Anvar Qurbonov


17:06 / 25.06.2024 262 0

1948-yil 5-oktyabrda Sirdaryo viloyati Guliston tumanida tavallud topgan.

1969-yildan Guliston tumanidagi 60-qurilish korxonasida ishchi,

1975–1981-yillarda Guliston tumani 3-mexanizatsiyalashgan koʻchma kolonna qurilish ustasi boʻlib ishlagan.

1981–1998 yillarda “Sirdaryojamqurilish” aksiyadorlik jamiyatining 49-mexanizatsiyalashgan koʻchma kolonnasi brigada boshligʻi vazifasida mehnat qilgan.

1998-yilda “Oʻzbekiston Qahramoni” unvoni bilan taqdirlangan.

 

Yiroqdagi manzilni yaqin qiladigan omil nima? Albatta maqsad, mehnat, intilish! Zinaning eng yuqorisiga chiqish uchun ham, avvalo, dastlabki pillapoyalar bosib oʻtiladi. Kahramonimiz maktabdan soʻng harbiy xizmatni tugatgach, ilk ish faoliyatini Guliston tumanidagi 60-qurilish korxonasida oddiy ishchi boʻlib boshladi.

 

Oʻsha paytlar Sirdaryoda oʻzgarishlar katta, hududdagi suvsiz choʻllar oʻzlashtirilib, yangi hayot yoʻlga qoʻyilayotgan edi. Qahramonimiz zimmasiga aynan suv keltirishdek xayrli yumush tushdi – qaqragan yerlarga tiriklik ulashish. Anvar Qurbonov 1969–1975-yillarda Guliston tumanida “Doʻstlik” kanali, koʻplab suv va irrigatsiya tarmoqlari hamda ijtimoiy obyektlar qurilishida faol ishtirok etdi.

 

Intilganga tole yor, deb bejiz aytilmaydi. Oʻz kasbining ustasi boʻlib yetishgan Anvar Qurbonov Guliston tumani 3-mexanizatsiyalashgan koʻchma kolonna qurilish ustasi, “Sirdaryojamqurilish” aksiyadorlik jamiyatining 49-mexanizatsiyalashgan koʻchma kolonnasi brigada boshligʻi lavozimlarida samarali mehnat qildi. Shu yillar davomida u Guliston shahri, Guliston va Sayxunobod tumanlarida turarjoylar, taʼlim muassasalarining barpo etilishida jonbozlik koʻrsatib, el hurmati va olqishiga sazovor boʻldi.

 

Oddiy imorat ham faqat oʻy-xayol va orzuning oʻzi bilangina bino boʻlib qolmaydi. Shu maʼnoda, istiqlolimiz amaliy saʼy-harakatlar bilan yildan yilga koʻrkam, oʻktam boʻlib bormoqda, goʻzal binolar unga zeb bermoqda. Mustaqil Oʻzbekiston bunyodkorligida faol qatnashgan Anvar Qurbonov 1998-yili Guliston shahrida barpo etilgan “Alpomish” sport majmuasi va koʻp qavatli turarjoylar qurilishida ham brigadaga boshchilik qildi.

 

Jamoa ishchilari katta-kichikka birdek mehribon, gʻamxoʻr Anvar aka bilan yelkama-yelka mehnat qilayotganlaridan faxrlanishadi.

 

Fidokorona mehnatlari munosib baholanib, Anvar Sarmanovich Qurbonov “Oʻzbekiston Qahramoni” unvoni bilan taqdirlandi.

 

Ulugʻ bobomiz Amir Temur oʻz davrida juda koʻp binolar qurdirgan. Ular uzoq yillar mamlakat koʻrki hisoblangan. Bugungi Sirdaryoning goʻzal qiyofasini ham chiroyli binolar bezab turibdi. Binolarga boqib, beixtiyor ulugʻ bobomizning ushbu soʻzlari yodga keladi: “Agar bizning qudratimizga shubhangiz boʻlsa, biz qurdirgan imoratlarga boqing”.

 

“Inson qoʻli gul”, deganlari shu boʻlsa kerak-da. Anvar Qurbonovning kimligini bilmoqchi boʻlsangiz, buni uning boshchiligida qad rostlagan binolardan anglash mumkin. Uning ish faoliyatiga razm solsangiz, yillar ortida mashaqqatli mehnat yotganini koʻrasiz. 2005–2015-yillarda Sirdaryo viloyati Guliston shahar obodonlashtirish va koʻkalamzorlashtirish, irrigatsiya boshqarmasi ish boshqaruvchisi lavozimida yurakdan mehnat qildi. Zahmatkash qahramonimiz bu yerda ham oʻzining mehnatlari orqali jamoaning hurmat-eʼtiborini qozondi.

 

Xalqning ishonchli vakili sifatida 2015-yilda Anvar Qurbonov Xalq deputatlari Sirdaryo viloyati kengashi deputati etib saylandi. U mehnat faoliyatini qurilish sohasiga bagʻishladi, el-yurt hurmatiga sazovor boʻldi.

 

Hozirgi kunda Anvar aka nafaqada, 12 nafar nabira va chevaralarning mehribon bobosi. U shunday kunlarga shukronalar aytib, farzandlari va nabiralari qurshovida baxtli hayot kechirmoqda.

 

Haqiqatan ham, Anvar Qurbonovning xalqimiz farovonligi, yurtimiz obodligi yoʻlidagi mehnatlari haqiqiy qahramonlikdir. Bu, albatta, yosh avlodni tarbiyalashda namuna boʻlib xizmat qiladi.

 

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//