Bekdurdi Jumaniyazov


16:07 / 01.07.2024 483 0

1939-yil 20-yanvarda Xorazm viloyati Xiva tumanida tavallud topgan.

Mehnat faoliyatini 1957-yilda tumandagi “Oʻzbekiston” jamoa xoʻjaligida tabelchilikdan boshlagan. Bir umr dalada mehnat qildi, paxtachilikda, sabzavotchilikda ulkan yutuqlarni qoʻlga kiritgan.

2000-yili “Oʻzbekiston Qahramoni” unvoniga sazovor boʻlgan.

2009-yilda vafot etgan.

 

Bekdurdi Jumaniyazov oʻrta maktabni tamomlagach, Xorazm Viloyati Xiva tumanidagi “Oʻzbekiston” jamoa xoʻjaligi tabelchisi sifatida ish boshladi. 1958–1961-yillarda harbiy xizmatni oʻtab keldi va butun umrini qishloq xoʻjaligiga bagʻishladi Qirq yil davomida yer bilan “tillashdi”, halol mehnatingni doim yuksak inʼomlar bilan mukofotlaydigan ona zaminga mehrini, kuch-quvvatini berib, el-yurt farovonligi ortishiga hissa qoʻshdi. Qirq yildan ziyod “Oʻzbekiston” shirkat xoʻjaligi ishchisi sifatida faoliyat olib bordi.

 

Bekdurdi Jumaniyazov qishloq xoʻjaligi sohasida katta tajriba toʻplagan, viloyatda paxtachilik va gʻallachilik rivojiga munosib hissa qoʻshgan pudratchilardan biri edi. Paxta va bugʻdoy yetishtirishga ixtisoslashgan maydonlardan unumli foydalanib, yildan yilga yuqori natijalarga erishdi.

 

Shirkat xoʻjaligida yangi gʻoʻza navlarini yetishtiruvchi sinovchi urugʻchilik markazi tashkil qilingan boʻlib, bu markaz viloyat paxtakorlariga sifatli urugʻ yetishtirib berishga ixtisoslashgandi.

 

Maʼlumki, Xorazm viloyati dehqonlari uchun suv taqchilligi doim muammo boʻlib kelgan. Tajribali dehqon Bekdurdi Jumaniyazov mavjud zovur suvlaridan ham nasoslar yordamida samarali foydalanishni yoʻlga qoʻyganligi natijasida ekin maydonlarining meliorativ holati yaxshilangan, suvdan unumli foydalanish evaziga hosildorlik oshgan.

 

Bosh pudratchi Bekdurdi Jumaniyazov bir meʼyor, bir qolipga tushib olib ishlashni yoqtirmasdi. Doim yangiliklar. mehnat samaradorligini, yer hosildorligi va yetishtiriladigan mahsulot sifatini yaxshilash yoʻlida izlanardi. Tajribali dehqonlardan oʻrganish, oʻz ishlarining tahliliy xulosalariga asoslanish natijasida iqlim va tuproq sharoitiga moslashgan yangi gʻoʻza navlarini yetishtirdi, mamlakat paxtakorlariga sifatli urugʻ yetkazib berishga katta hissa qoʻshdi Buning uchun paxtachilik ilmiy-tadqiqot institutlari bilan hamkorlik qildi, yerga ishlov berishda zamonaviy texnikalardan oqilona foydalandi, qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini qayta ishlash yoʻnalishlarida samarali natijalarga erishdi.

 

Mirishkor dehqon tumanda, viloyatda bogʻdorchilik, polizchilik sohasini rivojlantirish borasida ham faol ishlar olib borgan. Ayniqsa, Xorazmning qadimiy gurvak, olaxommo, zargulobi, Xorazm gulobi kabi qovun navlarini tiklashda amaliy natijalarga erishdi.

 

Yuzaki karaganda, odatiydek tuyuladigan mana shu faoliyatning oʻzi qahramonimizning xalq anʼanalariga, uning ming yillar davomida saqlab kelgan dehqonchilik madaniyatiga qanchalar jonkuyarlik bilan yondashganini yaqqol koʻrsatadi. Zero, qovunchilik, umuman, noyob poliz ekinlarining urugʻchiligi doimiy eʼtibor va diqqat talab qiladigan sohalardandir. Bugungi kunda Xorazm qovunlari oʻzining azaliy shuhratini tiklagan boʻlsa, bu savobli ishda Bekdurdi ogʻaning ham munosib hissasi bor.

 

Jamoat ishlarida tashabbuskor, jonkuyar, tadbirkor, tashkilotchi edi. Ayniqsa, keksalar salomatligi, yoshlarning bir ish bilan band boʻlishi bilan bogʻliq masalalarda elga qoʻlidan kelganicha yordam berardi. Mustaqillik yillarida mahallalar, taʼlim muassasalari, mehnat jamoalarida oʻtkaziladigan maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlarda ishtirok etib, yurtimiz hayotining ijtimoiy-iqtisodiy, madaniy-maʼrifiy sohalarida amalga oshirilayotgan islohotlar va erishilgan yutuqlarni faxr-iftixor bilan targʻib qildi.

 

Turmush oʻrtogʻi Anabibi Abdusattorova bilan 3 nafar oʻgʻil, 4 nafar qizni kamolga yetkazdilar.

 

Kamtarin, elu yurt ishiga fidoyi, hamisha yuksak marralarni koʻzlab izlanib, intilib kelgan Bekdurdi Jumaniyazovning mehnatlari “Oʻzbekiston Qahramoni” unvoni bilan taqdirlandi. “Bu sharaf menga inson qadr-qimmatini oshirgan mustaqillik neʼmati tufayli nasib etdi”, der edi Qahramon faxr bilan.

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//