Buyuk o‘zbek shoiri, mutafakkir, davlat arbobi Alisher Navoiy 1441-yil Hirotda tavallud topgan. Asl ismi Nizomiddin Mir Alisher. Navoiyning ota tomondan bobosi Amir Temurning Umar Shayx ismli o‘g‘li bilan ko‘kaldosh (emikdosh) bo‘lib, keyinchalik Umar Shayx va Shohruhning xizmatida bo‘lgan. Otasi Gʻiyosiddin Bahodir esa Abulqosim Boburning yaqinlaridan; mamlakatni idora etishda ishtirok etgan. Onasi (ismi noma’lum) Kobul amirzodalaridan Shayx Abusaid Changning qizi. Alisher Navoiyning bolaligi Shohruh hukmronligining so‘nggi yillariga to‘g‘ri kelgan. U temuriyzodalar, xususan, bo‘lajak podshoh Husayn Boyqaro bilan birga tarbiyalangan. 4 yoshida maktabga borib, tez savod chiqarib, turkiy va forsiy tildagi she’rlarni o‘qib, yod ola boshlagan. O‘zbek tili bilan bir qatorda forsiy tilni ham mukammal o‘rgangan.
1447-yil 12-martda mamlakat podshohi Shohruh vafot etgach, taxtga da’vogarlar orasida o‘zaro kurash boshlanadi. Urush-janjallar ko‘p kishilarni Xurosondan turli tomonga ko‘chib ketishga majbur etdi. Alisher Navoiy oilasi o‘z tinchligini ko‘zlab, Iroqqa ko‘chdi (1449). Taf shahrida Alisher mashhur “Zafarnoma” tarixiy asari muallifi, shoir Sharafiddin Ali Yazdiy bilan uchrashadi. Bu uchrashuv bolada yorqin taassurot qoldiradi. Gʻiyosiddin Bahodir oilasi Hirotga, qariyb ikki yil muddat o‘tgach, qaytadi. Abulqosim Bobur Gʻiyosiddin Bahodirni Sabzavor shahriga hokim qilib tayinladi. Alisher Navoiy Hirotda qolib o‘qishni davom ettirdi.
Alisher Navoiy 10–12 yoshlaridan she’r yoza boshlagan. Tarixchi Xondamirning yozishicha, yosh Alisher Navoiyning iste’dodidan mamnun bo‘lgan mavlono Lutfiy, uning: “Orazin yopqach, ko‘zimdin sochilur har lahza yosh, Bo‘ylakim, paydo bo‘lur yulduz, nihon bo‘lg‘och quyosh” matla’li g‘azalini tinglab: “Agar muyassar bo‘lsa edi, o‘zimning o‘n-o‘n ikki ming forsiy va turkiy baytimni shu g‘azalga almashtirardim...” degan. Alisher Navoiy 15 yoshida shoir sifatida keng tanilgan. She’rlarini turkiy (Navoiy taxallusi bilan) va forsiy (Foniy taxallusi bilan) tillarida yozgan.
Alisher Navoiy 13-14 yoshdaligida otasi hayotdan ko‘z yumadi. Uni Abulqosim Bobur o‘z tarbiyasiga oladi, katta badiiy iste’dodi uchun g‘oyat e’zozlaydi. 1456-yil oktabrda mamlakat poytaxti Hirotdan Mashhadga ko‘chiriladi, Abulqosim yosh Alisherni ham, o‘z xizmatida bo‘lgan Husayn Boyqaroni ham Mashhadga olib ketadi. 1457-yilning bahorida to‘satdan Abulqosim Bobur ham vafot etdi. Alisher Navoiy uchun bu, otasi vafotidan keyingi, ikkinchi og‘ir judolik bo‘ldi. U Mashhad madrasalaridan birida o‘qishini davom ettiradi. Do‘sti Husayn Boyqaro esa Marv va Chorjo‘y tomonlarga omad qidirib ketadi. Xurosonni temuriylarning yana bir vakili, Movarounnahr hukmdori Sulton Abu Said egalladi va poytaxtni Samarqanddan Hirotga ko‘chiradi. Husayn Boyqaroning taxtni egallash yo‘lidagi birinchi raqibi – Abu Said edi. Alisher Navoiy oilasining xohish-rag‘bati Husayn tomonda bo‘lib, bu avvalo, ularning oilaviy yaqinliklari bilan izohlanardi; bundan yangi hukmdor ham yaxshi xabardor edi. O‘rtadagi vaziyat esa Alisher Navoiy hayotini murakkablashtirgan.
