(783 – 850)
Buyuk matematik, astronom va geograf Muhammad al-Xorazmiy VIII-asrning oxiri va IX asrning birinchi yarmida yashab ijod etdi. Bu davrda Markaziy Osiyo arab xalifaligi tarkibiga kirar edi.
Rivojlanib kelayotgan mavjud tuzum taqozo qilgan ijtimoiy-iqtisodiy talablar bu davrdagi taraqqiyot jarayonining asosiy omillaridan biri bo‘ldi. Qurilish, savdo-sotiq, hunarmandchilik, dehqonchilik va boshqa sohalarni yanada taraqqiy ettirish uchun astronomiya, geodeziya, geometriya kabi fanlarni rivojlantirish zaruriyati tug‘ildi. O‘sha davrning ilg‘or olimlari bu fanlarning amaliy ahamiyati haqida aniq tasavvurga ega bo‘lib, Muhammad al- Xorazmiy esa shu olimlarning peshqadami va yo‘lboshchisi edi.
Xorazmiy dunyo faniga g‘oyat katta hissa qo‘shdi. U algebra fanining asoschisi bo‘ldi. “Algebra” so‘zining o‘zi esa uning “Al-kitob al-muxtasar fi hisob al-jabr va al-muqobala” nomli risolasidan olingan. Uning arifmetika risolasi hind raqamlariga asoslangan bo‘lib, hozirgi kunda biz foydalanadigan o‘nlik pozitsion hisoblash sistemasi va shu sistemadagi amallarning Ovro‘pada tarqalishiga sabab bo‘ldi. Olimning “al-Xorazmiy” nomi esa “algoritm” shaklida fanda abadiy o‘rnashib qoldi. Uning geografiyaga doir asari esa arab tilida o‘nlab geografik asarlarning yaratilishiga zamin yaratdi. Xorazmiyning “Zij” asari Ovrupoda ham, Sharq mamlakatlarida ham astronomiyaning rivojlanish yo‘lini ko‘rsatib berdi. Lekin afsuski, fanning bir necha tarmoqlariga asos solgan, “o‘z davrining eng buyuk matematigi va agar barcha shart-sharoitlar nazarga olinsa, hamma davrlarning ham eng buyuklaridan biri” (J.Sarton) bo‘lgan bunday siymoning hayoti haqida ma’lumotlar deyarli saqlanmagan.
Xorazmiy Xorazm o‘lkasida tug‘ilib, o‘sdi. Adabiyotlarda 783-yil uning tug‘ilgan yili deb qabul etilgan. U dastlabki ma’lumot va turli sohadagi bilimlarni asosan o‘z yurtida, Markaziy Osiyo shaharlarida ko‘pgina ustozlardan olgan, deb bilmoq mumkin.
Manbalarda Xorazmiyning ismiga yana al-Majusiy va al-Qutrubbuliy degan atamalar ham qo‘shib aytiladi. Bularning birinchisi olim Xorazmning asli mahalliy aholisidan, ya’ni otashparastlar (arabcha – “majus” – otashparast degani) oilasidan, balki otashparastlik dinining kohinlari oilasidan kelib chiqqanligini, shu bilan birga olimning o‘zi yoki otasi majusiy bo‘lib, ular islomni keyin qabul qilganligini ko‘rsatadi. Xorazmda majusiylar islomdan keyin ham uzoq muddat o‘z diniy urf-odatlarini saqlab kelgan. Bu haqda Beruniy o‘zining “Osori boqiya” asarida guvohlik beradi. Keltirilgan ismlarning ikkinchisi, Xorazmiy mo‘ysafidlik yillarini Bag‘dod yaqinida Dajla bo‘yidagi al-Qutrubbul dahasida o‘tkazganligini ko‘rsatadi. Odatda arablar biror kishining xarakterli xususiyatlari, hunarlari, sevimli odatlari yoki yashash joylariga qarab, unga bir necha xil ism “nisbalar” beradilar. Xorazmiyning al-Qutrubbuliy ismi ham shu tariqa paydo bo‘lgan.
