Manzura Madaliyeva


15:08 / 05.08.2021 1271 0

 

1947-yil 26 avgustda Farg‘ona viloyati Qo‘qon shahrida tug‘ilgan.

1969-yilda Qo‘qon davlat pedagogika institutini bitirgan.

Ish faoliyatini shu yili Qo‘qon shahridagi 10-o‘rta maktabda boshlagan.

O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi aʼzosi.

1997-yilda «O‘zbekiston Qahramoni» unvoniga sazovor bo‘lgan.

 

Yoshligidan ilmga, o‘qishga chanqoqligi, tirishqoqligi tufayli institutga kirish imtihonlarini faqat aʼlo bahoga topshirdi. Oliygohda Manzuraxon intizomli, ziyrak va zukko talaba sifatida tanildi, hurmat topdi. Talabalik yillaridayoq pedagogik, ilmiy-nazariy anjumanlarda o‘zining «Qiziqarli matematika va o‘qituvchilarning tarbiyasi» kabi dolzarb mavzulardagi pedagogik tahlillarga boy chuqur dalillangan maʼruzalari bilan qatnashardi. Ko‘z ochib yumguncha talabalik yillari ham ortda qoldi. Institutni imtiyozli diplom bilan tamomlagan Manzuraga oliygohdagi ustozlari ilmiy izlanishlarni davom ettirishni taklif qilishdi. Lekin bolalarga bo‘lgan muhabbati uni maktabga, sinf xonalariga – o‘quvchilar bilan ishlashga ohanrabo kabi tortib turardi.

Qo‘qon shahridagi 10-o‘rta maktabga ishga taklif qilishdi. Kechagi talaba sekin-asta sevimli, o‘quvchilari oldiga yugurib keladigan, orqasidan ergashib yuradigan muallimaga aylanib bordi. Institutda olgan bilimini erinmay o‘quvchilarga mayda-maydalab o‘rgatdi. O‘sha yillari endigina fan kabinetlari tashkil etish boshlangandi. Fanga iqtidori, qiziqishi bo‘lgan o‘quvchilarni yoniga olib matematika fani kabinetini jihozlashga kirishdi. Bu ishda institutda taʼlim bergan ustozlarining dars jarayonida amal qilish bo‘yicha ko‘rsatmalari, talablarini qatʼiy xisobga oldi.

U tinmay izlanardi. Ko‘pchilikning nazdida matematika juda murakkab, qiyin fan. Mana shu kayfiyat o‘quvchining ruhiyatiga taʼsir etishi, iqtidorini dadil sinab ko‘rishga yo‘l bermasligi mumkin. Shu ko‘rinmas to‘siqni olib tashlash uchun Farg‘ona viloyatida birinchilardan bo‘lib kiziqarli matematika kechasi tashkil etdi. Juda jonli o‘tgan, topqirlik musobaqasiga aylanib ketgan bu tadbir fan muallimlari uchun go‘yo o‘ziga xos dars bo‘ldi.

Izlanib, sevgan kasbiga ijodkorlik bilan yondashgan har qanday mutaxassis ishining samaradorligini oshirish maqsadida yangiliklar kashf qilaverar ekan. Bu fikr isbotini Manzuraxon opaning qariyb o‘ttiz yillik pedagogik faoliyatida yaqqol ko‘rish mumkin. U maktabda matematika xonasini tashkil qilgach, darslari va fan to‘garagi mashg‘ulotlarida iloji boricha hayot bilan matematika orasidagi bog‘liqliklarni anglatishga eʼtibor qaratardi. Chunki hamma o‘quvchilar ham bu fanga birday ko‘ngil qo‘yavermaydi. Ammo bugun darsda yechayotgan masalayu misollari ertaga hayotda juda asqatishini tushunsa, fanga munosabati o‘zgaradi.

Matematika to‘garagiga fanga ixlosi baland, iqtidorli o‘quvchilar yig‘ilgan edi. Ular bilan hamkorlikda matematik holatlar, figuralarni “jonlantirib”, buyuk matematiklar hayoti haqida kichik sahna asarlari, sheʼr va inssenirovkalar tayyorlab ijodiy kechalar o‘tkazdi. Manzura Madaliyevaning namunali ilmiy-pedagogik faoliyati, to‘garakdagi ishlari bo‘yicha tajribalari bilan qiziqqan hamkasblari vodiyning turli hududlaridan 10-maktabga kelishardi. Izlanuvchan o‘qituvchining viloyat va respublika miqyosidagi ilmiy-amaliy konferensiyalar, maxsus kurslardagi maʼruzalari ilg‘or tajribalar maktabiga aylandi.

1980-yillarning boshlarida muallima o‘quvchilarga matematika fanidan saboq berishda televideniye imkoniyatlaridan keng foydalana boshladi. Uning O‘zbekiston televideniyesi orqali namoyish qilingan “Bilmasvoy matematika kechasida” nomli musiqali matematik ko‘rsatuvi butun respublikada yangilik bo‘ldi.

M.Madaliyevaning o‘z fani va uni o‘qitishga mehr-muhabbati, masʼuliyati, bu yo‘ldagi izlanishlari samarasi – o‘quvchilarining fan olimpiadalarida g‘oliblar qatoridan joy olishida, oliy o‘quv dargohlariga kirish sinovlaridan yuqori ballar to‘plab muvaffaqiyatli o‘tishida namoyon bo‘ldi. 1991-yilda “O‘qituvchi” nashriyotida Manzura opaning ish tajribasi, faoliyati haqida hikoya qiluvchi “Sahnada matematika” nomli kitob nashr qilindi. Risolada matematika fani bo‘yicha to‘garak mashg‘ulotlari va kechalarida o‘quvchilarni axloqiy-estetik ruhda tarbiyalash g‘oyasi ilgari surilgan. Kitobchadagi didaktik sheʼrlarni ham Manzura Madaliyevaning o‘zi yozgan.

Hurmatli ustoz mahalla hayotiga oid jamoat ishlarida ham faol, yoshlarning odobli, tartibli, tarbiyali, el suyadigan insonlar bo‘lib kamol topishlariga alohida eʼtibor qaratadi.

Informatika fani o‘qituvchisi Manzura Madaliyevaning «O‘zbekiston Qahramoni» unvoni bilan taqdirlanishi, ehtimol, igna bilan quduq qazishdan ham murakkabroq, har biri bir olam bo‘lgan bolalarning qalbiga yo‘l topib, ularni dunyodagi eng bebaho boylik – ilm bilan oshno etishga bag‘ishlangan faoliyatning mukofotidir.

Manzura Madaliyeva minglab o‘quvchilarini, turmush yo‘ldoshi Bahrom aka bilan uch farzandi-dilbandini hayotda o‘z o‘rinlarini topib, jamiyat taraqqiyotiga hissa qo‘shib yashaydigan insonlar qilib tarbiyaladilar. Qahramon muallima timsolida ozod va obod yurtda mehnati munosib taqdirlangan zamondoshlarimiz siymosini ko‘rish mumkin.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//