Ulugʻbek Umarov


14:07 / 01.07.2024 238 0

1958-yil 15-dekabrda Fargʻona viloyati Fargʻona shahrida tugʻilgan.

1980-yili Fargʻona shahridagi 25-hunar-texnika bilim yurtini tamomlagan.

1983–2004-yillarda Fargʻona avtomobil yoʻllaridan foydalanish boshqarmasi avtoskreperchisi, uchastka boshligʻi vazifasida ishlagan.

1999-yili “Oʻzbekiston Qahramoni” unvoni bilan taqdirlangan.

2018-yildan nafaqada.

 

Ulugʻbek bobosi Umar polvonning yurt orasida koʻpriksoz usta sifatida nom taratganidan faxrlanib ulgʻaydi. Fargʻonadan kunchiqar tarafga ketadigan yoʻplardagi koʻpriklarni “Polvonkoʻprik” deyishadi. Ularni qurgan Umar polvon koʻprikning baquvvatligini birinchi boʻlib oʻzi sinab berarkan. U qoʻqon aravaga oʻtirganda, aravakashlar otni uzangisidan tortib yetaklab arang koʻprikdan oʻtishgan, degan gaplar yuradi. Agar koʻprik ostidan biror chimdim qum-tuproq suv ustiga tushsa, ustalar ishni boshidan boshlashga majbur boʻlishgan. Shuning uchun oʻgʻli Ulugʻbek yoʻlsoz boʻlaman deganida, Yunus akaning xayolidan “Bobosining qoni yuragida joʻsh uryapti-da” degan fikr oʻtdi.

 

Paxta tozalash korxonasida mehnat qilayotgan Yunusali aka oʻgʻlining oliy maʼlumotli mutaxassis boʻlishini juda ham istardi. Lekin harbiy xizmatdan qaytgan Ulugʻbek yoʻl qurilishida ekskavator haydovchisi boʻlish ishtiyoqida ekanini qatʼiy aytdi. Qirgulidagi hunar-texnika bilim yurtida ekskavator-mashinist kasbini egallash uchun oʻqish-oʻrganishni boshladi.

 

Dastlab uning tanlagan kasbidan koʻpchilik hayron boʻldi: “Bularning oilasida biror kishi velosipeddan kattaroq texnikani minmagan boʻlsa, qanday qilib ulkan mashinalarni boshqararkin?” Ulugʻbek yoshligidan texnika shaydosi edi. U bilim yurtini tugatishi bilanoq, qurilish-montaj birlashmasiga ishga bordi, unga yoʻl boʻylaridagi turli xil xandaqlar, katta-kichik ariqlarni kovlaydigan 30–652 ekskavatorida ishlashni topshirishdi. Bu uzatkichli trosslarda ishlaydigan mashina boʻlishiga qaramay, ancha “qaysar”, tillashib ishlamasa “toʻnini teskari kiyib oladigan” agregatlardan ekan. Ulugʻbek shu texnikani 6-yil avaylab-asrab ishlatdi. Keyin yosh mashinistni birlashmaga olib kelinayotgan zamonaviy mashinalar qiziqtirib qoldi. Tashkilot rahbarlariga bevosita yoʻl qurilishida qatnashadigan mashinalarda ishlash niyati borligini aytdi. Bu paytda u jamoada ancha tanilib, obroʻ orttirgan ishchilardan edi. Lekin yangi texnikada ishlashning oʻziga xos talablari bor edi, tajribali mashinistni avtoskreperda ishlashi uchun yana shogirdlikka berishdi.

 

U skreperga oʻtirgan ilk kunini hech unutmaydi. Umri yoʻl qurilishida oʻtgan Aleksey Zavorikin Ulugʻbekka skreper bilan “tillashish”, rulga oʻtirib yoʻlning obi-tobini olish, tuproqni bir maromda yetqizib borish sirlarini tushuntirdi. Tushdan keyin esa mashina chambaragini shogirdiga butkul topshirib, uning ishlarini kuzatib turdi. Qora terga botib ketgan Ulugʻbek mashinani kechga yaqin ustozi bilan avtogarajga olib kelib qoʻydi. Ertalab yana shu yerda uchrashishga kelishdilar. Ammo ertalab Ulugʻbek ustozini ancha kutdi. Mexanikka istihola bilan ustozi kechikayotgani, shuning uchun ham trassaga chiqolmayotganini aytgan edi, u kishi shartta gapirdi: “Endi trassaga oʻzing chiqaverasan, kecha Alyosha Ulugʻbek tugʻma skreperchi ekan, bemalol ishni oʻzi eplayveradi, deb, mashinani senga topshirib, taʼtilga chiqib ketdi. Sening nomingga yoʻl varaqasi yozilgan. Qogʻozni olu trassaga otlan!”