Xorazm juda qadimgi madaniyatga ega bo‘lib, uning qishloq xo‘jaligi sug‘orma dehqonchilikka asoslanar, bu o‘z navbatida, astronomiya va xronologiyaning rivojlangan hisoblash usullarining mavjud bo‘lishini taqozo etar edi. Haqiqatdan ham, qadimgi Xorazmda astronomiya juda rivojlangan, xorazmliklar osmon “sirlari”ni arablarga qaraganda ancha yaxshi bilganlar. Arxeologik qazishmalar Xorazmda qadimda islomdan bir necha asr avval ham rasadxonalar bo‘lganligi va u yerda muttasil astronomik kuzatishlar olib borilganligidan guvohlik beradi. Xorazmiyning bizgacha yetib kelgan asarlarini tahlil qilish shuni ko‘rsatadiki, u yunon, hind va eron astronomiyasi va matematikasini yaxshi bilgan.
Ma’lumki, al-Ma’mun 809 yildan Marvda dastlab xalifa Xorun ar-Rashidning noibi, so‘ng 813-yildan boshlab xalifa bo‘ladi va 819-yili Bag‘dodga ko‘chadi. Al-Ma’mun Marvda bo‘lganida Xorazmiyni, movarounnahrlik va xurosonlik boshqa olimlarni o‘z saroyiga jalb qilgan.
Xalifa al-Ma’mun davrida Bag‘dodda Markaziy Osiyo va Xurosondan kelgan bir guruh yirik olimlar ijod etgan. Ular orasida Xorazmiy bilan bir qatorda Marvdan Yahyo ibn Abu Mansur, al-Farg‘oniy, Habash al-Marvaziy, Xolid ibn Abdumalik al-Marvar rudiy, Forobdan Abul Abbos al-Javhariy va boshqa olimlar bor edi.
Bag‘dodda al-Ma’mun otasi tomonidan asos solingan ilmiy markaz “Bayt ul-hikma” faoliyatini har tomonlama takomillashtirib, unga yirik davlat muassasasi tusini berib, avvaliga tarjimonlik faoliyatini keng ko‘lamda rivojlantirdi. Vizantiya, Hindistondan ko‘plab kitoblar keltirilib, “Bayt ul-hikma”ning faoliyat doirasi bir muncha kengaytiriladi, uning qoshida ikkita yirik rasadxona: birinchisi 828-yilda Bag‘dodning ash-Shammosiya mahallasida, ikkinchisi Damashq yaqinidagi Kasiyun tog‘ida 831 yilda barpo etiladi. Ikkala rasadxonaning ham faoliyatini Markaziy Osiyo va Xurosondan kelgan olimlar boshqaradi. Xorazmiy bu ilmiy markazning mudiri sifatida uning faoliyatini kuzatib turadi.
Xorazmiy davrida “Bayt ul-hikma”da ishlagan yirik tarjimonlar orasida Hajjoj ibn Yusuf ibn Matar, Abu Zakariyo Yuhanno ibn al-Bitriq, Hunayn ibn Is’hoq va Kusto ibn Luqo al-Ba’al-bakkiylar bor edi. Bag‘dodga kelgan Markaziy osiyolik olimlar orasida mashhur astronom Ahmad ibn Kasir al-Farg‘oniy (vafoti 816 yil)ning nomini eslatish lozim. Marvlik Yahyo ibn Abu Mansur Bag‘dodning ash-Shammosiya mahallasidagi rasadxonaning asoschisi va rahbari bo‘ldi. Rasadxonadagi ishlar haqida u “Bayt ul- hikma”ning mudiri Xorazmiyga hisobot berib turardi. Yahyo 831-yili vafot etganidan so‘ng Xorazmiy bu rasadxonani ham boshqaradi va u yerdagi kuzatishlarda faol qatnashadi. Yahyoning qalamiga mansub “Zij al-mumtahan” (“Sinalgan zij”) nomli astronomik asari ma’lum. Damashq yaqinida Kasiyun tog‘idagi rasadxonani Xolid ibn Abdumalik al-Marvarrudiy boshqaradi. U ham o‘z “Zij”ini tuzadi. Xolid Yer meridianining uzunligini o‘lchash ishlariga boshchilik qiladi.
Marvlik mashhur astronom va matematik Habash al-Hosib (“Hisobchi habash”) laqabi bilan ma’lum bo‘lgan Ahmad ibn Abdulloh al-Marvaziy ham Bag‘dodda Xorazmiy bilan hamkorliqda ishlagan. U ikkita “zij” tuzgan bo‘lib, bular O‘rta asr astronomlari tomonidan keng foydalanilgan. Tadqiqotchilarning ko‘rsatishicha, u tangens va kotangens, kosekans funsiyalarini kiritib, ularning jadvallarini ham keltirgan.
