Doʻstmirat Abdullayev


14:06 / 26.06.2024 474 0

1950-yil 6-avgustda Samarqand viloyatining Paxtachi tumanida tugʻilgan.

1973-yildan tumandagi Roʻziqul Maxmanov nomidagi jamoa xoʻjaligida mexanik, agronom,

2000–2008-yillarda shu xoʻjalik boshqaruvi raisi boʻlib ishlagan.

2008-yildan fermer xoʻjaligi boshligʻi.

1999-yilda “Oʻzbekiston Qahramoni” unvoni bilan mukofotlangan.

 

Oʻn sakkiz yoshida viloyatdagi qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash texnikumiga oʻqishga kiradi. Texnikumni bitirib, oʻz yigitlik burchini oʻtash uchun 1971-yilda harbiy xizmatga ketadi. Xizmatdan qaytgach, tumandagi Roʻziqul Maxmanov nomidagi jamoa xoʻjaligida dastlab mexanik, soʻngra hudud agronomi sifatida ish boshlaydi. Agronomlik kasbi unga yer bilan tillashish sanʼatini oʻrgatdi. Oʻn yildan ortiq vaqt mobaynida oʻz sohasi boʻyicha birmuncha tajribaga ega boʻlgach, ushbu jamoa xoʻjaligida gʻallachilik brigadasi boshligʻi etib tayinlanadi. Soha boʻyicha bilim va koʻnikmasini takomillashtirish maqsadida Samarqand qishloq xoʻjaligi institutining sirtqi boʻlimiga oʻqishga kiradi.

 

Ham nazariy tahsil, ham amaliy mehnat Doʻsmirat Abdullayevning bilim, malakalarini mukammallashtirdi. 2000-yildan oʻzi ishlab kelayotgan jamoa xoʻjaligiga rais boʻldi. Jamoa xoʻjaliklari tugatilayotganda umummulkini taqsimlash muammosi paydo boʻldi. Shunday paytda Doʻsmirat Abdullayev jamoa xoʻjaligiga tegishli boʻlgan texnika va boshqa mol-mulklarni boʻlib berishda adolat mezoniga qattiq amal qildi.

 

Uning halolligi va har sohada el manfaatini koʻzlab ish koʻrishi oʻz fermer xoʻjaligini tashkil etish va boshqarishda qoʻl keldi. 2008-yilda “Abdullayev Doʻstmirat Sultonovich” fermer xoʻjaligi faoliyatini boshlaydi. Qahramonimiz yer bilan tillashib, agrotexnika talablariga qatʼiy amal qilganligi natijasida yuqori hosildorlikka erishdi. Shuningdek, uning tadbirkorligi tufayli oʻndan ortiq qishloqdoshlari ish bilan taʼminlandi. Fermerlik yangi soha boʻlib, anchagina izlanishni, mashaqqatli mehnatlarni talab qilsa-da, u ijtimoiy faoliyat bilan ham muntazam shugʻullandi. Doʻstmirat Abdullayev yurtimizni rivojlantirish yoʻlida amalga oshirilayotgan islohotlarga oʻz hissasini qoʻshishni istaydi. Tajribali dehqon uch marotaba ketma-ket Xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashiga deputat boʻlib saylandi va yurtdoshlarining muammolarini imkon qadar bartaraf etishga harakat qildi.

 

El orasida Doʻstmirat akaning ikkinchi ismi – “Rais bobo”. Qishloqda kattayu kichik unga oʻzining koʻmakchisi, ishonchli odami sifatida qaraydi, shu bois Doʻstmirat rais hanuzgacha koʻpchilikning ogʻirini yengil qilish yoʻlida hormay-tolmay mehnat qilib kelmoqda.

 

Turmush oʻrtogʻi Jongul aya bilan yetti farzandni el koriga yaraydigan mehnatkash va halol kishilar qilib ulgʻaytirishdi. Ota-onasidan halollik, mehnatsevarlik, el ishiga fidoyilik, mehr va oqibat fazilatlarini oʻzlashtirgan farzandlar bugun qahramon otaga munosib yaratuvchanlik faoliyati bilan band. Qishloqdoshlar bu oilani oʻsib kelayotgan bolalari uchun namuna, ibrat maktabi deb biladi.

 

“Abdullayev Doʻstmirat Sultonovich” fermer xoʻjaligi tumandagi eng ilgʻor xoʻjaliklardan biri. 70 gektardan ziyod maydonda turli ekinlar parvarishlanib, qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtirish boʻyicha oʻziga xos yutuqlarga erishilmoqda. Gʻallachilik, chorvachilik sohasida zamonaviy texnologiyalar qoʻllanilib, yildan yilga hosildorlik oshmoqda.

 

Rais bobo har yili ehtiyojmand mahalladoshlariga bugʻdoy va boshqa mahsulotlar tarqatishni odat qilgan. Doʻstmirat Abdullayevning yana bir fazilati bor: u ijtimoiy himoyaga muhtoj qishloqdoshlariga shunchaki koʻmaklashish bilan chegaralanmaydi, balki ularni ham tadbirkorlikka undaydi. Uning fikricha, har bir oilada ota-onalar farzandlari oʻz zamonasining komil kishilari boʻlib yetishishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratib bera oladigan imkoniyatlarga ega boʻlsin.

 

Doʻstmirat Abdullayev omilkor dehqon, ishning koʻzini biladigan tadbirkor, baxtiyor ota hamda ijtimoiy faollikda ham, oʻz fikr-mulohazalariga ega boʻlgan xalqparvar inson sifatida ham katta hurmat-eʼtibor qozondi. Ana shunday fazilatlar egasi davlatimiz eʼtiboriga tushdi. Fidokorona mehnatlari munosib taqdirlanib, “Oʻzbekiston Qahramoni” unvoni bilan mukofotlandi.

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//