 

Qamchiq dovoni qurilishi Ulugʻbek Umarov hayotida alohida sahifa hisoblanadi. Yoʻl taʼmirlanishi haqida maslahatga chaqirilganlar qatorida u ham bor edi. Oʻshanda Qamchiq dovonining eng baland choʻqqisi, mashhur Sher haykali yonida mamlakatimiz mashhur yoʻlsozlari Buyuk ipak yoʻlining muhim uzvini qanday taʼmirlash haqida kelishib olish uchun yigʻilishdi. Ulugʻbekdan qanday texnikalarni ishlatish mumkinligi haqida fikr soʻrashdi. U: “Agar haydovchining, mashinistning malakasi yuqori boʻlsa, har qanday texnikani ishlatish mumkin”, deb javob qildi. Qahramonimiz mashhur yoʻlni bunyod etuvchilarning oldingi saflarida ishga otlandi. Rezaksoydan tunnelgacha boʻlgan masofadagi jamiki yangi ochiladigan joylarga birinchi boʻlib “ot solgan” ham Ulugʻbek boʻldi.

 

Mashinistning mehnat natijalari butun dovonda ishlayotgan yuzlab yoʻlsozlarga ovoza boʻlgan paytlar koʻp boʻldi. U bir smenada oʻz skreperi bilan 110 reys ish bajarib, 2000 tonnadan ziyod tuproqni 500 metr masofaga tashib berdi. Qoʻlga kiritgan yutuqlari sababini mashinaning bekor turib qolishini qisqartirish, kichik taʼmirlash, moylash ishlarini tuproq yuklaguncha bajarilgani sharofatidan, deb izohladi, xolos. Lekin bu kamtarin, kamsuqum yigitning mehnatlari elu yurtning eʼtiboridan chetda qolmadi. Ulugʻbek Umarov yoʻlsozlar orasida birinchilardan boʻlib “Oʻzbekiston Qahramoni” degan unvonga sazovor boʻldi. Xushxabarni ustozlari Ismoil aka, Asqar Abrorov, Rashid Gilmitdinovlardan eshitdi. Shogirdlari Sobirjon Qirgʻizov, Aʼzamjon Mirzaboltayev hamda u bilan esh-qoʻsh boʻlib Dovonda mehnat qilayotgan ukasi Yusufjonlar birinchilardan boʻlib muborakbod etdilar.

 

– Bunday ulugʻ sharafga ega boʻlish – Qahramonlar safidan oʻrin olish tushimga ham kirgan emas edi, – deydi kamtarlik bilan Ulugʻbek Umarov. Mustaqillik tufayli ming yillardan buyon togʻlar bagʻridan oʻtgan tor, xavfli Qamchiq dovoni yoʻllari xalqaro magistralga aylandi. Qarang, bobom taxta, tosh, tuproqdan koʻpriklar qurgan boʻlsa, biz eng zamonaviy texnika vositalari yordamida asr inshootlaridan biri boʻlgan dovon yoʻli qurilishida ishtirok etdik. Sevimli kasbimda xalq eʼzoziga sazovor boʻldim. Odamlar mehnati qadrlanayotgan zamonda yashayotganimdan baxtiyorman. Xalqimizda “Yoʻl qurgan odam tarixda qoladi”, degan naql bor. Bunday martabaga loyiqmanmi-yoʻqmi bilmayman-u, agar farzandlarim Manzura, Feruza, Dilfuza, Azizbeklar va nabiralarim Qamchiq dovonidan oʻtishganda faxr bilan: “Shu yoʻllarda otamizning, bobomizning izlari qolgan”, deyishsa, menga katta baxt.

 

Bugun vodiyni respublikamizning boshqa viloyatlari bilan bogʻlaydigan Qamchiq dovoni yoʻllarida transport vositalarining son-sanogʻi yoʻq. Keng, tekis, chiroyli yoʻllardan bexavotir, koʻzu koʻngli yayrab borayotganlarning qancha-qanchasi tilda yoki dilda, albatta, ayni imkoniyatlarga shukrona, uning bunyodkorlariga rahmat aytadi. Bu minnatdorliklar, xayrli tilaklar yurtni obod, xalqning uzogʻini yaqin qilganlar umrini ziyoda, saodatbaxsh etgay, inshoolloh.

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//