Abu Rayhon Beruniy


22:08 / 19.08.2021 17680 0

Abu Rayhon Muhammad ibn Ahmad al-Beruniy 973-yil 4-sentyabrda qadimgi Kot shahrida tavallud topdi. Uning nasl-nasabida “berun” soʻzi “tashqi shahar”, “Beruniy” esa “tashqi shaharda yashovchi kishi” maʼnosini bildiradi. Oʻz zamonasining hamma fanlarini, birinchi navbatda, falakiyot (astronomiya), fizika, riyoziyot (matematika), ilohiyot, maʼdanshunoslik fanlarini puxta egallagan. Bu fanlar taraqqiyotiga qoʻshgan hissasi bilan uning nomi dunyo fanining buyuk siymolari qatoridan joy oldi.

Beruniyning ilm-fanga qiziqishi yoshligidanoq kuchli boʻlgan. Mashhur olim Abu Nasr ibn Iroq Mansur qoʻlida taʼlim oladi. Ibn Iroq falakiyot va riyoziyotga oid bir qancha asarlar yozib, shulardan 12 tasini Beruniyga bagʻishlaydi. Beruniy ham ustozining ismini hamma vaqt zoʻr hurmat bilan tilga oladi. Beruniy fanning deyarli hamma sohalari bilan shugʻullandi. Sharqning boy fan va madaniyatini puxta oʻrganib, yunon ilmi bilan ham chuqur tanishib, yirik olim boʻlib yetishdi. Beruniy shoir, adabiyotshunos ham edi. Ona tilidan tashqari arab, sugʻdiy, fors, suryoniy, yunon va qadimgi yahudiy tillarini egalladi. Keyinchalik, Hindistonda sanskrit tilini oʻrgandi. Oʻz ilmiy asarlaridan birida yozishicha, Beruniy Xorazmda yashagan davrida 990-yildan Kot shahrida muhim astronomik kuzatishlar oʻtkazgan. Bu kuzatishlar uchun oʻzi astronomik asboblar ixtiro etgan.

Mamlakatda taxt uchun boshlangan kurashlar olimning bu ilmiy ishlarini davom ettirishga imkon bermadi. Qoraxoniylar somoniylarga qarshi hujum boshladi. Buning natijasida Xorazmda ham davlat toʻntarishi boʻlib, Kot Urganch amiri Maʼmun I tomonidan bosib olindi. Beruniy hayoti xavf ostida qolganini sezib, 22 yoshida vatanini tashlab chiqib ketishga majbur boʻladi. U qadimgi Ray shahriga (hozirgi Tehron yaqinida) boradi. Rayda ancha ogʻir hayot kechiradi, moddiy qiyinchiliklarga duchor boʻladi. Olim 998-yildan keyin Jurjotga keladi va bu yerda ikkinchi ustozi tabib, falakiyotshunos va faylasuf Ali Saxl Iso al-Masihiy bilan tanishib, undan taʼlim oladi.

Beruniy “Alosor al boqiya an alqurun alholiya” (“Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar”) asarini Jurjonda muhojirlik davrida yoza boshlagan va 1000-yilda tamomlagan. Beruniy uni yozishga juda katta tayyorgarlik koʻrdi. Qunt va matonat bilan turli xalqlar tarixi, madaniyati va tillarini oʻrgandi. Ilm-fanga oid asarlar juda kam nusxada va qoʻlyozma shaklida ayrim shaxslar qoʻlida saqlangan bir davrda yosh olim fanning turli sohalarini bu qadar egallab olishi, uning nihoyatda isteʼdodli ekanini koʻrsatadi. Beruniy 1005-yilda Xorazmga qaytadi va soʻngroq uni yangi hukmdor Ali Abbos Maʼmun II saroyga yaqinlashtiradi. Oʻsha davrda Urganchda Xorazmshoh saroyida koʻp mashhur olimlar toʻplanib, fanning turli sohalarida ilmiy ishlar olib boradilar. “Maʼmun akademiyasi” deb nomlanadigan bu anjumanning faoliyatida Beruniy muhim rol oʻynaydi. Shu bilan birga, u shoh Maʼmun II ning eng yaqin maslahatchisi sifatida mamlakat siyosiy ishlarida ham faol qatnashadi. Beruniyning Ibn Sino bilan yozishmalari ham uning Xorazmda turgan davrida boʻlgan. Ularning savol-javoblaridan va Beruniyning Ibn Sinoga yozgan eʼtirozlaridan bizgacha faqat 18 tasi yetib kelgan. Bu yozishmalar uning tabiat falsafasi va fizika masalalari bilan ham qiziqqanini koʻrsatadi. Bu savol-javoblarda ikki mashhur olim fazo, issiqlikning tarqalishi, jismlarning issiqdan kengayishi, nurning aks etishi va sinishi kabi masalalarda ilmiy munozara olib borgan. Xorazm Mahmud Gʻaznaviy tomonidan (1017) bosib olingach, Beruniy Xorazmshoh saroyidagi boshqa bir qancha olimlar bilan birgalikda Gʻazna shahriga olib ketildi. Beruniyning Gʻaznadagi davri uning ilmiy faoliyati uchun eng mahsuldor davr boʻldi.

