Erkin Vohidov


15:09 / 08.09.2021 6554 0

 

1936-yil 28-dekabrda Farg‘ona viloyati Oltiariq tumanida ziyoli oilada tavallud topgan.

1960-yilda Toshkent davlat universiteti (hozirgi O‘zbekiston Milliy universiteti)ning filologiya fakultetini tamomlagan.

1983-yilda O‘zbekiston davlat mukofoti,

1987-yilda “O‘zbekiston xalq shoiri” unvoni,

1997-yilda “Buyuk xizmatlari uchun” ordeni,

1999-yilda “O‘zbekiston Qahramoni” unvoni bilan taqdirlangan.

2016-yilda vafot etgan.

 

Ilk sheʼriy to‘plami – “Tong nafasi” 1961-yilda nashr etilgan. Shundan so‘ng shoirning “Qo‘shiqlarim sizga” (1962), “Yurak va aql” (1963), “Mening yulduzim” (1964), “Muhabbat” (1976), “Tirik sayyoralar” (1978), “Sharqiy qirg‘oq” (1982), “Kelajakka maktub” (1983), “Bedorlik” (1985), ikki jildli “Muhabbatnoma”, “Sadoqatnoma” saylanmasi (1986), “Kuy avjida uzilmasin tor” (1991), “Yaxshidir achchiq haqiqat” (1992) singari bir qator kitoblari chop etilgan. Adib ijodida “Yoshlik devoni” (1969) kitobi alohida o‘rin tutadi. Mazkur to‘plam bilan ijodkor mumtoz adabiyot anʼanalarini munosib davom ettirib, aruzga zamonaviy ruh bag‘ishladi.

Xalqimiz, Vatanimiz tarixidagi ulkan voqea – Mustaqillik xalq mehrini qozongan atoqli shoir ijodi va faoliyatiga kuchli ilhom bag‘ishladi, yangi davlatning qonuniy asoslarini yaratish, azaliy qadriyatlarni ulug‘lash, o‘zlikni anglash yo‘lida fidoyilik bilan xizmat qildi. Parlament aʼzosi, taniqli jamoat arbobi sifatida mamlakatimiz siyosiy hayotida faol ishtirok etdi. Vatanparvarlikka daʼvat etuvchi publitsistik maqolalari bilan davr ruhini aks ettirgan bo‘lsa, sheʼriy, dramatik asarlarida qalb tug‘yonlarini ifodaladi. Erkin Vohidovning shu yillardagi ijodi mustaqillik g‘oyalari bi­lan to‘yingan, yangi maʼnaviy qadriyatlarni ulug‘lashga safarbar etilgan badiiy xazina bo‘ldi.

Mustaqillik yillarida shoirning ijodi ona xalqi tomonidan intiqlik va mehr bilan kutib olindi. 2000 – 2001-yillarda chop etilgan to‘rt jilddan iborat saylanmasi (“Ishq savdosi”, “Sheʼr dunyosi”, “Umr daryosi”, “Ko‘ngil nidosi”), “Devon” (2015), “O‘zbegim” (2016) singari to‘plamlari chop etilib, ularda shoirning uyg‘oq tuyg‘ulari o‘z ifodasini topgan.

Erkin Vohidovning “Orzu chashmasi”, “Nido” (1964), “Palatkada yozilgan doston” (1966), “Quyosh maskani” (1970), “Ruhlar isyoni” (1978) kabi asarlari o‘zbek adabiyotidagi eng yaxshi doston namunalaridir. Mazkur asarlar istibdod yillarida o‘zbek xalqi milliy g‘ururi o‘sishida ulkan taʼsir ko‘rsatdi.

Erkin Vohidovning “Shoiru sheʼru shuur” (1987), “Iztirob” (1992), “So‘z latofati” (2015) kitoblariga kirgan maqolalari, suhbatlarida adabiyot, ijod jarayonlari, o‘zbek tili leksikologiyasiga doir ilg‘or qarashlari ifodalangan. Ayniqsa, “So‘z latofati” kitobi o‘zbek lug‘atshunosligida “Muhokamat ul-lug‘atayn”dan keyin yaratilgan eng nodir manba sifatida eʼtirof etildi. Unda o‘zbek tilining boyish manbalari, etimologiyasi, dialektologiyasi, leksikasi yetuk ijodkor nigohi bilan tahlil qilingan.

Ijodkor ulkan tarjimon sifatida I.Gyotening “Faust”, R.Hamzatovning “Mening Dog‘istonim” (tugallanmagan), S.Yeseninning “Fors taronalari” asarlarini o‘zbek tiliga mahorat bilan tarjima qildi. Shuningdek, L.Ukrainka, A.Blok, F.Shiller, Muhammad Iqbol singari jahon sheʼriyatining yorqin namoyandalari ijodidan namunalarni o‘zbek tiliga o‘girdi. Shoir sheʼrlari chet (nemis, fransuz, rus, ingliz, urdu, hind, arab, fors) va qardosh turkiy tillarga tarjima qilingan.

Atoqli shoir, dramaturg, tarjimon va jamoat arbobi Erkin Vohidov uzoq yillik anʼanalarga ega bo‘lgan, tarixi ko‘rkam o‘zbek adabiyotini yangi ohanglar bilan boyitdi. Uning sheʼriyatida o‘zbek tili xalqona ohanglarda o‘zining jilosini yana ham nafis va latofatli namoyon qildi. U yaratgan obrazlar xuddi xalq qahramonlaridek muhlislar qalbida yashamoqda.

Esdaliklari va publitsistik maqolalarida buyuk xalq mehrini qozongan ijodkorning insoniy go‘zal qiyofasi, boy va nazokatli maʼnaviy olami aks etgan. Ardoqli ijodkorning adabiyot va el-yurt oldidagi xizmatlari inobatga olinib, davlatimiz rahbarining 2016-yil 7-dekabrdagi qarori bilan Erkin Vohidov tavalludining 80 yilligi mamlakatimizda keng nishonlandi. 2018-yil sentyabridan Marg‘ilon shahrida Erkin Vohidov nomidagi isteʼdodli yosh ijodkorlar maktabi ish boshladi. Shoirning shogirdlari saʼy-harakati bilan “To quyosh sochgayki nur: Erkin Vohidov hayoti va ijodi zamondoshlari nigohida” hamda 2018-yilda Erkin Vohidov hikmatlaridan iborat “Bahrdan bahralar” nomli kitoblar nashrdan chiqdi.

Shoir, dramaturg, publitsist va tarjimon, jamoat arbobi Erkin Vohidov xotirasi xalqimiz qalbida abadiy barhayotdir.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//