xulosasi qadim turkiy og‘zaki adabiyotda keng qo‘llanilgan to‘rtliklar shaklida yaratilgan. Shu sababli doston hajmini baytlar (2 satrli band sistemasi) bilan o‘lchash to‘g‘ri emas.

Ahmad Yugnakiy nomiga “Adib” so‘zi qo‘shib aytilishi ma’lum sababga ega. U o‘zini shoir emas, balki adab ilmi namoyandasi deb biladi. Dostoni ham turkiy elatlarga islomiy odob qoidalari, ma’naviy-axloqiy kamolot sirlaridan ta’lim berishga mo‘ljallangan. Buni boblarning sarlavhasidan ham anglash mumkin. Birinchi bob (annav’ul-avval) – “Ilm manfaati va jaholatning zarari haqida” deb atalgan. Ma’lumki, islomning ilk nozil bo‘lgan oyatlari “Iqra!” (ya’ni, “O‘qi!”) deb boshlanadi va ilmga tashviq etish islom ma’naviyatining muhim asoslaridan birini tashkil etadi. Doston matni orasida payg‘ambarimizning “Ilm Chin eli (ya’ni Xitoy)da bo‘lsa ham, o‘rganing!” degan hadisi arab tilida keltirilgan va ushbu fikr turkiy to‘rtliklar shaklida sharhlangan. “Saodat yo‘li bilim bilan bilinadi”, deydi adib. U bilim egasi bo‘lgan ayol kishini erlar qatorida ko‘radi, bilimsiz erkakni esa ayoldan ham zaif biladi.

Alisher Navoiy o‘z asarida Adib Ahmad dostonining ushbu bobidan eng erkin timsolni keltirgan:

 

So‘ngakka ilik tur, eranga bilik,

Biliksiz eran ul iliksiz so‘ngak.

 

Arslon xoja Tarxon tuzdirgan matnda shu satrlar biroz boshqacharoq jaranglaydi:

 

So‘ngakka yiliktek eranga bilik,

Eran ko‘rki aql, ul so‘ngaknung yillik.

 

Bilim egasi vafot etganda ham uning nomi boqiy qoladi, deb xulosalaydi shoir, ammo bilimsiz kishi tirigida ham o‘likdan farqi yo‘qdir. Adib Ahmad bilimsizlikni qoralab, yana Rasululloh (SAV) hadislariga murojaat etadi: “Tangri hech qachon johillarni aziz qilgan emas”. Ilm qadriga faqat ma’rifatli odam yetadi, nodonga esa nasihat befoydadir. Adib Ahmadning fikricha, bilim tuganmas boylikdir: u faqir kishini boy etadi, ilm ahlini esa arab ham, ajam ham olqishlaydi.

Darhaqiqat, Adib Ahmad yashagan davr, amerika olimi Frans Rouzental ta’biri bilan aytganda, “ilm tantanasi”ning boshlanishi edi. Xalifa Ma’mun (813–833) davriga kelib, Movarounnahr va Xuroson olimlari yetakchiligida Bag‘dodda “Bayt ul-hikma” (“Hikmat uyi”, ya’ni o‘sha davrning birinchi “Fanlar akademiyasi”) ish boshladi. Adib Ahmad mintaqa madaniyatidagi ushbu mislsiz kamolot yo‘lining ibtidosida turar edi. Ammo davr murakkab, o‘ta ziddiyatli ham edi. Bu holat ilk turkiy pandnomaning keyingi boblari mundarijasida o‘z aksini topgan. Ikkinchi bob “Tilni tiyish va boshqa odoblar haqida” deb nomlanadi. Bu bobdagi mashhur satrlar – “Tiling bekta tutg‘il, tishing sinmasun, Qali chiqsa bekta, tishingni siyur” yana Alisher Navoiyning Adib Ahmad haqida yozganlarida biroz o‘zgargan holda takror etiladi. Adib fikricha, kishi boshiga har qanday ish tushsa, tili tufayli sodir bo‘ladi, ba’zilar yaxshilik ko‘radi, ba’zilar afsus chekadi. Axmoq odamning tili – dushmani, ko‘p kishilarning tili tufayli qoni to‘kildi. Adib Ahmad behudago‘ylik va yolg‘on so‘zlashni qattiq qoralaydi. So‘zning to‘g‘risi va qisqasi yaxshi deb hisoblaydi. Bob davomida sir saqlashning muhimligi ta’kidlanadi, “Hatto yaqin do‘stingdan ham ehtiyot bo‘l”, deya ogohlantiradi shoir. Bunday ogohlantirishlar zamonaning qaltisligini eslatib turardi. Uchinchi bob ham shunga muvofiq “Dunyo holatlarining o‘zgarib turishi va dunyo ahlida vafo kamligi haqida”. Adib Ahmad o‘z asarini keksalik chog‘ida yozgani ushbu bob mazmunidan seziladi. Bu davrda Bag‘dod adabiy-ilmiy muhitidan ajralib, o‘z ota yurtiga qaytgan bo‘lsa kerak. Adib dunyoning o‘tkinchiligi, kishi umrining yeldek o‘tishi, obod o‘lkalar xarob bo‘lib, donolarning ko‘pi dunyoni tark etganini afsus bilan qayd qiladi. Dunyo bir qo‘li bilan kishiga asal tutsa, ikkinchi qo‘li bilan og‘u tutadi. Shu sababli “Yeguliging va kiyguliging bor bo‘lsa, ko‘p ham mol-dunyo yig‘ishga ruju qo‘yma”, deydi adib.