Husayn Boyqaro taxtga kelgach, 1472-yilning fevral oyida uni o‘z saroyining bosh vaziri qilib tayinlaydi va unga “Amiri kabir” unvonini beradi. Alisher Navoiy yangi lavozimda butun kuchini mamlakatda tinchlik va osoyishtalik o‘rnatishga qaratdi. Vaqf ishlarini tartibga solishga kirishdi. Shaharlarda savdo-sotiqni, hunarmandchilikni rivojlantirishga katta ahamiyat beradi. Alisher Navoiy sa’y-harakati bilan qishloqlarda dehqonchilik madaniyati o‘sib boradi. Shaharlar, xususan Hirot kun sayin obod bo‘la boshlaydi. Buyuk insonparvar Alisher Navoiy o‘rta asrdagi Uyg‘onish davrining boshqa ulug‘ zotlari singari butun hayoti bilan haqiqiy inson qanday bo‘lishi lozimligini ko‘rsatdi. U o‘z davridagi nohaqlikka, adolatsizlikka qarshi kurashdi, amaldorlarning o‘z vazifalarini suiiste’mol qilishlarini va ta’magirliklarini fosh etdi, ojiz, muhtoj kishilarni o‘z himoyasiga oldi. Sulton Husayn Boyqaro podshohlik qilgan, Alisher Navoiy hukumatda bosh vazir vazifasini egallaganida hech bir mamlakatga qarshi bosqinchilik urushi olib borilmadi.
Xondamirning qayd qilishicha, 80-yillar davomida Alisher Navoiy o‘z mablag‘lari hisobidan Hirotda va mamlakatning boshqa shaharlarida bir necha madrasa, 40 ta rabot, 17 masjid, 10 xonaqoh, 9 hammom, 9 ko‘prik, 20 ga yaqin hovuz qurdirgan va ta’mirlattirgan. Ular orasida Hirotdagi “Ixlosiya”, “Nizomiya” madrasalari, “Xalosiya” xonaqohi, “Shifoiya” tibgohi, Qur’on tilovat qiluvchilarga mo‘ljallangan “Dorulhuffoz” binosi, Marvdagi “Xusraviya” madrasasi, Mashhaddagi “Dorul-huffoz” xayriya binosi va boshqa noyob me’morlik yodgorliklari bor.
Alisher Navoiyning o‘zbek tilidagi dastlabki yirik asarlaridan “Hiloliya” qasidasi Sulton Husayn Boyqaroga bag‘ishlangan bo‘lsa, forsiy tildagi birinchi yirik asari “Tuhfat ul-afkor” (1476) qasidasi Jomiyga bag‘ishlangan edi. 1470-yillarning oxirlarida Alisher Navoiy o‘zining o‘zbek tilida yozgan she’rlaridan iborat ilk devoni – “Badoye’ ul-bidoya” (“Badiiylik ibtidosi”)ni tuzdi. Mazkur devonda 777 g‘azal, 85 ruboiy, 52 muammo, 46 qit’a, 53 fard, 10 tuyuq, 10 lug‘z, 3 mustazod, 5 muxammas, 3 tarje’band, 2 musaddas bo‘lib, bunday mukammal devonni tuzish Navoiygacha kamdan-kam o‘zbek shoiriga nasib bo‘lgan. Alisher Navoiy “Badoye’ ul-bidoya” tuzilgandan keyingi davrda yozilgan o‘zbekcha she’rlari asosida 1480-yillarning oxirida “Navodir un-nihoya” (“Behad nodirliklar”) devonini tuzdi. 1481-1482 yillarda Alisher Navoiy “Chixl hadis” (“Qirq hadis” yoki “Arbain”) asarini yozadi. Bunda Muhammad payg‘ambar (s.a.v)ning qirq hadisi to‘rtlik bilan she’riy ifodalab berilgan. Alisher Navoiy mansub adabiy hayotda she’riy janrlardan g‘azal, qasida, ayniqsa, muammo yozishga qiziqish kuchli edi. Alisher Navoiy forsiy devoniga 373 muammo kiritgan. Shunday adabiy mayllar tufayli 1485-yil muammo yozish qoidalari haqida maxsus “Mufradot” asarini yaratdi. Alisher Navoiyda o‘zbek tilida “Xamsa” – besh doston yaratish maqsadi yoshligidan bo‘lgan. Bu maqsadini 1483–1485 yillarda amalga oshirdi. Asar o‘zbek adabiyoti shuhratini olamga yoyib, jahon adabiyotining durdonalaridan biriga aylandi. “Xamsa”dan keyin Navoiy yana bir qancha asarlar yaratdi. 1485-yil o‘zining mashhur “Nazm ul-javohir” asarini yozdi, bunda birinchi xalifalardan bo‘lmish Hazrat Alining 266 ta hikmatli gapi ruboiy tarona (to‘rt misrasi ham qofiyalangan) shaklida bayon etilgan. O‘sha davr kitobxonlari, shu jumladan, tarixchi Xondamir bu asarni g‘oyat yuksak baholagan. Alisher Navoiyning insonparvarlik faoliyati, ilg‘or qarashlari, uning obro‘-e’tibori xalq orasida tobora ortib borishi o‘z manfaatlarini ko‘zlagan saroy ayonlari orasida norozilik tug‘dirdi. Ular shoir bilan podsho orasiga nifoq solishga urindilar. Natijada, 1487-yilda Husayn Boyqaro Alisher Navoiyni vazifasidan bo‘shatadi, bosh vazir vazifasini Muhammad Majdiddin egallaydi. Navoiy esa Astrobodga hokim qilib tayinlanadi.
