1940-yil 11-sentyabrda Qashqadaryo viloyati Kasbi tumanidagi Xoʻjahayron qishlogʻida tugʻilgan.
Kechki maktabni tugallab, haydovchilik kasbini egallagan.
1971-yildan tumandagi jamoa xoʻjaligi paxtachilik brigadasi boshligʻi.
Qishloq xoʻjaligi sohasida ulkan yutuqlarni qoʻlga kiritdi. Mustaqillik yillari fermerlik harakatining faol aʼzosiga aylandi.
1999-yilda «Oʻzbekiston Qahramoni» unvoni bilan taqdirlangan.
2004-yilda vafot etgan.
Hayot mazmuni yillar bilan oʻlchanmaganidek, abadiylikning ham oʻz mezonlari boʻladi. Kimdir umri davomida xalq manfaati yoʻlida kuch-gʻayratini ayamasdan mehnat qiladi. Shunday insonlardan biri Xoʻjahayron qishlogʻida yashagan, paxtachilik, gʻallachilikni rivojlantirishga ulkan hissa qoʻshgan Gʻaybulla Rahmonovdir.
Gʻaybulla Rahmonov ulgʻaygach, otasining dala ishlariga koʻmaklashish bilan birga, kechki maktabda 10-sinfni tugatdi. Keyinchalik maxsus taʼlim olib, qishlogʻida birinchilar qatorida texnika ruliga oʻtirdi.
1971-yildan boshlab u brigada boshligʻi sifatida faoliyat koʻrsata boshladi. Tabiatan mehribon, biroz hazilga moyil, tinib-tinchimas, tashabbuskor va oʻz ishiga sadoqatli bu insondagi gʻayrat-shijoat uncha-muncha odamda uchramasdi. Shuning uchun ham Gʻaybulla Rahmonov boshliq brigada aʼzolari katta muvaffaqiyatlarga erishdilar. Hosildorlik va umumiy xirmon yaratish boʻyicha tumandagina emas, hatto viloyat boʻyicha ham yuksak koʻrsatkichlarni qoʻlga kiritishdi. 80-yillardan boshlab uning jamoasi 50 sentnerchi sifatida dovrugʻ taratdi. Mehnatlari eʼtirof etilib, yuksak mukofotlarga loyiq koʻrildi.
Mustaqillik yillarida ularning faoliyatiga yangi mazmun kirdi, mehnatlarining samarasi oʻz xalqi, Vatani manfaatlari uchun asqatishini anglab, yangicha ruh va ishtiyoq bilan harakat qilishdi. Moxir dehqon dalasining paxta va gʻalladan hosili yil sayin yuksak darajaga chiqib bordi. Masalan, 1994-yilda Gʻaybulla Rahmonov boshliq brigada aʼzolari 52 gektar yerga chigit qadab, har gektardan 39 sentnerdan paxta yigʻishtirib olishdi. Demak, hosildorlik rejadan birdaniga 10 sentnerga oshdi. Gʻaybullaning nomi ilgʻorlar safida tilga olinadigan boʻldi, uning yutuqlari siriga qiziquvchilar koʻpaydi. Bu koʻrsatkichlar 1999-yilda eng yuksak darajaga koʻtarildi. Shu yili Gʻaybulla Rahmonovga “Oʻzbekiston Qahramoni” unvoni berildi. Oʻsha yillarda viloyat rahbari boʻlib ishlagan Nuriddin Zayniyev: «Gʻaybulla aka dehqonchilik dalasining chinakam dargʻasi, yer amaliyotining oʻziga xos akademigi ulugʻ bilimdonidir», degandi. Hurriyat yillarida Kasbida, umuman, Qashqadaryo viloyatida paxtachilik va gʻallachilik sohasida erishilgan yutuqlarga kimlar munosib hissa qoʻshgani haqida gap ketgudek boʻlsa, albatta, birinchilar qatorida Gʻaybulla Rahmonovning nomi ham tilga olinardi.
Mehnat oddiy dehqon farzandiga yuksak martaba va obroʻ keltirdi. U esa bunday eʼtiborni masʼuliyat bilan qabul qildi. Faol jamoatchi sifatida tuman va qishloqdagi xayrli ishlarga oʻz hissasini qoʻshishni burchi deb bildi. Paxtachilik bilan birga kichik tadbirkorlik va sanoat korxonalari tashkil etishga ham harakat qilishdi. Xoʻjahayron qishlogʻida sutni qayta ishlaydigan korxona qurilib, sifatli mahsulot bera boshladi. Shuningdek, temirchilik sehi, issiq non va non maxsulotlari tayyorlanadigan kombinat, avtomobillarga xizmat qiladigan ustaxona va boshqa shunga oʻxshagan kichik korxonalar qishloqka farovon shaharcha qiyofasini berdi. Obodonchilik ishlari avj oldi, odamlar zamonaviy turar joylar qurib, ilgʻor turmush tarzi urf boʻldi.
