1927-yilda Samarqand shahrida tug‘ilgan.
Milliy ta’mirlash maktabining munosib davomchisi sifatida Markaziy Osiyodagi ko‘plab yodgorliklarning tiklanishida faol qatnashgan.
1974-yilda Davlat mukofoti laureati bo‘lgan.
1996-yilda “O‘zbekiston Qahramoni” unvoni berilgan.
2010-yilda vafot etgan.
Mirumar Asadov asli ta’mirshunoslar sulolasidan bo‘lib, mashhur usta bobosini Abdulavaz oqsoqol deb atashar, milliy hunarmandchilik maktabiga nevarasining borishiga ham aynan uning maslahati sabab bo‘lgandi. 1939-yilda milliy hunarmandchilik maktabi ochilishi Mirumar Asadovning kelajak taqdiri belgilanishida muhim rol o‘ynadi. O‘quv kurslari Sharq me’moriy madaniyatining noyob namunasi bo‘lgan Sherdor madrasasida tashkil qilingandi va undagi mashg‘ulotlar bo‘lajak ustaning qobiliyati ochilishiga xizmat qildi. Maktabga o‘z davrining dong‘i ketgan ta’mirshunoslaridan biri, buxorolik usta Shirin Murodovning taklif etilishi Mirumar Asadov uchun taqdirning haqiqiy tuhfasi bo‘ldi, deyish mumkin.
Ikkinchi jahon urushi boshlanishi bilan Moskva badiiy instituti Samarqandga ko‘chiriladi. Ushbu ilm maskanining mutaxassislari samarqandlik ta’mirshunoslarga ta’lim berishda ishtirok etishadi. Mehnat qahramonining xotirasida moskvalik ustozlardan chizmachilik, rassomchilikni o‘rgangani muhrlanib qolgan. Lekin baribir usta Shirin Murodovning bo‘lajak ustalarga obidalarni ta’mirlash bo‘yicha kasb sirlarini ochib bergani muhim saboq bo‘ldi.
O‘tgan asrning 40-yillari Mirumar Asadov hamda Samarqand ta’mirshunoslik maktabining bir nechta o‘quvchilari usta Shirin Murodov bilan birgalikda Toshkentga borishadi va O‘zbekistonning ikkita muhim obyektlarini milliy uslubda bezashda ishtirok etishadi. Bu – Alisher Navoiy nomidagi opera va balet hamda Muqimiy nomidagi teatrlar edi. Ushbu san’at saroylaridagi ganch o‘ymakoraligi va koshin bezaklari – samarqandlik usta-ta’mirshunoslar ijodining noyob namunasi.
O‘tgan asrning 60-yillari taqdir Mirumar Asadovni Dushanbega yo‘llaydi. Tojikistondagi mahalliy oqsoqollar samarqandlik milliy ta’mirshunoslik maktabi vakillarini o‘zlarining eng qadrli madaniy obyektlarini tiklashga taklif etishadi. Mirumar Asadov, xususan, Sadriddin Ayniy maqbarasi, Panjikentdagi Rudakiy maqbaralarini ta’mirlashda ishtirok etgan. Eng qiziq jihati shundaki, Asadovdan avval mazkur obyektlarni ta’mirlash ishida, asosan, Leningraddan taklif etilgan ustalar shug‘ullanishgan. Garchi ular yuqori darajadagi mutaxassislar hisoblanishsa-da, obidalarda binoning mohiyati, ranglari va Sharq bezak sayqalining barcha nozik jihatlari tomonidan mazmunni yetkazib bera olishmagan.
Mustaqillik yillari usta uchun yuksak namoyon etgan obyektlardan biri Buxoro viloyatidagi Bahovuddin Naqshbandiy maqbarasi bo‘ldi. Deyarli vayron bo‘lgan va o‘zining tarixiy qiyofasini yo‘qotgan maqbara hukumat qaroriga muvofiq qayta tiklanishi kerak edi. Bu vazifa Mirumar Asadov boshchiligidagi ustalar tomonidan a’lo darajada uddalandi. Bugun ushbu maqbara nafaqat dong‘i ketgan ma’naviy markaz, balki Sharq me’morchiligining betakror nafosatini o‘zida jam etgan noyob me’moriy namuna hisoblanadi.
Ushbu obyektdagi yorqin ishidan so‘ng Mirumar Asadov deyarli barcha muhim qadimiy yodgorliklarda xizmat qilib, o‘z sohasining mohir vakili sifatida e’tibor qozondi. Ganch, koshin, toshga o‘yish ustasi sifatida uning iqtidori Imom Buxoriy maqbarasi, Registon me’moriy majmuasi, Bibixonim masjidi, Amir Temur maqbarasi, Shohi Zinda memorial majmuasi, Hazrati Hizr masjidi kabi obyektlarda yorqin namoyon bo‘ldi. Bugun dunyoning turli burchaklaridan kelgan sayyohlar bir vaqtlar yer yuzining sayqali deb ulug‘langan Samarqandga azaliy ko‘rk va go‘zallik qaytganligini e’tirof etishmoqda. Albatta, yuz yillar ortidagi nafosatni o‘ziga qaytarish, asrlar suronlari ostida mahv bo‘lgan go‘zallikni tiklash ustadan katta salohiyat, bilim va mahorat talab qiladi. Bugun asriy obidalar o‘zgacha jilo bilan dunyoni hayratga solmoqdaki, bu e’tiroflar usta Mirumar Asadov va hamkasblarining fidokorligi samarasidir.
Ko‘plab madaniyat obidalari va me’moriy yodgorliklarni tiklashda qo‘shgan hissasi uchun Mirumar Asadov davlatimizning eng yuksak mukofotiga sazovor bo‘ldi.
//
Izoh yo‘q