Beruniyning “Xorazmning mashhur kishilari” asari ham shu davrda yaratilgan. Uning geodeziyaga oid muhim asari “Tahdid nihoyot ilamokin li tasʼhih masofot ilmasokin” (“Turar joylar (orasidagi) masofalarni aniqlash uchun manzillarning chegaralarini belgilash”) 1025-yil 18-noyabrda yozib tugatilgan. Bu asarning birdan bir qoʻlyozmasi Istanbulda, birinchi marta rus tiliga shu qoʻlyozmadan “Geodeziya” nomi bilan tarjima qilindi (Toshkent, 1966). “Geodeziya” Beruniyning dunyoqarashini belgilashda boy manbalardan biri boʻlib hisoblanadi. “Munajjimlik sanʼatidan boshlangʻich tushunchalar” asari ham 1029-yil Gʻaznada yozilgan. Asarning forscha va arabcha nusxalari bizgacha yetib kelgan. Unda oʻsha zamon astronomiyasi bilan bogʻliq boʻlgan bir qancha fanlar haqida muhim maʼlumotlar berilgan. Beruniyning mashhur “Hindiston” asari— “Tahqiq mo lilHind min maʼqula maqbula filaql av marzula” (“Hindlarning aqlga sigʻadigan va sigʻmaydigan taʼlimotlarini aniqlash kitobi”) 1030-yilda yozilgan. Bu asar Gʻarb va Sharq olimlari tomonidan yuksak baholangan.

Mahmud Gʻaznaviyning Hindistonga qilgan yurishlarida Beruniy shohga hamroh boʻlgan. Hindistonda sanskrit tilini puxta oʻrganish uning hind madaniyati, adabiyoti va Hindistonning oʻsha davr olimlari bilan yaqindan tanishishiga hamda bu mamlakat haqida oʻlmas asar yaratishga imkon berdi. “Hindiston” hajmi jihatidan juda katta asar.

Beruniy astronomiyaga oid “AlQonun alMasʼudiy” (“Masʼud qonuni”) asarini sulton Masʼudga bagʻishladi. Kitobning qachon yozib tugatilgani aniq emas. Bu asar Beruniyning falakiyotga doir eng muhim asaridir. Oʻrta asr olimlari bu asarni juda yuksak baholagan. Shundan keyin u yana ikkita muhim kitobini yozgan. Bulardan biri “Mineralogiya”, yaʼni “Kitob al jamohir fi maʼrifat al javohir” (“Qimmatbaho toshlarni bilib olish boʻyicha maʼlumotlar toʻplami”)dir. Bu risola oʻz zamonasi uchun Markaziy Osiyo va Yaqin Sharq, Yevropada mineralogiya sohasidagi eng yaxshi asar hisoblangan. Uning oxirgi asari – “Dorivor oʻsimliklar haqida kitob”ning qoʻlyozmasi XX asrning 30 yillarida Turkiyada topildi. Asar “Saydana” nomi bilan mashhur, unda Sharqda, jumladan, Turkistonda oʻsadigan dorivor oʻsimliklarning tavsifi berilgan.

