1943-yil 7-mayda Toshkent shahrida tug‘ilgan.
1968-yili Toshkent davlat pedagogika institutini tugallagan. Shu yildan Toshkent tumanidagi 26-maktabda boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi,
1983-yildan 273-maktab direktori bo‘lgan.
1995-yilda “O‘zbekiston Respublikasi xalq o‘qituvchisi” faxriy unvoni,
1999-yilda “O‘zbekiston Qahramoni” unvoni bilan taqdirlangan.
2018-yilda vafot etgan.
Dunyo imoratlari ichida eng ulug‘i maktab, kasblarning ichida eng sharaflisi o‘qituvchi va murabbiylikdir. Zotan, bir murg‘ak go‘dakning inson bo‘lib kamol topishi, shaxs bo‘lib shakllanishida bu fidoyi kasb sohiblarining hissasi ulug‘.
Mavluda Ismatova muallimlik kasbini umr mazmuni deb bildi, Hayotining so‘ngigacha kasbi va jonajon maktabiga sodiq qoldi. Umr yo‘llari esa barchaga ibrat bo‘lgudek.
M. Ismatova o‘rta maktabni tugatganidan so‘ng Toshkent davlat pedagogika instituti (hozirgi Toshkent davlat pedagogika universiteti)ning tarix-filologiya fakultetida tahsil oldi.
Mehnat faoliyatini boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi sifatida boshladi. Ayni shu dargohda u muallimlik kasbining baland-pastini o‘rgandi, toblandi, tajriba orttirdi, 1975 – 1979-yillarda ushbu ta’lim maskanida rus tili va adabiyoti fani o‘qituvchisi bo‘lib ishladi, bolalarni qardosh til boyligi, sir-sinoatlaridan boxabar qildi, adabiyot bo‘stoniga olib kirdi. Keyinroq direktorning o‘quv ishlari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimida mas’uliyat bilan ish olib bordi, maktab rivojiga, ta’lim sifati ortishiga munosib hissa qo‘shdi.
Ish jarayonida o‘zini ko‘rsatgan M. Ismatova 273-umumiy o‘rta ta’lim maktabiga direktor etib tayinlandi. U vaqtlarda maktab tumandagi o‘rtamiyona bilim maskanlaridan hisoblanar, bitiruvchilarning oliy o‘quv yurtlariga qabul qilinishlari darajasi ham past edi. Yangi direktor maktabda ta’lim sifatini yaxshilash, samaradorlikni oshirish yo‘lida ko‘p izlandi, muammolar yechimini topishga harakat qildi. Bu orada mamlakatimiz mustaqillikka erishdi. Boshqa sohalar qatori ta’lim tizimida ham islohotlar amalga oshirila boshlandi. Ular esa tashabbuslarga yo‘l ochdi.
Mavluda Ismatova maktabda ta’lim sifatini oshirishni oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yishdan boshladi. Shahardagi nufuzli universitet va institutlar bilan o‘zaro hamkorlik qilish haqida shartnomalar imzolandi. Shartnomalarga ko‘ra, oliy o‘quv yurtlari maktabda o‘z yo‘nalishlari bo‘yicha sinflar tashkil qildilar, ularning professor-o‘qituvchilari bu sinflarda dars bera boshladilar. Loyiha ish berdi, bolalarda o‘qishga qiziqish va bilim darajasi ortdi. Respublika va shahar miqyosidagi turli fan olimpiadalarida sovrinli o‘rinlarni qo‘lga kirita boshladilar. Bitiruvchilar orasida oliy o‘quv yurtlariga qabul qilinganlar soni keskin oshdi.
– Bu respublika miqyosida yangilik bo‘ldi. Hali hech bir maktabda ayni tajribaga qo‘l urilmagandi. To‘g‘ri, ixtisoslashgan maktablar kam emasdi, lekin ular davlat tomonidan tashkil etilgandi. Mavluda opa esa shaxsiy tashabbus va yelib-yugurish bilan bu ishni amalga oshirdilar. Natija esa barchani hayratga soldi, maktabning obro‘si oshib ketdi. Endi boshqa tumanlardan ham ota-onalar farzandlarini shu maktabda o‘qitish orzusi bilan murojaat qiladigan bo‘lishdi. Keyinroq bu tashabbus boshqa maktablarga ham qanot yozdi, – deb xotirlaydi shu tumandagi 274-maktab muallimasi, Respublika xalq ta’limi a’lochisi Mahmuda Valieva.
M. Ismatova 50 yildan ziyod faoliyati davomida o‘zini mohir o‘qituvchi, yoshlarning sevimli ustozi, o‘quv-tarbiya jarayonlarini ilmiy asosda tashkil etish, ta’limni hayot va amaliyot bilan uyg‘unlashtirish, sohaga zamonaviy texnologiyalarni joriy etish borasida katta salohiyatga ega bo‘lgan bilimdon mutaxassis sifatida namoyon etdi. Ana shunday fazilatlari bilan mustaqillik yillarida mamlakatimizda ta’lim-tarbiya sohasida keng ko‘lamli islohotlarni amalga oshirishga, yosh avlodni vatanparvarlik va istiqlol g‘oyalariga sadoqat ruhida tarbiyalashga munosib hissa qo‘shdi.
– Biz muallimlar oldiga barkamol, har tomonlama yetuk, Vatanimizga tirgak bo‘luvchi yoshlarni tarbiyalashdek ulkan vazifa qo‘yilgan. Bu yo‘lda kuch-quvvatimni ayamayman, – degan edi Mavluda Ismatova bir suhbatda.
U bu so‘zlarini mehnat va izlanishlari bilan amalda isbotlab yashadi. Fidoyi pedagog rahbarlik qilgan dargoh bir necha bor “Yilning eng yaxshi maktabi” sifatida e’tirof etildi, uning pedagogik tajribasi mamlakatimiz miqyosida keng o‘rganilib ommalashtirildi. Ustoz barcha tajribalarini yosh mutaxassislarga o‘rgatdi, ko‘plab shogirdlar yetishtirdi. Hayoti, insoniy fazilatlari, ko‘z nuri va qalb qo‘ri, butun borlig‘ini ta’lim tizimiga baxshida qildi. Ta’lim sohasida o‘z maktabini yaratdi.
Boy bilim va hayotiy tajribaga ega bo‘lgan M. Ismatova jamoat ishlarida ham faol ishtirok etib, el-yurt o‘rtasida katta obro‘-e’tibor qozongan edi.
Uning ma’rifatga yo‘naltirilgan yarim asrlik samarali faoliyati davlatimiz tomonidan munosib taqdirlandi.
– Men shunchalik hayajonga tushdimki, hali-hanuz o‘zimga kelolgan emasman. Chunki men kabi oddiy o‘zbek ayoli, oddiy muallimaning mehnati shunday yuksak mukofot – “O‘zbekiston Qahramoni” unvoniga munosib topildi. Men shu paytgacha o‘zimni baxtli ona, deb hisoblab kelardim. Endi esa men tom ma’noda baxtli ayolman, – deb o‘z quvonchini baham ko‘rgandi Mavluda Ismatova.
O‘z sohasining fidoyisi Mavluda Ismatova 75 yoshida vafot etdi. Umr yo‘llarini ilm ziyosi nurafshon etgan qanchadan qancha yurtdoshlarimiz orasida shunday insonlar borki, ularning qalbida ustoz Mavluda opa siymosi o‘chmas, fazilatlari ibrat bo‘lib qolgan.
//
Izoh yo‘q