Xorazmiy bilan Bag‘dodda, keyinchalik “Ma’mun akademiyasi” deb tanilgan “Bayt ul-hikma”da ijod etgan olimlarning barchasini ham Markaziy osiyolik yoki xurosonlik deyish xato bo‘lardi. U yerda Suriya, Iroq, Eron va xalifalikning boshqa yerlaridan kelgan olimlar ham ishlagan. Biroq ular orasida Markaziy osiyoliklar salmoqli o‘rinni egallagan. Xorazmiy ana shunday ilmiy muhitda yashab ijod qildi va 850 yilda Bag‘dodda vafot etdi.
Xorazmiy qalamiga mansub 20 dan ortiq asarlarning faqat 10 tasi bizgacha yetib kelgan. Bular “Aljabr va al-muqobala hisobi haqida qisqacha kitob” algebraik asar, “Hind hisobi haqida kitob” yoki “Ko‘shish va ayirish haqida kitob” arifmetik asar, “Kitob surat ul-arz” geografiyaga oid asar. “Zij”, “Asturlob bilan ishlash haqida kitob”, “Asturlob yasash haqida kitob”, “Asturlob yordamida azimutni aniqlash haqida”, “Kitob ar-ruhoma”, “Kitob at-ta’rix”, “Yahudiylarning taqvimi va bayramlarini aniqlash haqida risola”. Bu asarlarning to‘rttasi arab tilida, bittasi Farg‘oniyning asari tarkibida, ikkitasi lotincha tarjimada saqlangan va qolgan uchtasi hali topilgan emas.
Xorazmiyning arifmetik risolasi qachon yozilgani noma’lum. Biroq unda olim algebraik risolasini eslaydi. Demak, bundan Xorazmiy arifmetik risolani algebraik risoladan keyin yozgani ma’lum bo‘ladi. Bu risola XII asrda Ispaniyada lotin tiliga tarjima qilingan. Tarjimaning XIV asrda ko‘chirilgan yagona qulyozmasi Kembrij universiteti kutubxonasida saqlanadi. Risola “Diksit Algorizmi”, ya’ni “Al-Xorazmiy aytdi” iborasi bilan boshlanadi. Bundan keyin Xorazmiy to‘qqizta hind raqamining sonlarni ifodalashdagi afzalliklari va ular yordamida har qanday sonni ham qisqa qilib va osonlik bilan yozish mumkinligini aytadi. Asarning lotincha qo‘lyozmasida hind raqamlari ko‘pincha yozilmay, ularning o‘rni bo‘sh qoldirilgan yoki ahyon-ahyonda 1, 2, 3, 5 sonlarga mos keladigan hind raqamlari yozilgan. Ko‘pincha esa hind raqamlari o‘sha davrda Ovro‘pada keng tarqalgan rim raqamlari bilan almashtirilgan.
Xorazmiy hind raqamlari asosida o‘nlik pozitsion sistemada sonlarning yozilishini batafsil bayon qiladi. U sonlarning bunday yozilishidagi qulayliklar, ayniqsa, nol ishlatilishining ahamiyatini alohida ta’kidlaydi. Keyin Xorazmiy arifmetik amallarni bayon qilishga o‘tadi. Bunda Xorazmiy sonlarning martabalarini, ya’ni razryadlarini e’tiborga olishni hamda nolni yozishni unutmaslikni o‘qtiradi, aks holda natija xato chiqadi, deydi u.
Risolaning boshlashida Xorazmiy undagi masalalar o‘z davrining amaliy talablariga javob sifatida vujudga kelganligini qayd qiladi.