Beruniy fanning hamma sohalarida samarali ijod qilgan edi. Uning ilmiy merosi juda keng va rang-barang. Beruniyning ilmiy ish sohasidagi zoʻr qobiliyati uning koʻpchilik zamondoshlari va keyingi olimlar tomonidan eʼtirof etilgan. 1035-36-yillarda Beruniy oʻz ilmiy ishlarining roʻyxatini tuzadi. Bunda shu vaqtgacha yozgan Kitob va risolalari 113 taga yetgani koʻrsatilgan. Keyingi yozgan asarlarini ham qoʻshsak, u qoldirgan ilmiy meros 152 kitob va risoladan iborat. Uning asarlari mavzu jihatdan turli-tuman. Koʻpchilik asarlari oʻz zamonasida oʻziga xos bir ensiklopediya hisoblangan. Asarlarining 70 tasi falakiyot, 20 tasi riyoziyot, 12 tasi geografiya va geodeziya, 3 tasi maʼdanshunoslik, 4 tasi xaritagrafiya, 3 tasi iqlimshunoslik, biri fizika, biri dorishunoslik, 15 tasi tarix va elshunoslik, 4 tasi falsafa, 18 tasi adabiyot va boshqa fanlarga oiddir.

Beruniy turli tillardan bir qancha ilmiy va adabiy asarlarni tarjima ham qilgan. Afsuski, hozircha olimning faqat 28 asarigina maʼlum. Qolganlari bizgacha yetib kelmagan yoki hali topilganicha yoʻq. Beruniy ijodini oʻrganish, uning asarlarini nashr etish, boshqa tillarga tarjima qilish ishlari oʻtgan asr oxirlaridan boshlandi. Uning “Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar”, “Hindiston”, “Geodeziya”, “Mineralogiya”, “Masʼud qonuni”, “Munajjimlik sanʼatidan boshlangʻich tushunchalar” va boshqa asarlarining matni nashr etildi”: turli tillarga tarjima qilindi. Tanlangan asarlari rus va oʻzbek tillarida chop etildi. Beruniyning falakiyot sohasidagi xizmati ayniqsa kattadir. “Geodeziya” asarida geotsentrizm bilan bogʻliq boʻlgan baʼzi nazariyalarning toʻgʻriligiga shubha bilan qaraganini ochiq bayon etadi.

Beruniy oʻz asarlarida ayrim hodisalar toʻgʻrisida ham yozgan. Masalan, (birinchi boʻlib Quyosh tojini tushuntirishda qiziqarli xulosalarga kelgan. U amaliy astronomiya masalalari bilan ham juda koʻp shugʻullanar edi. Oʻzining aniq va puxta astronomik kuzatishlariga asoslanib, Beruniy osmon ekvatoriga Quyosh ekliptikasi ogʻishining kattaligi (23°34ʼ) va ekliptika ogʻishi uzunligining asriy oʻzgarishlarini belgilashda, Quyosh apogeyasi (avji) uzoqligini aniqlashda qadimgi va oʻziga zamondosh boʻlgan astronomlarga qaraganda ancha aniq natijalarga erishgan. Beruniy 1029 ta yulduzning koordinatalari va “yulduz kattaliklari qayd etilgan yulduzlar jadvalini tuzgan.

Beruniy oʻz zamonasining ulkan matematiklaridan biri edi. Uning matematika faniga qoʻshgan hissasi muhim ahamiyatga ega. Beruniy asarlarida geometriya, arifmetika, algebra, sonlar nazariyasi va trigonometriya tushunchalari maʼlum tartib bilan taʼriflandi. Olimning arifmetika va algebrasining katta yutugʻi shundan iboratki, unda irratsional sonlar arifmetika va algebraning teng huquqli predmeti boʻlib qoldi. Arifmetika sohasida u mashhur uchlamchi qoidani koʻrib chiqadi, besh, yetti va undan ortiq miqdorlarning hollari uchun uchlamchi qoidani umumlashtiruvchi qoidalarni bayon qiladi.

Beruniy trigonometriya sohasida ham katta yutuqlarga erishdi. Baʼzi bir hozirgi zamon tadqiqotchilari Beruniyni trigonometriyaga mustaqil fan sifatida qaragan birinchi olim deb eʼtirof etmoqda. “AlQonun alMasʼudiy” asarida yassi va sferik trigonometriyani bayon qilgan. U trigonometrik funksiyaning chiziqli va kvadrat interpolitiv qoidasini ishlab berdi, oʻrtacha aniq hisoblar metodini taklif qilib, tegishli jadvallarni keltirdi, bir qancha oʻnli raqamlar uchun P miqdorini aniq hisoblab chiqdi.

