1947-yil 6-martda Andijon viloyati Marhamat tumanida tugʻilgan.
Mehnat faoliyatini tumandagi shirkat xoʻjaligida ishchilikdan boshlagan.
1977–2004-yillarda paxtachilik brigadasi boshligʻi, jamoa xoʻjaligi raisi,
2004–2007-yillarda esa “O.Almatov” fermer xoʻjaligi rahbari lavozimlarida ishlagan.
1992-yili “Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan paxtakor”.
1999-yilda “Oʻzbekiston Qahramoni” unvoni bilan taqdirlangan.
2007-yildan nafaqada.
Ataxan Alamatov Janubiy Fargʻona kanalining yuqori qismida, Qirgʻiziston Respublikasi bilan qoʻshni hududlardagi qadrdon dalasida kechani-kecha, kunduzni-kunduz demay, ustozlarining oʻgitlari asosida mehnat qilgan, dehqonchilikning mashaqqatli nonini halollab yegan, oʻzgalarga oʻrnak boʻlgan mirishkor dehqondir.
U 1999-yildan U.Qoraboyev nomli jamoa xoʻjaligiga qarashli 170 gektar maydondan iborat boʻlgan 10-paxtachilik brigadasi boshligʻi boʻlib faoliyat yuritdi. Shu davrda 100 gektar maydonga paxta, 70 gektar maydonga boshoqli don ekib, mehnat shartnomasini bajarish bilan birga, paxta hosildorligini 40 sentnerga, bugʻdoyni esa har bir gektar maydondan 74 sentnerga koʻtardi. Bu natijalar nisbatan yuqori koʻrsatkich hisoblanardi. Demak, u paxta va gʻalla yetishtirishda alohida oʻrnak koʻrsatgan usta dehqon sifatida qadrlidir.
Ataxan Alamatov mehnat faoliyati davomida dexqonchilik kasbini puxta egallagan tashkilotchi, topshiriqlarni bajarishga odamlarni safarbar eta oladigan qobiliyatga ega. Xizmat vazifasiga doir masalalarni toʻla-toʻkis bajarishga intilishi bilan tanilgan. Hozirgi kunda ham ustozlari va hayotdan olgan oʻgitlari asosida mahalladagi yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga munosib hissa qoʻshib kelmokda. Kelajagimiz egalarini ona yurtini sevish, oʻzi ishlayotgan korxonaga va kasbdoshlariga mehr bilan yondashib, halol mehnat qilishga undayotgan ustoz hamdir. U mirishkor dehqon, jonkuyar, fidoyi inson sifatida tuman faollari va aholi hurmatini qozongan.
Ataxan Alamatovning mamlakatimiz iqtisodiy qudratini yuksaltirish, qishloq xoʻjaligi sohasidagi islohotlarni chuqurlashtirish, respublikamizda gʻalla mustaqilligini taʼminlashdagi ulkan ishlari va qishloq xoʻjaligi sohasidagi koʻp yillik halol xizmatlari hamda jamoat ishlarida faol ishtiroki munosib taqdirlandi. Ataxan Alamatovga “Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan paxtakor” faxriy unvoni berildi.
Bu eʼtirof uning kuchiga kuch, gʻayratiga gʻayrat qoʻshdi. Fermer xoʻjaligini koʻp tarmoqli jamoaga aylantirish uchun tinmay mehnat qildi. Hosildorlik va mahsuldorlikni oshirib bordi.
– Men Ataxan bilan 10-yil bir sinfda oʻqiganman, – deydi Mamasidiq Mamataliyev. – Mana, ishdayam birgamiz. Rahmatli otasi ham xoʻp yaxshi odam edi-da. Qadami daladan uzilmas edi. «Eslaringda boʻlsin, yerni siylanglar, yer hammani boqadi, kiyintiradi» deganlari degan edi. Endi bilsak, Hoji ota haq gapni aytgan ekanlar. Baliq suv bilan, qush qanoti bilan tirik boʻlgani singari odam ham yeru suvsiz, mehnatsiz yashay olmas ekan. Har kimning oʻz baxti, omadi bor. Biroq oʻsha omad zamirida pokiza niyatlarga, orzu-umidlarga qorishiq betinim mehnat yotadi. Ataxan tonglarni dalada qarshilamaganida, saraton jaziramasi olov purkayotgan kezlari har bir nihol atrofida parvona boʻlib, butun vujudini quyosh seliga choʻmiltirmaganida, erta bahordagi uzluksiz yomgʻir, jala, sel ostida shalabbo boʻlib, bugʻdoyzorni begona oʻtlardan tozalamaganida bugungi dil ravshanlik, oʻktamlik, yuzi yorugʻlik qayerda edi? Ataxanning koʻzi dehqonchilikda pishib, suyagi dalada qotganki, ona-zamin uni “ochil dasturxon”i bilan siylayotganining boisi shunda.
– 38-yil boʻldi ketmonni yelkasiga tashlab dalaga chiqqaniga, koʻngli toʻlib hikoya qiladi paxtachilik brigadasi boshligʻi Qurbonali Parmonov. U bilan tengqurmiz. Men sizga aytsam, Ataxan halol, mehnatkash yigit. Uning har yili uloqni oʻzida olib ketayotganiga borman-da. Qarang, burungi yili salkam 79, oʻtgan yili 84, bu yili 87 sentnerdan gʻalla oldi.
Reja boʻyicha 3-yilda 983 tonna gʻalla hosili olishni moʻljallagan edi, hisob-kitob qiladi M. Mamataliyev, aslida qancha boʻldi deng? Alamatovlar davlatga 1450 tonna don topshirdilar. Hammasi urugʻlikka. Ular gʻallani yigʻishtirib olishgach, doʻppini chambarak qilish oʻrniga oʻzlarini paxtaga urishdi. Bu yumushniyam qoyil qilishyapti, azamatlar. Oʻtgan yili ogʻir sharoitda ham gektar hisobida 43 sentnerdan hosil olindi.
Marhamatda oʻz mehnati bilan eʼzoz topgan ulugʻ zotlar koʻp. Ularning safida mohir paxtakor, jonkuyar murabbiy Ataxan Alamatovning oʻz oʻrni bor. Uning hayot yoʻli farzandlariga, barcha yoshlarga oʻrnakdir.
//
Izoh yo‘q