U shunday deydi: “...Men arifmetikaning oddiy va murakkab masalalarini o‘z ichiga oluvchi “Aljabr va al-muqobala hisobi haqida qisqacha kitob”ni ta’lif qildim, chunki meros taqsim qilishda, vasiyatnoma tuzishda, mol taqsimlashda va adliya ishlarida, savdoda va har qanday bitimlarda va shuningdek, yer o‘lchash, kanallar o‘tqazishda, (amaliy) geometriya va boshqa shunga o‘xshash turlicha ishlarda kishilar uchun bu zarurdir”.[1]
Risolaning Kembrij universiteti kutubxonasida saqlanayotgan lotincha ko‘lyozmasining matnini 1857-yili B.Bonkompani nashr etgan. Mazkur qo‘lyozmaning fotoreproduksiyasini tarixchi A.P.Yushkevich ham nashr etgan.[2] Undan tashqari, A.P.Yushkevich o‘z risolasida Xorazmiy risolasiga alohida paragraf bag‘ishlagan.[3] B.Bonkompanining nashri asosida Yu.X.Kopelevich va B.A.Rozenfeldlar risolaning ruscha tarjimasini nashr etishgan.[4] Xorazmiyning 1200 yillik yubileyi munosabati bilan 1983-yili bu asarning qayta nashri va o‘zbekcha tarjimasi chop etildi[5].
Xorazmiyning arifmetik risolasi XII asrdayoq Ispaniyada seviliyalik Ioann tomonidan qayta ishlangan. Keyinchalik to yangi davrgacha Ovro‘pa olimlari Xorazmiy risolasini qayta-qayta ishlaganlar, u asosida darsliklar yozganlar. Bu qayta ishlangan nusxalar va darsliklarning nomida “Algorizm kitobi” degan ibora bo‘lgan.
Xorazmiyning arifmetik risolasi hind raqamlariga asoslangan o‘nlik pozitsion hisoblash sistemasining Ovro‘pada, qolaversa, butun dunyoda tarqalishida buyuk ahamiyat kasb etdi. Ovro‘paga hind raqamlari arablar orqali o‘tganligi uchun ular “arab raqamlari” deb ataladi va hozir ham shunday deb atalib kelinmoqda. Ovro‘paliklar uzoq vaqtgacha hind raqamlariga asoslangan hisob tizimini “algorizmi” deb atab keldilar. Faqat XVI asr o‘rtalaridagina bu nom “arifmetika” iborasi bilan almashtiriladi. Shundan keyin to hozirgi kungacha “algorizm” yoki “algoritm” deganda har qanday muntazam hisoblash jarayoni tushuniladigan bo‘ldi. Bu ibora bilan al-Xorazmiyning nomi fanga abadiy kirib qoldi.
Xorazmiyning algebraik risolasining to‘liq nomi “Al-kitob al-muxtasar fi hisob al-jabr va al-muqobala”. Risolaning nomidagi “al-jabr” va “al-muqobala” so‘zlari “to‘ldirish” va “ro‘para qo‘yish” o‘rta asr algebrasining ikkita asosiy amalini anglatadi. “Aljabr” so‘zi lotincha transkripsiyada “algebra” bo‘lib, Xorazmiy asos solgan yangi fanning nomi bo‘lib qoldi. Xorazmiyning algebraik risolasi uch qismdan iborat: 1) algebraik qism, buning oxirida kichik bir bo‘lim savdo muomalasidagi bob keltiriladi; 2) geometrik qism, algebraik usul qo‘llanib o‘lchash haqida; 3) vasiyatlar haqidagi qism. Xorazmiy uni alohida nom bilan “Vasiyatlar kitobi” deb atagan. Xorazmiy o‘z risolasida hech qanday belgi keltirmaydi va mazmunni butunlay so‘z bilan bayon etadi va shakllar keltiradi.
Asarning boshida Xorazmiy o‘z oldiga qo‘ygan maqsad kompleks masalalarni aks ettirgan. Shu bilan birga Xorazmiy xalifalikda kun tartibida turgan ehtiyojlar, islom va shariat talablariga ko‘ra yuzaga keladigan masalalar, me’morchilik va irrigatsiya bilan bog‘liq bo‘lgan masalalarni hal qilishni ham ko‘zda tutganligini bildiradi. Umuman olganda, Xorazmiy algebrasi bu sonli kvadrat va chiziqli tenglamalarni yechish haqidagi fandir.
Xorazmiyning aytishicha, algebrada uch xil son bilan ish ko‘riladi: ildiz (jizr) yoki narsa (shay), kvadrat (mol) va oddiy son yoki dirham (pul birligi). Yana uning aytishicha, ildiz o‘zini o‘ziga ko‘paytiriladigan miqordir, kvadrat esa ildizni o‘ziga ko‘paytirishda hosil bo‘lgan kattalikdir. Xorazmiy ish ko‘radigan tenglamalar mana shu uch miqdor orasidagi munosabatlardir. U avval risolada ko‘riladigan oltita chiziqli va kvadrat tenglamaning tasnifini keltiradi. Bundan keyin aniq misollar bilan boshqa har qanday tenglamalar risola mohiyatidagi asosiy amallar aljabr va al-muqobala amallari yordamida olti konoik ko‘rinishga keltiriladi.
