Abu Nasr Forobiy


15:08 / 26.08.2021 7849 0

 

Abu Nasr Muhammad ibn Muhammad ibn Uzlugʻ Tarxon – taxallusi Forobiy – Oʻrta Osiyoning ulugʻ mutafakkiri va qomusiy olimi. Yunon falsafasini chuqur bilgani, unga sharhlar bitgani va jahonga targʻib qilgani hamda zamonasining ilmlarini puxta oʻzlashtirib, fanlar rivojiga ulkan hissa qoʻshgani uchun “al-Muallim as-soniy” (“Ikkinchi muallim”, Aristoteldan keyin), “Sharq Arastusi” nomlariga sazovor boʻldi.

Forobiy 873-yil Sirdaryo sohilidagi Forob (Oʻtror) degan joyda turkiy qabilaga mansub harbiy xizmatchi oilasida tavallud topadi. Oʻsha davrda Movarounnahrda somoniylar sulolasi hukmronlik qilayotgan edi. Boʻlajak faylasuf boshlangʻich bilimini Oʻtrorda olgandan soʻng, oʻqishini Toshkent, Samarqand va Buxoroda davom ettirdi. Forobiy ilmini yana-da chuqurlashtirish maqsadida Bagʻdodga yoʻl oladi. Olim yoʻl-yoʻlakay Eronning yirik shaharlari Ray, Hamadon, Isfahon va boshqa joylarda boʻladi. Bagʻdodda Yaqin va Oʻrta Sharq mamlakatlaridan kelgan talaba va olimlar toʻplangan edi. Bu yerda koʻzga koʻringan olim-u fuzalolar bilan tanishdi, yunon falsafiy maktabi, turli fan sohalari namoyandalari bilan uchrashib, ulardan ilm sirlarini oʻrgandi. Masalan, Abu Bashar Matta ibn Yunusdan (870–940) yunon tili va falsafasini, Yuhanna ibn Hiylondan (860–920) esa tibbiyot va mantiq ilmini oʻrgandi. Baʼzi tarixiy manbalarda keltirilishicha, Forobiy 70 dan ortiq tilni bilgan. Olim 941-yildan Damashqda muhtojlikda kun kechira boshlaydi. Shunga qaramay, ilm bilan shugʻullanadi, falsafa va boshqa fanlar sohasida tadqiqot ishlari olib boradi. U Aleppo (Halab) hokimi Hamdamid (hukmronlik yillari 943–967) iltifoti va hurmatiga erishadi. U olimlarning homiysi sifatida tanilgan edi. Hokim Forobiyni oʻz saroyiga taklif etadi, lekin u saroyga bormasdan, erkin hayot kechirishni maʼqul koʻradi. Allomaning Halabdagi hayoti sermahsul boʻldi, bu yerda oʻzining koʻplab asarlarini yozdi. Forobiy 949-950-yillarda Misrda, soʻngra Damashqda yashaydi va shu yerda umrining oxirgi kunlarini oʻtkazadi. U Damashqdagi “Bob as-sagʻir” qabristoniga dafn etilgan. Mavjud maʼlumotlarga qaraganda, Forobiy 160 dan ortiq asar yozgan. Lekin ularning aksariyati bizgacha yetib kelmagan. Shunga qaramay, mavjud risolalarining oʻziyoq uning buyuk olim ekanidan dalolat beradi. Forobiyning asosiy asarlari: “Falsafani oʻrganishdan oldin nimani bilish kerakligi toʻgʻrisida”, “Falsafiy savollar va ularga javoblar”, “Ensiklopediyadan mantiq boʻlimining bir qismi”, “Taliqot” (sharhlar), “Inson aʼzolari haqida risola”, “Boʻshliq haqida maqola”, “Donolik asoslari”, “Falsafaning maʼnosi va kelib chiqishi”, “Hayvon aʼzolari, funksiyasi va potensiyasi”, “Mantiq toʻgʻrisidagi risolaga muqaddima”, “Mantiq ilmiga kirish”, “Ilmlarning kelib chiqishi haqida”, “Musiqa haqida katta kitob”, “Baxt-saodatga erishuv haqida”, “Masalalar mohiyati”, “Buyuk kishilarning naqllari”, “Ihso alulum”, “Hikmat maʼnolari”, “Aql toʻgʻrisida”, “Ilmlar va sanʼatlar fazilati”, “Qonunlar haqida kitob”, “Substansiya haqida soʻz”, “Falak harakatining doimiyligi haqida”, “Sheʼr va qofiyalar haqida soʻz”, “Ritorika haqida kitob”, “Hajm va miqdor haqida soʻz”, “Musiqa haqida soʻz”, “Fizika usullari haqida kitob”, “Fazilatli xulqlar”, “Fozil shahar aholisining fikrlari”, “Jismlar va aksidensiyalarning ibtidosi haqida”, “Aristotel “Metafizika” kitobining maqsadi toʻgʻrisida” va boshqa Forobiy asarlari XX asrning 70–80 yillarida Toshkent va Olmaotada “Falsafiy risolalar”, “Mantiqiy risolalar”, “Matematik risolalar”, “Ijtimoiy-axloqiy risolalar”, “Tadqiqotlar va tarjimalar” nomlari ostida rus tilida nashr etilgan. Forobiy ilk oʻrta asrda, Sharq Uygʻonish davrida ijod etdi. Bu davr ishlab chiqaruvchi kuchlarning oʻsishi, hunarmandchilik, irrigatsiya inshootlarining yuksalishi, yangi shaharlarning bunyod etilishi, madaniy va maʼnaviy hayotning ravnaq topishi bilan ajralib turadi. IX-X asrlarda ichki va tashqi savdo kuchaydi, ayniqsa, Hindiston, Xitoy, Vizantiya, Afrika mamlakatlari bilan aloqa yoʻlga qoʻyildi. Bu davr qarama-qarshilik va adovatlardan holi emas edi. Forobiyning falsafiy qarashlarida oʻsha davrning yutuq va kamchiliklari, murakkab va ziddiyatli jihatlari oʻz ifodasini topdi. Olimning ilm-fan oldidagi xizmatlaridan biri uning yunon mutafakkirlari asarlarini sharhlagani va ularni yangi gʻoyalar bilan boyitganidir. Alloma, eng avvalo, Arastu asarlariga sharhlar bitgan, uning natur-falsafiy gʻoyalarining targʻibotchisi va davomchisi sifatida tanilgan. Forobiy, shuningdek, Aflotun, Aleksandr Afrodiziyskiy, Yevklid, Ptolemey, Porfiriy asarlariga ham fikrlar yozgani maʼlum. Bulardan tashqari, Gippokrat, Epikur, Anaksagor, Diogen, Xrisipp, Aristipp, Suqrot, Zenon asarlaridan xabardor boʻlgan hamda epikurchilar, stoiklar, pifagorchilar, kiniklar maktablarini yaxshi bilgan. Forobiy oʻrta asrda mukammal hisoblangan ilmlar tasnifini yaratdi. U “Ilmlarning kelib chiqishi haqida”, “Ilmlarning tasnifi haqida” nomli risolalarida oʻsha davrda maʼlum boʻlgan 30 ga yaqin ilm sohasining tavsifi va tafsilotini bayon qilib berdi.