Alisher Navoiy hamisha ko‘proq ijodiy va ilmiy ishlar bilan shug‘ullanish, bu boradagi rejalarini amalga oshirish xayoli bilan yashardi. Hayot esa uning rejalariga o‘z tuzatishlarini kiritar edi. 1488-yil Sayyid Hasan Ardasher, 1492-yil Jomiy, 1493-yil olim va shoir Pahlavon Muhammad birin-ketin hayotdan ko‘z yumdi. Navoiy o‘zi uchun qadrdon bo‘lgan bu insonlar xotirasini abadiylashtirish, ularga o‘z hurmatini izhor etish uchun “Holoti Sayyid Hasan Ardasher”, “Xamsat ul-mutahayyirin” (“Besh hayrat”), “Holoti Pahlavon Muhammad” nomli risolalarini yozdi. Astrobodda yoza boshlagan “Tarixi mulki Ajam” (“Ajam podshohlari tarixi”) asarini tugalladi (1489). 1490-yil u o‘ziga zamondosh shoirlar haqida Jomiyning “Bahoriston”, Davlatshoh Samarqandiyning “Tazkirat ush-shuaro” asarlari shaklida “Majolis un-nafois” (“Nafislar majmuasi”) tazkirasini tuzishga kirishib, 1492-yilda tugalladi. Shu vaqtning o‘zida Alisher Navoiy o‘zbek tilida she’riyat nazariyasi, aniqrog‘i, aruz vazni qoidalari haqida “Mezon ul-avzon” (“Vaznlar o‘lchovi”) ilmiy qo‘llanmasini yaratdi. 1494-yilda turkiy tildagi maktublarini to‘plab “Munshaot” (“Maktublar”) majmuasini tuzdi. 1495-yil Jomiyning “Nafahotul-uns” asarini “Nasoyim ul-muhabbat” (“Muhabbat shabadalari”) nomi bilan tarjima qilib, uni qayta ishlab, turkiy mashoyixlar haqidagi yangi ma’lumotlar bilan boyitdi. Shu boisdan “Nasoyim ul-muhabbat”ga Alisher Navoiyning mustaqil asari sifatida qarash mumkin. Alisher Navoiy 1491-1492-yillardan boshlab turkiy tilda yozilgan hamma she’rlaridan yangi, yig‘ma devon tuzishga kirishdi va bu ish 1498-1499-yilda nihoyasiga yetdi. Devonning umumiy nomi “Xazoyin ul-maoniy” (“Ma’nolar xazinasi”) bo‘lib, 4 qismdan iboratligi uchun “Chor devon” deb ham atalgan. Devon shoirning butun hayoti davomida yozilgan she’rlarini qamrab olgan, ularda Alisher Navoiyning barcha davrlaridagi kayfiyati, dunyoqarashi, orzu-umidlari ifodalab berilgan. Taxminan shu yillarda Alisher Navoiy forsiy she’rlaridan tashkil topgan “Devoni Foniy” (“Foniy devoni”)ni, forsiy tildagi 2 qasidalar majmualarini tuzib, forsiy she’riyat taraqqiyotiga ham o‘zining munosib hissasini qo‘shdi. Xurosonda forsiyzabon xalqlar ko‘pchilikni tashkil etgani inobatga olinsa, Alisher Navoiyning bu tilda ham samarali ijod qilgani mamlakat ma’naviy ehtiyojini yaxshi his etganini bildiradi.