Xorazmiy asos solgan algebra fanini undan keyingi Sharq olimlari muvaffaqiyatli rivojlantirdilar.
Xorazmiyning boshqa asarlaridan farqli o‘laroq, uning algebraik risolasining uchta qo‘lyozmasi saqlangan. Ular Kobulda, Madinada va Oksford universitetining Bodleyan kutubxonasida saqlanadi.
Risola 1145-yili Seviliyada (Ispaniya) Robert Chester tomonidan lotin tiliga tarjima qilingan. Asarning arabcha qo‘lyozmalari va lotincha tarjimalari XIX va XX asr olimlari tomonidan chuqur o‘rganilgan.
Xorazmiyning eng yirik astronomik asari uning “Zij”idir. Olim bu asarini 830 yil atrofida yozgan.
Xorazmiyning “Zij”i 37-bob, 116 jadvaldan iborat. Asarning avvalgi besh bobi xronologiyaga bag‘ishlangan bo‘lib, “to‘fon”, “iskandar”, “safar” va xristian eralaridagi sanalarni hijriy eraga ko‘chirish qoidalari keltiriladi. 6-bobda aylana 12 burjga, burj 30 darajaga, daraja 60 daqiqaga, daqiqa 60 soniyaga va hokazo mayda bo‘laklarga bo‘linishi bayon etiladi. 7–22-boblar Quyosh, Oy va besh sayyoraning harakatlari masalasiga bag‘ishlangan. Bu boblarda Xorazmiy qadimgi va ilk o‘rta asr hind astronomik ma’lumotlaridan, Eron va Yunon ma’lumotlaridan mohirona foydalangan holda Ptolemeyning geomarkaz sistemasiga asoslanib, planetalar harakatini bayon etgan. 23-bob trigonometriyaga bag‘ishlangan, unda Xorazmiy “tekis” va “akslangan sinus” tushunchalarini kiritadi va bu funksiyalar jadvallarini keltiradi. 25–27-boblar matematik geografiyaga bag‘ishlangan. Bu yerda geografik joylarning uzunlik va kengliklarini aniqlash qoidalari keltiriladi va bu koordinatlarning o‘zgarishi Quyoshning yillik, kecha-kunduzlik harakatida ekliptik, ekvatorial koordinatlarning o‘zgarishi bilan bog‘likligi ko‘rsatiladi.
28-bobda Xorazmiy yana trigonometrik masalalarga murojaat qiladi va tangens, kotangens tushunchalarini kiritadi hamda ularga mos jadvallarni keltiradi. 29-bobda planetalar harakatining tezligi aniqlanadi. 30-bobda Quyosh va Oy ko‘rinmas kulchalarining o‘lchami keltiriladi. 31-32 va 36-37-boblar munajjimlik masalalariga bag‘ishlangan, 33-35-boblar Quyosh va Oy tutilishi va parallaks (yoritgichning ko‘rinish farqi) masalalariga bag‘ishlangan.
Xorazmiy “Zij”i xalifalikdagi dastlabki astronomik asarlardan edi. Asar yozilishi bilan olimlarning diqqatini o‘ziga jalb etdi. Unga Xorazmiyning zamondoshlaridan Farg‘oniy, Al-Hoshimiy va boshqalar yuksak baho berishgan. Abu Rayhon Beruniy bu “Zij”ni sharhlashga uchta asarini bag‘ishlagan. Fan tarixida ispaniyalik arab astronomi Maslama al-Majritiy tomonidan 1007-yili ko‘chirilgan nusxa diqqatga sazovor. Bu nusxani 1126-yili Adelard Bat Ispaniyada lotinchaga tarjima qildi. Xorazmiy “Zij”i hozir mana shu lotincha tarjimada mavjud. Shu tarjimaning to‘rt qo‘lyozma nusxasi asosida 1914-yili X. Zuter “Zij”ning lotincha tanqidiy matnini, shu matn asosida O. Neygubauer esa 1962-yili uning inglizcha tarjimasini nashr etgan. Mana, shu ikki nashr asosida “Zij”ning to‘la ruscha va qisman o‘zbekcha tarjimalari nashrga tayyorlandi.