Geografiya, geodeziya va geologiya fanlari sohasida ham Beruniyning qoʻshgan hissasi beqiyos. Tasviriy geografiya sohasida Beruniy geografik adabiyotda mavjud boʻlgan maʼlumotlarni umumlashtirib oʻziga zamondosh boʻlgan sayyoh va savdogarlar toʻplagan maʼlumotlar bilan uni yana-da boyitadi. Olim qoldirgan geografik maʼlumotlarning koʻpchiligi u yoki bu geografik masalalarni yoritishda Sharq adabiyotida birinchi manba hisoblanadi. Beruniyning oʻsha vaqtda uncha maʼlum boʻlmagan shimoliy oʻlkalar, Boltiq va Oq dengiz haqidagi maʼlumotlari, Sibirning “bizda yoz boʻlganda, u yerda qish boʻladigan” joylari haqida xabarlari qiziqarli.

Beruniy Xitoy va Tibetga tutash oʻlkalarni ham oʻzidan oldingi olimlarga nisbatan toʻla va aniq tasvirlagan. Ptolemeyga qarama qarshi Atlantika va Hind okeanlarining janubiy tomoni bir-biriga tutashganini isbotlab bergan. U Osiyo va Afrika qitʼalari orasida bir vaqtlar boʻgʻoz boʻlgan va Yer sharining janubiy tomoni quruqlik boʻlgan, deb taxmin qiladi. U qoldirgan noyob maʼlumotlar sharq geografik adabiyotida muhim rol oʻynagan. Tarixda Amerika qitʼasini 1492-yil oktabr oyida dengiz sayyohi Xristofor Kolumb kashf etgani qayd qilingan. Ammo bu borada Beruniyning ilmiy farazi mavjudligi ham maʼlum. Olim oʻzining “Hindiston” asarida yer yuzasining tuzilishi, dengiz va quruqlik toʻgʻrisida gapirib, “...Yerning choragi maʼmuradir. Maʼmurani gʻarb va sharq tomondan Muhit okeani (Atlantika va Tinch okean) oʻrab turibdi. Bu Muhit okeani, yerning obod qismini dengizlarning narigi tomonida boʻlishi mumkin boʻlgan quruqlik yoki odam yashaydigan orollardan ikkala yoqdan (gʻarbdan va sharqdan) ajratib turadi...” deb yozgan. Shunday fikrni “AlKonun alMasʼudiy” asarida ham uqtiradi. Demak, gʻarbiy yarim sharda yaxlit bir quruqlikning, keyinchalik, Amerika deb nomlangan qitʼaning mavjudligini Beruniy yevropalik olimlardan 450-yilcha oldin taxmin qilib, oʻz asarlarida bir necha bor yozgan.

Beruniyning gʻarbiy yarim sharda katta quruqlik borligi toʻgʻrisidagi fikri XV-XVI asrlarda oʻz tasdigʻini topdi. Beruniy matematik geografiya taraqqiyotiga ham katta hissa qoʻshdi. U joylarning geografik uzoqligini va kengligini aniqlash yoʻllarini ishlab chiqishda yangiliklar ochdi: trigonometriya va geometriyani keng qoʻllash orqali oʻzidan oldingi astronomlarga nisbatan ancha aniq natijalarga erishdi. Masalan, u geografik kenglikni aniqlashda XVI asrda Tixo de Brage tomonidan kashf etilgan deb hisoblangan usulni ishlatgan. Uzoqliklarni belgilashda ham Beruniy tomonidan ishlab chiqilgan yangi metod ungacha qoʻllanilgan metodlarga nisbatan eng mukammali edi. Turli geografik joylarning geografik kengligi va uzoqligini aniqlashda u erishgan natijalar hozirgi zamon olimlarini ham hayratda qoldirmoqda. Beruniyning Yer sharining oʻlchamlari haqidagi maʼlumotlari yunon, hind olimlari va oʻziga zamondosh boʻlgan Yaqin va Oʻrta Sharq olimlari xulosalariga nisbatan ancha aniqdir. U Yer aylanasi uzunligini oʻlchashda yangi usul ishlab chiqdi.

