1954-yil 1-yanvarda Toshkent viloyati Olmaliq shahrida tugʻilgan.
1975-yildan Toshkent viloyati Olmaliq shahridagi 80-avtokorxona haydovchisi boʻlib ishlagan.
1977-2005-yillarda “Olmaliq kon-metallurgiya kombinati” ochiq aksiyadorlik jamiyatining Qalmoqqir koni ekskavator mashinisti yordamchisi va mashinisti boʻlib mehnat qilgan.
1998-yili “Oʻzbekiston Qahramoni” unvoni bilan taqdirlangan.
2005-yildan nafaqada
Turdiyevlar xonadoni aʼzolari ham Toshkent viloyatining Boʻka tumanida dehqonchilik bilan shugʻullanadigan halol va mehnatkash dehqonlardan edi. Otasi Ibodulla aka rizqini daladan topgan, keyinchalix fermer xoʻjaligi tuzib, peshona teri bilan kun kechirgan, oddiy kolxozchidan yirik fermer xoʻjaligining rahbari darajasiga koʻtarilgan omilkor inson edi. Onasi Karomat aya uy bekasi farzandlar tarbiyasi bilan band boʻlgan. Ha, otasi kechayu kunduz dalada ter toʻkdi. Uy bekasi degan nom – bu ayol, yaʼni koʻp bolali ona uchun mutlaqo dam olish kunisiz ishlash deganidir, serfarzand oilada har ikki kunda 20 donadan ortiq non yopilishi, kir yuvilishi, dazmol qilinishi, kattakon hovlini saranjom tutish demakdir. Bundan tashqari, har ertalab 5 bosh sigirni sogʻish, sutlarni pishirib, yogʻini va qaymogʻini ajratib olish ham uy bekasining yumushlariga kiradi. 50 dan ortiq parrandalarni boqish, uydagi yangi tugʻilgan buzoqlar va qoʻy-qoʻzilar parvarishi ham xonadonning roʻzgʻoriga baraka kiritadi. Jonsait ana shunday oilada ulgʻaydi.
Jonsait akalari Parpi va Mirsaitlar bilan birgalikda hali maktab yoshidayoq onasiga koʻmakchi boʻlishdi. Ular oʻzlaridan kichik 4 nafar ukasini katta qilishda onasiga yaqindan yordam berdi. Maktabni bitirgach, yigitlik burchini oʻtash uchun harbiy xizmatga borib keldi va shu bilan uning katta hayotdagi faoliyati boshlandi. Dastlab Olmaliqdagi 3-avtokorxonada haydovchi boʻlib ishladi. 1977-yildan boshlab uning hayoti va faoliyati Olmaliq kon-metallurgiya zavodi bilan bogʻliq boʻldi va butun kuch-qudratini, imkoniyatini shu ishga sarfladi u qadrdon kombinatida ekskavator mashinisti boʻlib ish boshladi.
Yillar ketma-ket oʻtaverdi. Uylandi, farzandli boʻldi. Katta oilaning boshligi Jonsait bor kuch-quvvati va aql-idrokini sevimli kasbiga qaratdi. Turmush oʻrtogʻi Sabriniso opa bilan 5 oʻgʻil va bir qizni tarbiyalab, kamolga yetkazdilar. Farzand tarbiyasidek nozik ishga Jonsait aka, albatta, vaqt topardi.
– Oilada bola tarbiyasini hech qachon birgina onaga tashlab qoʻymaslik kerak. Ayniqsa, bizning oilamizga oʻxshab koʻpchiligi oʻgʻil bolalar boʻlsa, u yerda, albatta, qattiqqoʻl ota tarbiyasi muhim oʻrin tutadi. Qaysi oila maktab va mahalla bilan mustahkam hamkorlikda ish olib borsa, oʻgʻil bola tarbiyasida muammo boʻlmaydi, – deydi Jonsait aka. – Sabab, ota – bu, avvalo, tarbiyachidir, oʻrnakdir. Moddiy taʼminlash uchun ham inson tarbiyali boʻlmogʻi kerak.
– Halol topilgan mablagʻ qanday sarf qilinayotganiga oʻgʻil bolani kichik yoshidan oʻrgatish kerak. Baʼzan ezgu ishlarga majburlab oʻrgatiladi. Baʼzan namuna boʻlib koʻrsatiladi. Bir bolaning notoʻgʻri tarbiyasi butun bir jamiyatga salbiy taʼsir qilishi mumkin. Shunday ekan, unutmaslik kerak, “Ota – oila ustuni”, deyilganda, u tarbiyaning ogʻir qismini koʻtarib turishi ham hisobga olingan. Shubhasiz, ustunlarning oʻzi suyanchiqqa zor boʻlar ekan, unday oila barbod boʻlmay iloji yoʻq.
Yer qaʼridan maʼdan qazib olib, el koriga yaratgan insonning maʼnaviyat xazinasidan topganlari shular. Ulardan foydalangan kishi kam boʻlmaydi.
Jonsait aka Olmaliq kon-metallurgiya kombinatiga qarashli Qalmoqqir konida ekskavator mashinisti boʻlib mehnat qildi. Sohadan uncha-muncha xabari borlar juda yaxshi bilishadiki, ekskavator mashinisti boʻlib ishlash odamdan oʻta sezgirlik va bardosh talab qiladi. Eng qaltis past-tekisliklar, nishab joylar oralab, aniq reja bilan ishni bajarish kerak. Qudratli texnikani oʻzingga boʻysundirish uchun avval oʻzing mehnatsevar boʻlishing kerak. U umr boʻyi shunday ishladi. Hozirda ishini davom ettirayotgan shogirdlari respublikamizning kon-metallurgiya sanoatida muvaffaqiyatli ish olib bormoqdalar.
Jonsait Turdiyev Vatanimizning eng oliy mukofoti bilan taqdirlanganda, oʻzini dunyodagi eng baxtli odam deb bildi.
Hozirda nuroniylik gashtini surib, nabiralar ardogʻida yurgan aziz insonga barcha havasda. Biz unga “Umringiz uzun boʻlsin, mehnatdan saodat topgan hazrati inson”, deymiz.
//
Izoh yo‘q