Parda Ziyatov


14:06 / 25.06.2024 263 0

1947-yil 14-yanvarda Jizzax (hozirgi Sharof Rashidov) tumanida tugʻilgan.

Mehnat faoliyatini 1958-yilda boshlagan.

1964-yilda Samarqand qishloq xoʻjaligi texnikumiga oʻqishga kirgan.

1990–1995-yillarda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashi deputati, 2005–2010-yillarda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati aʼzosi boʻlgan.

1998-yilda «Oʻzbekiston Qahramoni» unvoniga sazovor boʻlgan.

 

Parda akaning bolaligi paxta dalalarida oʻtdi. Hayotda yer bilan har kim har xil tillashadi. Kimlardir yer ishini oʻzi uchun zahmat deb biladi. Yana bir toifa odamlar borki, yerning tilini, ilmini oʻrganadi, mehnat qilib zavqlanadi, yerga urugʻ qadab, hosilini olib huzurlanadi. Ekin navlarining sir-sinoatlarini bilib, xulosa chiqaradi, tinmay kuzatadi, tajribasini boshqalarga oʻrgatadi. Parda akaning padari buzrukvori ham shunday fidoyi insonlardan boʻlgan edi, yerga muhabbat unga otasidan oʻtgan.

 

Uni taqdir Samarqand qishloq xoʻjaligi texnikumiga boshladi. Harbiy xizmatni ado etib kelgach, yarim asrdirki, dala ishlari bilan band boʻldi, oʻz baxtini egatlar orasidan izladi.

 

Shoʻro davridagi dala ishlarining zahmati elga maʼlum. Dehqonning kosasi oqarmas, topgani suvga oqqanday gap edi. Parda aka tunlarni tongga ulab, brigada boshligʻi boʻlib ishlagan kezlari yillar davomida toʻplagan eng katta boyligi paxta hosildorligini oshirish yuzasidan orttirgan tajribasi boʻldi. Mamlakatimiz mustaqillikka erishib, dehqonning mehnati chinakamiga qadrini topa boshlagach, tadbirkorlikka keng yoʻllar ochilgach. Parda Ziyatov “Quyoshsevar Parda” fermer xoʻjaligini tashkil etdi. “Quyoshsevar Parda” iborasining oʻzida ham uning sohibi yozning jaziramasida ham, qishning qahratonida ham daladan beri kelmaydigan kishi ekanligi, uning zahmatkash mehnati oʻz aksini topgan. Mehnatda toblangan bu chayir inson paxta, gʻalla, chorvachilikda boshqa tadbirkorlarga ham oʻrnak boʻldi, nomi elga tanildi. Dala fidoyisining halol mehnatlari munosib taqdirlanib, kamdan-kam insonga nasib qiladigan “Oʻzbekiston Qahramoni” unvoniga sazovor boʻldi.

 

Parda Ziyatov viloyatdagi eng tajribali qishloq xoʻjaligi mutaxassisi va omilkor fermerlardan hisoblanadi. Mehnatsevarligi va dehqonchilik sirlarini yaxshi oʻzlashtirganligi bilan el hurmatini qozondi. Oddiy qishloq yigiti Yaratgan zuvalasiga ato qilgan qobiliyatni istifoda etib, qatʼiy harakatlari oqibatida yuksak yutuqlarga erishdi. Bu holni, avvalo, taqdir inoyati, qolaversa, ota-bobolar pand-nasihatiga amal qilish qadriyatlarga hurmat va tinimsiz mehnat mahsuli, deb bildi.

 

Qahramonimiz hozir ham viloyatdagi fermerlarga ekin maydonlarining tuproq unumdorligini oshirish, yuqori hosildorlikka erishish borasida amaliy yordam koʻrsatishdan charchamaydi. Jumladan, hududdagi hosildorligi past boʻlgan fermer xoʻjaliklariga aniq amaliy yerdam koʻrsatishi natijasida soʻnggi besh yilda tumandagi barcha xoʻjaliklarning hosildorligi oʻsishiga erishilmoqda.

 

Otaxon ayni paytda keksalik gashtini surmoqda. Sharof Rashidov tumanida oʻtkaziladigan barcha tadbirlar va uchrashuvlarda mamlakatimizda mustaqillik yillarida amalga oshirilgan islohotlarning mazmun-mohiyati va ahamiyatini, xalqimiz qoʻlga kiritgan yutuqlarni keng targʻib qilib keladi.

 

Fidoyiligi, jonkuyarligi va tashabbuskorligi bilan koʻpchilikka oʻrnak. U uzoq yillar Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashi deputati, Oliy Majlis Senati aʼzosi sifatida elu yurt farovonligi uchun xizmat qiladigan qonunchiligimizni takomillashtirishga oʻz hissasini qoʻshdi. Shuningdek, faoliyati davomida bir necha marta Sharof Rashidov tumani kengashi hamda viloyat kengashi deputatligiga saylanib, toʻplagan tajribalarini yoshlarga oʻrgatdi, jamiyat rivojiga munosib hissa qoʻshdi.

 

Hozirgi paytda Parda ota Ziyatov oʻzi istiqomat qiladigan mahalla faollaridan biri. Hoji ota nafaqaga chiqqanidan keyin ham mahalladoshlari orasida yosh avlod tarbiyasi, mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlarning xalqimiz hayotidagi beqiyos oʻrni va ahamiyatini targʻib qilish ishlari bilan mashgʻul.

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//