Alisher Navoiyning she’riy dahosi XV asr oxirlariga kelib yana jo‘sh urdi. U 2 yil mobaynida ikkita yirik asar – “Lison ut-tayr” (“Qushlar tili”) dostonini va “Muhokamat ul-lug‘atayn” (“Ikki til muhokamasi”) nomli ilmiy asarini yaratdi. Alisher Navoiyning so‘nggi buyuk asarlaridan yana biri nasriy pandnoma yo‘sinda yozilgan “Mahbub ul-qulub” (“Qalblar sevgani”)dir. U Sharq adabiyoti tarixida Shayx Sa’diyning “Guliston”, Kaykovusning “Qobusnoma”, Nizomiy Aruzi Samarqandiyning “Chor maqola” kabi asarlari qatorida turadi. Bu asarida Alisher Navoiy o‘zining hayot yo‘lini, boshidan kechirgan turmush mashaqqatlarini yorqin tasvirlab bergan.
Alisher Navoiyning adabiy va ilmiy merosini 4 faslga bo‘lish mumkin: 1. Devonlari; 2. Dostonlari; 3. Forsiy tildagi she’riy merosi; 4. Ilmiy-filologik, nasriy va tarixiy asarlari.
Alisher Navoiyning o‘zbek tilida yaratgan she’riy merosi asosan “Xazoyin ul-maoniy” devoniga jamlangan. Asar to‘rt qismdan iborat. Devonning birinchi qismiga “Gʻaroyib us-sig‘ar” (“Bolalik g‘aroyibotlari”), ikkinchi qismiga “Navodir ush-shabob” (“Yigitlik nodirotlari”), uchinchi qismiga “Badoe’ ul-vasat” (“O‘rta yosh badialari”) va nihoyat, to‘rtinchi qismiga “Favoyid ul-kibor” (“Keksalik foydalari”) degan nomlar berildi. “Xazoyin ul-maoniy”dagi 4 devonning har birida 650 tadan 2600 g‘azal, umuman 4 devonda 210 qit’a, 133 ruboiy, 86 fard, 52 muammo, 13 tuyuq, 10 muxammas, 10 chiston, 5 musaddas, 4 tarje’band, 4 mustazod, 1 musamman, 1 tarkibband, 1 qasida, 1 masnaviy, 1 soqiynoma mavjud bo‘lib, sharq she’riyatining 16 turi namoyondir.
Ulug‘ shoir ijodining shoh asari “Xamsa” 5 dostondan iborat. Bular “Hayrat ul-abror” (“Yaxshilar hayrati”), “Farhod va Shirin”, “Layli va Majnun”, “Sab’ayi sayyor” (“Yetti sayyora”), “Saddi Iskandariy” (“Iskandar devoni”) dostonlaridir. Fors adabiyotidagi xamsachilikka javob sifatida o‘zbek tilida birinchi marotaba yaratilgan Alisher Navoiy “Xamsa”si bu tilning cheksiz imkoniyatlarini amalda isbot etdi. 52 ming misradan iborat bu beshlik XV asrda islom tafakkurining borliq va tabiat, inson va jamiyat, axloq va kamolot haqidagi o‘ziga xos qomusi edi. Shoir voqealarni qadim Sharq tarixining Xusrav, Bahrom, Iskandar kabi nomlari afsonalar bilan chulg‘angan shaxslar, Layli va Majnun kabi oshiqlar hayotidan oldi. Ularga yangi mazmun berdi, turkona ruh kiritdi. Davrning dardli masalalarini, avlodlarning orzu va armonlarini ko‘tarib chiqdi. “Xamsa” zamondoshlariga nihoyatda zo‘r ta’sir ko‘rsatdi. Abdurahmon Jomiy uni hayajon bilan olqishladi. Sulton Husayn esa shoirni o‘zining oq otiga mindirib, jilovdorlik qildi.
“Lison ut-tayr” – Alisher Navoiyning so‘nggi dostoni “Xamsa”dan 14 yil keyin – 1498-1499-yilda yaratilgan. Bu asarini shoir “Foniy” taxallusi bilan yozgan. Chunki bu davrda uning hayoti keksalikka yuz o‘girgan, aniqrog‘i, bu dunyosidan ko‘proq u dunyosini o‘ylay boshlagan edi. Mazkur asar bolaligida sevib o‘qigani – Farididdin Attorning “Mantiq ut-tayr” (“Qushlar tili”) dostoniga javob tarzida, shoirning o‘z ta’biri bilan aytganda, “tarjima rasmi bila” yuzaga keltirgan she’riy moʻjizasi edi.