Forobiy dunyoqarashida ijtimoiy-siyosiy va axloqiy fikrlar ham muhim oʻrinni egallaydi. Allomaning “Baxt-saodatga erishuv haqida”, “Fozil shahar aholisining fikrlari”, “Baxt-saodatga erishuv yoʻllari haqida risola”, “Buyuk kishilarning naqllari”, “Musiqa haqida katta kitob”, “Fuqarolik siyosati” va boshqa asarlari jamiyat va uni boshqarish, axloq-odob va taʼlim-tarbiya masalalariga bagʻishlangan.

Mutafakkir “Musiqa haqida katta kitob” nomli koʻp jildli asarida musiqa nazariyasi va tarixi, turli musiqa asboblari, kuylar va ularning ichki tuzilishi, tovushlar, ritmlar, ohanglar haqida maʼlumot berdi; ilmi iyqo, ilmi taʼlif fanlariga asos soldi. Yuqoridagi asarida oʻtmishdagi musiqashunos va tadqiqotchilar musiqa taraqqiyotiga katta hissa qoʻshganini alohida qayd qiladi. Shuningdek, kuylar uygʻunligi, kuy ijro etish usullari haqida soʻz yuritadi.

Rivoyatlarda keltirilishicha, Forobiy yangi musiqa asbobi yaratgan, kuy bastalagan, mohir sozanda sifatida nom chiqargan. Forobiyning aytishicha, musiqiy tasavvurlar inson ruhining eng nozik joyidan qaynab chiqib, ohang holida sezgi quvvatlariga taʼsir qiladi. Forobiyning dunyoqarashi, uning jamiyat va axloq toʻgʻrisida yaratgan yaxlit taʼlimoti ilk oʻrta asrlar va keyingi davrlarda ijtimoiy-falsafiy, siyosiy va axloqiy fikr rivojida muhim ahamiyatga ega boʻldi. Uning qarashlari Sharq mamlakatlariga keng yoyildi.

Oʻrta asr mutafakkirlari Ibn Xallikon, Ibn al-Kiftiy, Ibn Abi Usabiʼa, Bayhaqiy, Ibn Sino, Ibn Boja, Umar Xayyom, Beruniy, Ibn Rushd, Ibn Xaldun va boshqa Forobiyning taʼlimotini chuqur oʻrganib, uni yangi gʻoyalar bilan boyitganlar. Buyuk mutafakkir va shoirlardan Alisher Navoiy va Abdurahmon Jomiy, Jaloliddin Davoniy Forobiyning ijtimoiy-falsafiy, siyosiy va axloqiy taʼlimotidan bahramand boʻlganlar. Forobiy ilgari surgan fikrlar XVI–XX asrlarda ham musulmon mamlakatlari olimlari tomonidan katta qiziqish bilan oʻrganildi. Mutafakkir qoldirgan meros faqat Sharq mamlakatlarida emas, balki Yevropada ham tarqaldi va ijtimoiy-falsafiy fikr taraqqiyotida sezilarli taʼsir koʻrsatdi. Forobiyning ilmiy merosini oʻrganish XX  asrning yarmida boshlangan.

Respublikamiz mustaqillikka erishgach, qomusiy olimning asarlari oʻzbek tilida chop etila boshladi, uning boy merosi xolisona, tarixiylik va mantiqiylik tamoyillari asosida yoritila boshlandi. Oliy oʻquv yurtlari, maktab va kutubxonalar, koʻchalar uning nomi qo’yildi.

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//