“Hibat ul-haqoyiq” asari asosiy qismining keyingi 4–7-boblari ham insonlarning yuksak fazilatlarini ta’riflash, nuqsonlarini qoralashga bag‘ishlangan. Ularda saxovat, qo‘li ochiqlik, tavoze, insonlarga mehrli bo‘lish, vafoli, shavqatli, halim tabiatli, kechiruvchan, kamtar bo‘lish targ‘ib qilinadi, baxil va ochko‘zlik, molparastlik, g‘azabnok va takabburlik, riyokorlik, besabrlik, zulm va zo‘ravonlik, safsatabozlik qattiq qoralanadi.

Asar boshdan oyoq tavhid e’tiqodiga tayanadi, muallif fikrlari Alloh taoloning muborak oyatlari, Rasululloh (SAV)ning hikmatli hadislari bilan dalillanadi. Turkiy tilda bitilgan she’riy matn orasida qator oyatlar, 20 dan ortiq hadislarning asl arabiy matni keltirilgan, ular turkiyda she’r vositasida sharh etilgan. Asarda arabiy so‘zlarning nisbatan ko‘p uchrashi ham Bag‘dod maktabining ta’siri bo‘lsa kerak. Umumiy olganda “Hibat ul-haqoyiq” til jihatidan juda qadimiy, ammo asrlar davomida ko‘p ko‘chirilib, kotiblar tomonidan tushunish qiyin jumlalar soddalashtirilgan, keyingi asrlar til unsurlari asarga ancha ta’sir ko‘rsatgan. Shu bois uzoq vaqt Adib Ahmad yashagan davr haqida XII–XIII asrlar degan yanglish tasavvur mavjud bo‘lgan. Doston ilmiy-tanqidiy matnlari 1951-yili turkiyalik olim Rashid Rahmat Arat, 1972-yili o‘zbek olimi Qozoqboy Mahmudov, keyinchalik Qozog‘iston olimlari tomonidan turli qulyozmalarni chog‘ishtirib tayyorlandi va chop etildi. Bu nashrlar barchasi XV–XVI asrlar matniga tayanadi, chunki qadimiyroq qo‘lyozmalar saqlanib qolmagan. Dostonning barcha mavjud qo‘lyozmalarida asl muallif matni oxiriga ilova qilib, bir noma’lum kotib (yoki shoir) va Amir Sayfiddin (shoir Sayfiy)ning alohida to‘rtliklari hamda Arslon xoja Tarxonning 10 baytli masnaviysi ilova qilingan. Bu she’riy ilovalar keyingi asrlarda qo‘shilgan bo‘lib, til xususiyatlariga ko‘ra ham Adib Ahmad asaridan farq qiladi. Ular mazmuni asosan doston muallifini ta’rif etish, uning hayoti va ijodi haqida qo‘shimcha ma’lumotlar berishga qaratilgan. Arslon xoja Tarxon Adib Ahmad asarini “qashqariy til bila” yozilgan deydi, ammo muallifning o‘zi – “Anin ush chiqardim bu turkiy kitabi deb”, yozgan edi. Demak VI–VII asrlarda shakllanib bo‘lgan umummintaqa turkiy tilini Adib Ahmad davrida “turkiy” atashgan bo‘lsa, keyinchalik madaniy-adabiy markaz Qoraxoniylar poytaxtiga ko‘chgach, uni “koshg‘ariy” til deb atash rasm bo‘lgan va Ulug‘bekning amiri ushbu keyingi atamadan foydalangan. Umuman, Adib Ahmad dostoni til xususiyatlarini Kultegin, Tunyuquq, Bilga qoon bitiklari bilan qiyoslab o‘rganish turkiy madaniyat takomilini to‘g‘ri anglab yetishda katta ahamiyat kasb etadi.

Ilk islom mutafakkirlaridan bo‘lmish Adib Ahmad Movarounnahr va Xurosonda turkiy elatlar madaniyatini yuksaltirishga katta xizmat qildi. XI–XII asrlarda ijod etgan Mahmud Koshg‘ariy, Yusuf Xos Hojib, Ahmad Yassaviy kabi nafaqat o‘zbek xalqi, balki butun turk olami, hatto islom mintaqasining buyuk allomalari ijodiga Adib Ahmadning ta’siri beqiyosdir. Alisher Navoiy u haqida shunday yozadi: “Xeyli elning muqtadosi ermish. Balki aksar turk ulusinda hikmat va nuqtalari shoedur. (Ko‘pgina el unga iqtido qiladilar, ya’ni ergashadilar. Uning hikmatli satrlari va nozik ishoralari aksariyat turkiy xalqlar orasida tarqalgandir). Darhaqiqat, asosan masnaviy shaklida yozilgan “Qutadg‘u bilik” asari tarkibida yuzlab turkiy to‘rtliklar uchraydiki, vazn va qofiyalanishi, ba’zan mazmuniy yo‘nalishi ayni Adib Ahmad dostonidagi to‘rtliklarning o‘zidir. Ahmad Yassaviy hikmatlarida ham muvofiq joylar yo‘q emas.

“Hibat ul-haqoyiq” asari O‘zbekistonda keng o‘rganilib, o‘zbek adabiyoti tarixi darsliklariga kiritilgan.

 

“Ma’naviyat yulduzlari” (Toshkent: Abdulla Qodiriy nomidagi xalq merosi nashriyoti, 1999) kitobidan olindi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//