1941-yil 21-martida Qashqadaryo viloyati Koson tumani Neko‘z qishlog‘ida tug‘ilgan.
1958 – 1963-yillarda O‘rta Osiyo davlat universitetida o‘qigan.
1996 – 2009-yillarda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi lavozimida faoliyat ko‘rsatgan.
Abdulla Oripov – 1992-yil 10-dekabrda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi matni muallifi.
2015-yili “Italiya yulduzi” xalqaro ordeni bilan taqdirlangan.
1983-yili O‘zbekiston xalq shoiri unvoni, 1998-yili “O‘zbekiston Qahramoni” unvoni berilgan.
2016-yil vafot etgan.
Xalqimizning atoqli va ardoqli shoiri Abdulla Oripov yasharish va yangilanish bayrami Navro‘z kuni tavallud topgan.
O‘rta Osiyo davlat universiteti (hozirgi O‘zbekiston Milliy universiteti)ning o‘zbek filologiyasi fakulteti, jurnalistika bo‘limini bitirgach, 1963 – 1967-yillarda “Yosh gvardiya” nashriyotida muharrir; 1974 – 1976-yillarda “Sharq yulduzi” jurnali bo‘lim mudiri; 1976 – 1982-yillarda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi adabiy maslahatchisi; 1982 – 1983-yillarda uyushmaning Toshkent viloyati bo‘limi mas’ul kotibi; 1983 – 1985-yillarda “Gulxan” jurnali bosh muharriri; 1985 – 1996-yillarda Yozuvchilar uyushmasi mas’ul kotibi; 1996 – 2009-yillarda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi va bir vaqtning o‘zida O‘zbekiston Respublikasi Mualliflik huquqini himoya qilish davlat agentligi raisi lavozimlarida faoliyat yuritdi. 2009-yildan umrining oxirigacha O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi faxriy raisi sifatida adabiyotimiz ravnaqi yo‘lida munosib xizmat qildi.
Adabiyotga nurli istiqbolidan darak bergan “Mitti yulduz” (1965) to‘plami bilan kirib kelgan shoirning “Onajon”, “Ruhim”, “O‘zbekiston”, “Hayrat”, “Yurtim shamoli”, “Yuzma-yuz”, “Najot qal’asi”, “Surat va siyrat”, “Yillar armoni”, “Ishonch ko‘priklari”, “Sen bahorni sog‘inmadingmi”, “Qush tili”, “Munojot”, “Haj daftari. Hikmat sadolari”, “Dunyo”, “Ibodat”, “Saylanma”, “Savob”, “Bedorlik”, “Mustaqilik qo‘shig‘i”, “Bir qarasam...”, “Shoir yuragi”, “Mehr”, “Talosh pallasi”, “Menga xush xabar ayt”, “Ranglar va ohanglar”, “Ezgulik”, “Umr manzillari”, “Everest va ummon”, “Ishq sahrosi” kabi ellikdan ortiq to‘plamlari chop etildi. “Hakim va ajal”, “Jannatga yo‘l”, “Ranjkom”, “Sohibqiron” va “Istiqlol manzaralari” dostonlari Abdulla Oripov badiiy epik polotnolar yaratish bobida ham ulkan salohiyatga ega ijodkor ekani dalilidir.
Uning Aleksandr Pushkin, Taras Shevchenko, Sergey Baruzdin, Lesya Ukrainka, Yenyo Xeltai, Yegishe Charens, Qaysin Quliyev, Maxsutiy Ganjaviy, Xarivanshray Bagchan, Kresti Merilaas, Adhat Sino‘g‘il, Xalil Rizo, Nikolay Tixonov, Ibroyim Yusupov singari shoirlar asarlaridan qilgan tarjimalari bugungi avlodni jahon adabiyotining nodir namunalari bilan tanishtirishi barobarida yosh ijodkorlar uchun ijodiy tajriba maktabi sifatida ham ahamiyatlidir. Uyg‘onish davrining buyuk shoiri Dante Aligerining “Ilohiy komediya” asaridan tarjimasi shoir tarjimonlik faoliyatining cho‘qqisi, deyish mumkin.
Ijodkorning publitsistik maqolalari hamda suhbatlarida Vatan va millatning buguni, istiqboli bilan bog‘liq dolzarb muammolar yechimiga doir qimmatli fikrlari yoritilgan. Xalqimizning murakkab va shonli kechmishi, milliy istiqlol qadri, mustaqillikni mustahkamlash, islohotlar mohiyati, shaxs va jamiyat ma’naviyatini yuksaltirish singari muhim masalalar ijodkor publitsistikasi bosh mavzularini tashkil etadi.
O‘rta va yosh avlod shoirlarining aksariyati she’riyat sirlarini Abdulla Oripov ijodiy laboratoriyasidan o‘rganganlarini e’tirof etadilar. Bu milliy adabiyotimizda Abdulla Oripov she’riyati maktabi shakllangani isbotidir.
Abdulla Oripov 1992-yil 10-dekabrda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi matni muallifidir. Uning butun ijodi, shuningdek, Davlat madhiyasi matni xalqimiz qalbiga mustaqillik g‘oyalarini singdirishda alohida ahamiyat, kuch-qudratga ega.
Shoir ijodi davlatimiz tomonidan munosib taqdirlangan: Unga O‘zbekiston xalq shoiri unvoni berilgan. Shoir davlat mukofotlari sovrindori bo‘lgan. U ijod ahli orasida birinchi bo‘lib “O‘zbekiston Qahramoni” unvoni bilan taqdirlangan.
Abdulla Oripov ijodi xalqaro miqyosda ham munosib e’tirof qozongan. Asarlari jahonning rus, ingliz, nemis, arab, fors, yapon, koreys, bolgar, turk, ukrain, tojik, turkman, ozarbayjon singari ko‘plab tillariga tarjima qilingan. 2007-yili “WIPO Creativity Award” oltin medali bilan mukofotlangan. Yaponiyaning Soka universiteti professori, Kaliforniya (AQSh) Fan, ta’lim, sanoat va san’at xalqaro akademiyasining haqiqiy a’zosi, faxriy “Italiya yulduzi” xalqaro ordeni bilan taqdirlangan.
Abdulla Oripov birinchi va ikkinchi chaqiriq Oliy Majlis deputati, Senat a’zosi sifatida mamlakatimizda amalga oshirilgan islohotlarning qonuniy asoslarini takomillashtirish ishida faol ishtirok etdi.
2017-yili Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan Qashqadaryo viloyatining Qarshi shahrida Abdulla Oripov ijod maktabi tashkil etildi. Unda badiiy adabiyotga, ijodga iqtidorli o‘g‘il-qizlarning ta’lim-tarbiya olayotgani shoirning nomi, ijodiy merosini targ‘ib qilish bilan birga, yoshlarni ustoz adabiy darsxonasi ilmu sirlarini chuqur o‘rganishlari, yuksak ma’naviyatli shaxslar bo‘lib ulg‘ayishlari uchun katta imkoniyatdir.
Yurtboshimizning 2020-yil 2-dekabrdagi Qarori bilan 2021-yilda atoqli shoir Abdulla Oripov tavalludining 80 yilligi keng nishonlanadigan bo‘ldi.
O‘zbekiston xalq shoiri Abdulla Oripovning betakror, g‘oyaviy-badiiy jihatdan yetuk asarlari avlodlar qalbidan joy olib, ularni eng go‘zal fazilatlar ruhida tarbiyalaydi, dunyo ma’naviy xazinasining durdo-nalari bo‘lib qolaveradi.
//
Izoh yo‘q