Alisher Navoiy butun hayoti davomida o‘zbek tili bilan bir qatorda forsiy tilda ham ijod qilib, barakali meros yaratdi. Uning bu tildagi she’rlari 1490-yillarning o‘rtalarida, Eron olimi Yusuf Sheroziy taxminicha, 1495–1500-yillar orasida muallif tomonidan devon holiga keltirilgan va “Devoni Foniy” nomi bilan mashhur. Mazkur devoni 1963 yilda Tehronda, 1965 yilda Toshkentda, 1993 yilda Dushanbeda nashr etilgan. O‘zbek olimi Sulaymonov tavsifi bo‘yicha, “Devoni Foniy”da, “Debocha”dan tashqari, 7 qasida, 554 g‘azal, 1 musaddas, 1 marsiya, 72 qit’a, 73 ruboiy, 16 tarix, 373 muammo, 9 lug‘z bor. “Devoni Foniy”dagi g‘azallarning aksariyati mashhur fors shoirlari she’rlariga tatabbulardan iborat. Alisher Navoiy o‘zining forsiy qasidalaridan alohida to‘plamlar ham tuzgan bo‘lib, ularning biri “Sittai zaruriya” (“Olti zarurat”), ikkinchisi “Fusuli arbaa” (“To‘rt fasl”) deb ataladi.
Alisher Navoiyning boshqa tillarga tarjima qilingan dastlabki badiiy asari “Sab’ai sayyor” bo‘ldi. Xristofor Armaniyning 1557-yilda italyan tilida nashr etilgan “Sarandib shohi uch o‘g‘lonining ziyorati” asarida Alisher Navoiyning “Sab’ai sayyor” dostonidagi qoliplovchi hikoyasi – “Bahrom va Dilorom” hikoya qilinadi. Bu asar nemis, fransuz va golland tillariga tarjima qilinib, 11 marta nashr etilgan. Shuningdek, XVII asr gruzin shoiri Sitsishvili Alisher Navoiyning “Sab’ai sayyor” dostonini erkin tarjima qilib, “Yetti go‘zal” dostonini yaratdi.
Alisher Navoiy ijodiyotiga qiziqish, uni o‘rganish Yevropa va Rossiyada ham katta tarixga ega. Fransuz sharqshunosi Katrmer 1841-yilda bosilgan xrestomatiyasida Alisher Navoiyning “Muhokamat ul-lug‘atayn” va “Tarixi mulki Ajam”ini e’lon qilgan, I.N. Berezin “Turk xrestomatiyasi”da uning bir necha asarlaridan parchalar bergan. M. Nikitskiy 1856-yilda birinchi manbalar asosida “Amir Nizomiddin Alisher. Uning davlat va adabiyot sohasidagi ahamiyati” mavzusida magistrlik dissertaеsiyasini yozadi.
Turkistonda XX asr boshidan boshlangan, tashabbuskori jadidlar bo‘lgan ma’rifiy uyg‘onish Alisher Navoiyning hayoti va faoliyatini o‘rganishda ham o‘z ifodasini topdi. 1919-yilda Toshkentda Fitrat nashrga tayyorlagan “Insoniyat haqinda Navoiyning fikri” nomli risola bosilib chiqdi. Bu kitobcha Alisher Navoiyning “Hayrat ul-abror” dostonining “Salotin bobida” (“Sultonlar haqida”) degan qismidan parcha edi. Shundan so‘ng Alisher Navoiy ijodini o‘rganish va ommalashtirish keng tus oldi. Adabiyotshunoslik fanining navoiyshunoslik sohasi yuzaga keldi. Yozuvchi Oybek “Navoiy” romanini, Izzat Sulton “Navoiyning qalb daftari” hujjatli qissasini, L. Bat “Hayot bo‘stoni” qissasini, Mirkarim Osim hikoyalar turkumini yaratdi.
Mustaqillik bizga barcha qadriyatlarimiz qatori Alisher Navoiy merosini o‘rganishning keng ufqlarini ochdi. Endilikda uning ijodini aslicha, mohiyatini tushunib o‘rganish imkoniyati yuzaga keldi. 1991-yilda Alisher Navoiy tavalludining 550 yilligi tantanali nishonlandi. Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Respublikasi Davlat mukofoti ta’sis etildi. Toshkentda Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy bog‘i barpo etildi va bu bog‘ o‘rtasida shoirning salobatli haykali qad ko‘tardi. Shoirning 20 jildli mukammal asarlar to‘plami nashr etila boshlandi. Mamlakatimizda Alisher Navoiy xotirasi yuksak darajada e’zozlanadi.
//
Izoh yo‘q