Qahramon paxtakorning saʼy-harakati bilan kam taʼminlangan oilalarga nafaqa tayinlandi, ish oʻrinlari yaratilib, foydali mehnatga jalb qilindi. Qishloqdagi maktablar va boshqa taʼlim muassasalari doimiy eʼtibor tufayli faoliyatini namunali tashkil etishga erishdi. U yoshlarning rahnamosi-maslahatchisi, qolaversa, oʻz hayoti bilan ularga oʻrnak edi.
Gʻaybulla aka turmush oʻrtogʻi Pardaxol aya bilan 7 nafar farzandni tarbiyalab, el koriga yaraydigan insonlar qilib yetishti rishdi. Ayni paytda ularning 30 nafarga yaqin nabiralari baxtiyor davrimizda shodon yashamoqda. Qizlari Matluba “Obod yurt” MFYda oila va xotin-qizlar boʻyicha mutaxassis boʻlib ishlasa, Mahbuba 12-umumiy oʻrta taʼlim maktabida oʻqituvchi, Gulnora “Yuksalish zamin koʻrki” fermer xoʻjaligi ish yurituvchisi, Sanobar 34-umumiy oʻrta taʼlim maktabi oliy toifali oʻqituvchisi, Oʻgʻilxon “Gʻaybulla Rahmonov” fermer xoʻjaligida ish yurituvchi. Oliya esa Qarshi pedagogika kasb-hunar kolleji oʻqituvchisi.
Gʻaybulla akaning oʻgʻli Gʻolibjon ota ishini davom ettirib, “Gʻaybulla Rahmonov” fermer xoʻjaligiga rahbarlik qilib kelmoqda. Gʻaybulla Rahmonovning shogirdlari Safar Sharipov, Ergash Xoʻjamqulov, Boʻron Jumayev ustozlarining eʼtiqodiga sodiq qolib, “Yoshlar kelajagimiz, ularga dehqonchilik ilmini oʻrgatish sharafli vazifamizdir”, deydilar.
Qishlogʻining faxriga aylangan, ibratli hayoti bilan koʻplarga namuna boʻlgan mehnatkash inson, dala fidoyisi Gʻaybulla Rahmonov 64 yoshida vafot etdi. Qizi Sanobar otasi xotirasiga bagʻishlagan sheʼrida yozadi:
Anuv kanal Mirishkorning oʻng yonida
bir dala bor.
Unga doim gʻalaba yor,
unda otam nafasi bor.
Xalqimizda “Inson – aziz, xotirasi undan aziz”, degan gap bor. Oʻzbekiston xalq shoiri Abdulla Oripov Gʻaybulla akani yaqindan bilar, uni chuqur hurmat qilar edi Xujahayronlik qahramon haqida ardoqli shoirimiz iliq fikrlarni bildirganlar:
«Kasbi tumani ham men uchun aziz va qadrdon goʻshalardan biridir, chunki bu yerda, hatto bobolarim ixlos qilgan avliyo Sulton Mirhaydar ota hazratlari abadiy uyquda yotibdi. Gʻaybulla aka el-yurtiga qahramonona xizmat qilib qoʻygan edi. Axir oʻzingiz oʻylab koʻring. Bir vaqtlari baʼzilarga hatto vahimali koʻringan, zahmatli tuyulgan Qarshi choʻlida naq ellik yil tuproq kechishning oʻzi boʻladimi?! Gʻaybulla aka ana shu “qaysar”, “injiq” tuproq bagʻridan bir necha yil davomida paxtakor, brigada yetakchisi sifatida yuz tonnalab, ming tonnalab “oq oltin” yigʻishtirib oldi. Gʻaybulla aka bilan koʻp marta muloqotda boʻlganman. U meni oʻziga yaqin olib, “yulduzdosh ukam”, derdi. Men ham mehrimni nasiya qoldirmay, shunday yozganman:
Uyqash bizning otlarimiz.
Bir oz oʻxshash feʼlimiz ham.
Gapni choʻzmay aytsam, akam,
Sizday dehqon Kasbida kam!»
Taniqli jurnalist Yusuf Berdiyev Gʻaybulla Rahmonovning ibratli hayot yoʻli, insoniy fazilatlari va qahramonona mehnatlarini tasvirlab, “Oʻzingdan qoʻymasin, dalam” nomli toʻplam yaratgan. Bu kitobda qahramonni yaqindan bilgan mashhur shoirlar, jamoat arboblari, rahbar va paxtakorlar, qishloqdoshlarining xotiralari jamlangan. Oʻzbekiston Qahramoni Gʻaybulla Rahmonovning xizmatlariga ehtirom sifatida Xoʻjahayron qishlogʻidagi mahallalardan biriga uning nomi berilgan.
//
Izoh yo‘q