Beruniy metodida katta masofalar uchun qiyin va murakkab oʻlchovlarga ehtiyoj boʻlmay, matematik hisoblarga asoslanilardi. U Yer meridiani yoyining bir darajasi 110275 metrga teng deb topdi. Bu hozirgi zamon maʼlumotlariga juda yaqin. Geologiya sohasida ham Beruniy ajoyib kashfiyotlar qilgan. Yerni oʻrganish masalasiga ilmiy yondashdi. Yer yuzasining har bir qismi oʻzining uzoq tarixiy taraqqiyotiga ega ekanini yozadi. Turkistonning baʼzi joylari, shu jumladan Amudaryo vodiysining geologik rivojlanishini birinchi marta jiddiy oʻrganishga harakat qilgan ham Beruniy boʻlgan. Uning Amudaryo vodiysining geologik oʻtmishi va Orol dengizining paydo boʻlishi haqidagi xulosalari oʻsha zamonning eng muvaffaqiyatli geologik tahlillaridan biri hisoblanadi. Olim “Dengizlar quruqlikka, quruqliklar esa dengizga aylanadi” degan nazariyaga suyanadi. Beruniyning foydali qazilmalar qatlamlarining paydo boʻlishi, togʻ jinslarining yemirilishi kabilar haqidagi xulosalari katta ahamiyatga ega. Yer qobigʻida ogʻirlikning muvozanatlashib turishi uchun yerosti jismlarining joylashishi haqidagi farazlari ham juda ahamiyatlidir.

Beruniy Markaziy Osiyo va umuman Yaqin Sharqda birinchi ilmiy globuslardan birini yaratgan edi. Bu globusda aholi yashaydigan joylar aniq koʻrsatilgan va buning yordamida ularning geografik koordinatalarini aniqlash mumkin boʻlgan. U alkimyoda qoʻllanilgan gʻayriilmiy va asossiz uslublarni tanqid qildi. Qimmatbaho toshlar va baʼzi minerallarning “moʻjizakor xususiyatlarini” inkor qildi va bu holni “hodisalarning haqiqiy sababini bilmovchilar uchun bir vajdir”, deb hisoblaydi. Beruniy alkimyo yoʻli bilan oltin va kumush tayyorlash fan hal qila olmaydigan behuda urinishdir, degan xulosaga keladi.

Beruniy oʻzining “Kitob fi axborot ilmu bayyizot valqaromita” (“Oq kiyimliklar va qarmatiylar xabarlari haqida kitob”) asarini Oʻrta Osiyoda oʻsha davrda eng ilgʻor ijtimoiy harakatlardan biri boʻlgan qarmatiylarga bagʻishlagan. Keyinroq “Yodgorliklar”, “Hindiston” kitoblarini yozgan. Uning “Kitob ul maqolot val arz vaddiyonot” (“Maqolalar, eʼtiqodlar va dinlar haqida kitob”), “Kitob fi axbori Xorazm” (“Xorazm xabarlari haqida kitob”), “Kitob tarixi ayyom as-Sulton Mahmud va axbori abihi” (“Sulton Mahmud davri tarixining kitobi va otasi haqidagi xabarlar”) kabi asarlari bizgacha yetib kelmagan. “Yodgorliklar” (“Alosor alboqiya”) podshohlar va mashhur shaxslarning tarixini yorituvchi va oʻsha davrning madaniyatini aks ettiruvchi tarixiy etnografik asardir.

Beruniy birinchilardan boʻlib Aristotelning fan sohasidagi xizmatiga yuksak baho berish bilan birga tanqidiy fikrlar ham bildirgan. Beruniy Aristotelning “tabiiy joy”, “dunyoning yagonaligi”, “ogʻirlik va yengillik” kabi tushunchalarini tanqid qiladi. Aristotelning “ogʻir” va “yengil” degan tushunchasidan farqli ravishda Beruniy Ibn Sinoga yozgan “Eʼtirozlar”ida hamma narsalarning yer markazi tomon tortilishi haqidagi fikrni olgʻa suradi.

Beruniyning boy ilmiy merosi Oʻzbekiston va undan tashqarida chuqur oʻrganilmoqda. Uning asarlari lotin, fransuz, italyan, nemis, ingliz, fors, turk tillariga tarjima qilinib, hayoti va ijodi yozuvchi va sanʼatkorlar eʼtiborini tortib kelmoqda. Beruniy haqida “Oʻzbekfilm” studiyasi ijodkorlari 2 qismdan iborat “Abu Rayhon Beruniy” filmini (1974) yaratgan. Uygʻun “Abu Rayhon Beruniy” pyesasini (1973) yozgan. Qoraqalpogʻiston Respublikasidagi shahar, tuman Beruniy nomiga qoʻyilgan. Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik instituti Toshkent texnika universiteti, metro bekati uning nomi bilan ataladi. Toshkent shahrida, Qoraqalpogʻiston, Xorazmda Beruniy nomida koʻcha, maydon, maktab va boshqa muassasalar bor.

Dunyoda birinchi marta Oʻzbekistonda topilgan mineralga Beruniy nomi qoʻyilgan.

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//