Xorazmiy “Zij”ining Ovro‘pa faniga ta’siri X. Zuter, K. A. Nallino va I. Yu. Krachkovskiylar tomonidan yaxshi o‘rganilgan. Tadqiqotchilar yakdillik bilan ta’kidlashicha, Xorazmiyning bu asari uning arifmetik va algebraik risolalari kabi bunday asarlarga ehtiyoj tug‘ilgan paytda yuzaga keladi va bu asari bilan olim astronomik asarlar yozilish uslubini standartlashtirdi, bu standart esa to Ulug‘bek “Zij”igacha o‘z kuchini saqladi.
Xorazmiy o‘z “Zij”ida boshlang‘ich meridian sifatida, hind an’anasiga ko‘ra, Arin (hozirgi Hindistondagi Ujayn) shahridan o‘tgan meridianni tanlagan, Ovro‘pada XIII asrda Rojer Bekon va Buyuk Albert ham Arin meridiani g‘oyasining tarafdorlari bo‘lganlar. Arin g‘oyasiga ko‘ra, Ayyalik Petr (Fransiyadan) 1410-yili o‘zining “Yer tasviri” nomli asarini yozdi. Bu asarning 1487-yili chop etilgan bir nusxasidan Xristofor Kolumb foydalangan. Kolumbning o‘ziga tegishli nusxa hoshiyasiga yozgan eslatmalariga ko‘ra, Arin g‘oyasi unda Yerning noksimon ekanligi va yerning Aringa diametral qarama-qarshi tarafida Aringa o‘xshash joy bo‘lishi kerakligi haqida tasavvur hosil qilgan.
Shunday qilib, Xorazmiyning “Zij”i geografiya sohasidagi buyuk kashfiyotlarga ham aloqador bo‘ldi.
Xorazmiy geografik asarining yozilgan yili aniq ma’lum emas. Akademik V. V. Bartold bu asar 836–847-yillar orasida yozilganligini aniqlagan[6].
Asar 1037-yili ko‘chirilgan yagona arabcha nusxasida bizgacha yetib kelgan bo‘lib, bu nusxa Strasburg universiteti kutubxonasida saqlanadi.
Kitobda shaharlar, tog‘lar, dengizlar, orollar va daryolardagi 2402 ta geografik joyning koordinatlari keltiriladi. Shaharlar, daryolar, tog‘lar, orollar va boshqa ob’ektlar iqlimlar bo‘yicha taqsimlangan. Iqlim so‘zi aslida yunoncha klima “og‘ish” so‘zidan kelib chiqqan bo‘lib, uni fanga Gipparx (eramizdan oldingi II asr) kiritgan. Gipparx Yerning odamlar yashaydigan qismini 12 ta iqlimga ajratgan. Undan so‘ng Ptolemey iqlimlarning sonini 8 tagacha kamaytiradi, lekin o‘z “Geografiya”sida u iqlimlar nazariyasiga to‘la rioya qilmaydi, chunki geografik joylarni mintaqalar va yeparxiyalar bo‘yicha taqsimlaydi.
Geografiyani iqlimlar nazariyasiga to‘la rioya etgan holda birinchi marta Xorazmiy bayon qiladi. U yerning ma’mur, ya’ni insonlar yashaydigan obod qismini yetti iqlimga ajratadi. Xorazmiy qadimgi yunon olimi Ptolemeydan farqli o‘laroq, mintaqalar, mamlakatlar va ulardagi geografik joylarni emas, balki 1-iqlimdan to 7-iqlimgacha joylashgan joylarni tavsif etadi.
Xorazmiyning geografik risolasi o‘rta asrlardagi eng birinchi geografik asar edi. Shuning uchun uning iqlimlar nazariyasi keyingi davrlarda geografiyaning rivojlanishida katta ahamiyat kasb etdi. Xususan, uning iqlimlar nazariyasi Yerning ma’mur qismini iqlim mintaqalari bo‘yicha o‘rganishni osonlashtirdi.
Xorazmiy ham Ptolemey kabi uzunliklarni Kapar orollaridan boshlab hisoblaydi. Xorazmiy ekvatordan janubda 8 shahar, 1-iqlimda 64-shahar, 2-iqlimda 54 shahar, 3-iqlimda 59 shahar 4-iqlimda 146 shahar, 5-iqlimda 79 shahar, 6-iqlimda 63 shahar, 7-iqlimda 25 shahar va 7-iqlimdan shimolda 40 shaharning koordinatlarini keltiradi.
