1935-yil 5-iyunda Namangan viloyati Chortoq tumani Koroskon qishlogʻida tavallud topgan.
Mehnat faoliyatini 1953-yili Chortoq tumanidagi shirkat xoʻjaligida boshlagan.
1964-2003-yillarda shu xoʻjalikda bosh pudratchi boʻlib ishlagan.
1999-yilda “Oʻzbekiston Qahramoni” unvoni bilan taqdirlangan.
2003-yilda vafot etgan.
Abduvali Abdurahimov mehnat faoliyatini shirkat xoʻjaligi aʼzoligidan boshlab, 1964-2003-yillarda ushbu shirkat xoʻjaligida bosh pudratchi vazifasida ishlagan.
U oʻzining mehnatsevarligi, yangilikka intiluvchanligi, tashabbuskorligi va boy tajribasi bilan tuman, viloyat faollari oʻrtasida katta obroʻ-eʼtiborga ega boʻlgan.
Oʻziga nisbatan talabchanligi uchun berilgan topshiriq va rejalarni muddatidan oldin bajarib, mamlakatimizda gʻalla mustaqilligini mustahkamlash, paxtachilikda yuqori hosil yetishtirish borasida oʻziga xos tajriba maktabini yaratishga muvaffaq boʻldi va katta yutuqlarni qoʻlga kiritdi.
U mehnat faoliyati davomida dehqonchilik madaniyatini yuksaltirish, yerdan shunchaki hosil olish emas, undan unumli foydalanish sir-asrorlarini oʻrganishga jiddiy eʼtibor qaratdi va salmoqli natijalarga erishdi.
Abduvali Abdurahimov tajribali rahbar sifatida elning eʼtiborini qozonib keldi va oʻz jamoa aʼzolari bilan bir oiladek mehnat qilib, mamlakatimizning ijtimoiy-iqtisodiy rivojiga munosib hissasini qoʻshgan insonlardan biri hisoblanadi.
Bugungi kunda Oʻzbekistonning iqtisodiy hayotida muhim oʻrin tutadigan paxtachilik va gʻallachilik sohasi oddiy dehqonchilik ishidek koʻrinsa-da, uning oʻziga xos mehnat va mashaqqatlari bor. Abduvali Abdurahimov mana shu mashaqqatli mehnatni mardonavor yengib, yer bilan tillashib va agrotexnika qoidalarini ilmiy jihatdan chuqur tahlil qilib, katta yutuqlarni qoʻlga kiritishga muvaffaq boʻldi. U paxta va gʻalladan olinadigan hosildorlikni intensiv ravishda oshirib borishda yuqori natijalarga erishdi. Har yili belgilangan paxta va gʻalla topshirish rejasini ortigʻi bilan ado etib, nafaqat tumanda, balki viloyatda va respublikada katta yutuqlarni qoʻlga kiritgan yetuk qishloq xoʻjaligi xodimi sifatida tanilib bordi.
Abduvali Abdurahimov ilgʻor fermer xoʻjaligi rahbari boʻlishi bilan birga, mehribon, halollikda farzandlariga oʻrnak boʻla oladigan ota, jonkuyar umr yoʻldosh ham edi. Turmush oʻrtogʻi Tursunoy aya bilan 6 nafar farzandni mehnatkash, halol, el-yurt ravnaqiga xizmat qiladigan insonlar qilib voyaga yetkazdi. Bugun ular el ichida otasiga rahmat olib kelayotgan farzandlardan hisoblanadi. Biri shifokor, biri qishlok xoʻjaligi yana biri farmatsevtika sohasida boʻlishiga qaramay, oilada rizqni mehnatdan, barakani tomorqadan topgan mexnatsevar oila egalarining safidadir. Abduvali Abdurahimov ustoz sifatida ham oʻz shogirdlarini farzandlaridek ardoqlar, ularga ham soha, ham hayot saboqlarini chin dildan oʻrgatishga intilardi. U qishloq xoʻjaligi sohasi uchun 40 dan ortiq munosib shogirdlar tayyorlagan. Hozir bu shogirdlarning barchasi halollik, mehnatkashlik, izlanuvchanlikni oʻzlariga dasturulamal qilib olgan, ustozga munosib faoliyat olib bormoqda. Abduvali Abdurahimov saxiy insonlardan edi. U hududdagi kam taʼminlangan, yakka-yolgʻiz, qarovchisi yoʻq oilalardan oʻz saxovatini ayamay kelgan. Eng muhimi esa bu ishlarining birontasini elga “doston” qilmasdan, chin dildan, vijdon amri bilan amalga oshirgan saxovatpesha insonlardan hisoblanardi. El koriga yarash, qishloqdoshlarining kam-koʻstini toʻldirishda oʻzini dastyor deb bilgan kamtar insonning aziz xotirasi bugun uni bilgan kishilar qalbida sogʻinch tuygʻularini, ezgu xotiralarini jonlantiradi. Aslida, inson bolasidan qoladigan eng katta meros, tuganmas boylik, abadiylik nishonasi shu boʻlsa, ne ajab...
“Mehnat qilgan elda aziz” iborasining isbotini Abduvali Abdurahimov misolida koʻrishimiz mumkin. Uning qishloq xoʻjaligida erishgan yutuqlari hisobga olinib, Vatanimizning yuksak mukofoti – “Oʻzbekiston Qahramoni” unvoni bilan taqdirlangan. Qahramonning xotirasini qishloqdoshlari ardoqlab kelmoqda.
//
Izoh yo‘q