Muyassar Temirova


12:08 / 05.08.2021 1283 0

1941-yil 2-fevralda Buxoro viloyatining Buxoro tumanida dunyoga kelgan.

1959-yilda o‘rta maktabni tugatib, Buxoro Zardo‘zlik fabrikasiga ishga kirgan.

1978-yilda “O‘zbekiston xalq rassomi”,

1995-yilda esa “O‘zbekiston Qahramoni” unvoni bilan taqdirlangan.

 

Muyassar Temirova mehnat faoliyatining dastlabki paytlaridanoq kasb sirlarini puxta egallashga, zardo‘zlik san’atini rivojlantirishga intildi. U usta maqomiga yetishguncha ko‘p yillar o‘tdi. Zardo‘zlik – matoga, bosh kiyimga, eshik pardalarga zarhal yoki kumush iplar bilan naqsh tushirish bo‘lib, katta mehnat va sabr talab qiladi. “Sabrning tagi oltin”, deganlari chin ekan. Muyassar opaning sabru saboti, zahmatlari munosib baholandi.

Vatanimiz mustaqilligining 4-yilligi munosabati bilan taqdirlangan bir guruh fidoyi yurtdoshlarimiz orasida “O‘zbekiston Qahramoni” unvoniga munosib deb topilgan Muyassar Temirova ham bor edi.

...O‘shanda qahramonimiz 54 yoshda edi. Buxoro zardo‘zlik fabrikasi eshigidan kirayotib, qorovulga ro‘para keldi. Har doim radioni baland qo‘yib eshitib o‘tiradigan chol jilmayib salom berdi:

– Zardo‘z opa, sizga xushxabar bor!

– Yangi buyurtma bo‘lsa kerak-da. Teatr sahnasi pardalarini zardo‘zi qilib berdik, yana boshqasi kelgan bo‘lsa kerak, – dedi opa. Ish odamining xayoli ishda-da, axir!

– Kiring ichkari, keyin bilasiz, – dedi otaxon.

Opa ish zaliga kirdi-yu, hangu mang bo‘lib qoldi. Xona anvoyi gullarga to‘lib ketgan. U yaxshi ko‘radigan rayhon gullari ham bor. Hammaning qo‘li ko‘ksida: “Muborak bo‘lsin, ustoz, Qahramon bo‘ldingiz...”

Muyassar opa quloqlariga ishonmasdi. Korxona rahbari kirib kelib:

– Siz “O‘zbekiston Qahramoni” unvoniga loyiq ko‘rilibsiz. Qahramonlik muborak, – deya qutlaganda, yuragi xapriqdi.

Yana bir zardo‘z: “Yurtimiz tarixida ayol kishiga “O‘zbekiston Qahramoni” unvoni berilmagan edi. Shu baxtga siz erishdingiz”, desa, shogirdlari: “Igna ahlining vakiliga “O‘zbekiston Qahramoni” unvonini ravo ko‘rishning o‘zi qahramonlik”, desalar, bu e’tiroflarni eshitib, Muyassar Temirovaning ko‘zlaridan duv-duv quvonch yoshlari oqdi.

Quchoq-quchoq gullarga tikilib turib, xayolga toldi. O‘tgan umrining har bir daqiqasiga shukrona aytdi. Qishlog‘iga borgisi, ota-onasi qabrini ziyorat qilgisi, Chorbakr tarixiy-me’moriy obidalari ostonasiga bosh qo‘yib, bir nafas sajdada bo‘lgisi keldi...

U shu tuproqda tug‘ildi. Igna, ip, mato ko‘tarib borib, yaxshi niyatlar bilan Chorbakr mehrobi ro‘parasida turib, yagona Tangridan shu hududning katta zardo‘zi bo‘lish baxtini so‘ragan edi. O‘sha so‘ragan baxtga bugun erishdi. Endi shukronasini borib ado etish onlari kelganini his etib, katta o‘g‘liga qo‘ng‘iroq qildi...

Muyassar Temirovaning tikkan zardo‘zlik kiyimlari uning mahoratidan so‘zlab turadi. Masalan, bir mahsulotida Ismoil Somoniy maqbarasi, yana boshqasida esa Minorai Kalon tasvirlangan. Opaning milliy hunarmandchilikka mansub ko‘plab ijod mahsuli nafaqat yurtimizda, balki ko‘p chet el davlatlarida ham mashhurdir.

Momolarimizdan meros bo‘lgan zardo‘zlikning “Zardo‘zi-zamindo‘zi”, “Zardo‘zi-guldo‘zi”, “Zardo‘zi-abrishimdo‘zi”, “Zardo‘zi-pilakchado‘zi” usullarini puxta o‘rganib, zamonaviy sayqal berdi. Katta ishlarga qo‘l urdi. Farzandlari yoniga kirib qo‘shqanot bo‘ldi. Respublika va xorijiy davlatlarda bo‘lib o‘tadigan hunarmandlar ko‘rgazmalarida ishtirok etib, sovrindorlar qatoridan joy oldi. Tarixdan ma’lumki, zardo‘zlikka birinchi bor Buxoroda qo‘l urilgan. Hindiston, Germaniya, Fransiya, Rossiya, Qirg‘iziston, Turkmaniston davlatlariga borib, Buxoro zardo‘zlik san’ati javohirlarini targ‘ib qildi.

Muyassar opadan zardo‘zlik san’ati sirlari haqida so‘rashganda, shunday javob qaytaradi:

– Mato tanlashda. Duxoba, shoyi, atlas, doka, movut, jun, mahalliy shoyi, olacha, adras, baxmal boybarak... Bu matolarning eng birinchisi zandanachi bo‘lgan. Zandanachi bilan Buxoro savdogarlari chet ellarda ham savdo qilganlar. Belgiyaning Yum shahri bosh cherkovida tiriklik daraxti tasviri tushirilgan mato bor ekan. Uning orqa tomonida sug‘d yozuvi bilan yozilgan “Zandanachi” so‘zini o‘qigan olimlar, keyinchalik g‘arbiy Yevropaning muzey va cherkov omborlarida saqlanayotgan 11 turdagi zandanachi matolarini topishga musharraf bo‘lganlar. Bu mato Buxoroning Zandana qal’asida to‘qilgan. Men katta bobomning sandiqlarida eskidan qolgan ana shu matoni ko‘rgan edim. Onam uni bobomning bobosidan qolgan eng qimmat zandanachi matosi degan edilar. Matoni tanlay olsangiz, marra sizniki. Bu zardo‘zning sinchkovligiga kiradi. Izlandim, mehnat qildim. Mehnatimdan e’zoz topdim. Bundan baxtliman.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//