Risolaning ikkinchi bobida iqlimlardagi tog‘lar tavsiflanadi. Tog‘larning boshi va oxirining koordinatlari keltiriladi. Xorazmiy Yaqin va O‘rta Sharqdagi hamda Kavkaz va Markaziy Osiyodagi tog‘larni ham u yerlardagi shaharlar kabi batafsil bayon qiladi. Shunga qaraganda olim u yerlarning geografiyasi bilan shaxsan tanish bo‘lgan ko‘rinadi.
Risolaning uchinchi bobida Xorazmiy dengizlarni, to‘rtinchi bobida orollarning qirg‘oq chiziqlari va ulardagi punktlarni, beshinchi bobda esa mamlakatlarni, oltinchi bobida esa daryolar va buloqlarni tavsiflaydi.
Xorazmiyning “Kitob surat-ul-arz” asari ko‘p olimlar tomonidan o‘rganilgan. Lekin asar shu paytgacha to‘la ravishda birorta hozirgi zamon tiliga tarjima qilinmagan. 1983-yili olimning 1200 yillik yubileyi munosabati bilan bizda bu asarning o‘zbekcha tarjimasi Xorazmiyning “Tanlangan asarlar”i tarkibida chop etildi.
Xorazmiyning yuqorida keltirilgan asarlariyoq u fanning qator tarmoqlarining asoschisi bo‘lganligini ko‘rsatadi. Uning g‘oyalari matematika va astronomiyaning oyoqqa turishi va rivojlanishiga sabab bo‘ldi. Hozirgi davrda uning xizmatlari jahon afkor ommasi tomonidan e’tirof etilgan.
Xorazmiy asarlari dunyoning turli kutubxonalarida saqlanadi. Turli g‘arb va sharq tillariga tarjima etilgan. U o‘z asarlari, ixtirolari bilan nafaqat o‘z vatanini, balki arab xalifaligining ilmiy yutug‘i, o‘z davri madaniyatining yuksak natijalarini butun dunyo va barcha asrlarga mashhur etdi. Hozirda uning nomiga turli mamlakatlarda (Eron, Turkmaniston, O‘zbekiston va boshqalar) mukofot va medallar ta’sis etilgan, ko‘cha, muassasalarga nomlari qo‘yilgan.
[1] Muhammad ibn Muso al-Xorazmiy. Tanlangan asarlar. Toshkent, “Fan”, 1983, 78-bet.
[2] А. П. Юшкевич. Арифметический трактат Мухаммеда ибн Муса ал-Хорезми. Трудн института истории естествознания и техники, АН СССР, внп. 1, М., 1964.
[3] А. П. Юшкевич. История математики в среднее века. М., 1961.
[4] Мухаммед ал-Хорезми. Математические трактатн. Т., 1964.
[5] Muhammad ibn Muso al-Xorazmiy. Tanlangan asarlar. T., “Fan”, 1983.
[6] В. В. Бартольд. Введение к изданию Худуд Ал-адам. Сочинение: т. VIII, М., 1973, стр. 504–545.
//
7 Izohlar
Jamola
26 DAYS AGO
Yaxshi ekan. Yana koʻplab qiziqarli matnlar chiqarib turishizni soʻrayman kerak boʻladi🤭
Ronaldoning shogirdi
26 DAYS AGO
Raxmat kattakon, bizlarga juda manfatli bo'ldi, nima uchun tug'ilgan joylarini bermagansiz, hamda tug'ilgan sanalarini shuni o'yalb qoldim. Lekin menga juda yoqdi. Ball (отсенка) 🌟🌟🌟🌟🌟
Sumaya
21 DAYS AGO
Juda ham zoʻr maʼlumot menga juda ham yoqdi ⭐⭐⭐⭐⭐👍
Charos
23 DAYS AGO
Menga ham yoqdi
_k1bowk@_
16 DAYS AGO
Juda zo‘r kitob ekan
Alibek1029
24 DAYS AGO
Juda zo'r ekan bundan zo'rlarini chiqarishingizga ishonaman
Odina
19 DAYS AGO
Toʻliqroq maʼlumot bersangiz