Masharip Quvaqov


17:06 / 24.06.2024 206 0

1938-yil 13-mayda Xorazm viloyati Bogʻot tumanida tavallud topgan.

1991-2003 yillarda “Bogʻot” jamoa xoʻjaligi boshqaruvi raisi boʻlgan.

1993-yilda “Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan qishloq xoʻjaligi xodimi” faxriy unvoni,

1997-yilda “Oʻzbekiston Qahramoni” unvoni bilan taqdirlangan.

2003-yilda vafot etgan.

 

Mehnat faoliyatini 1955-yili Bogʻot tumanidagi Masharip Narimonov nomidagi jamoa xoʻjaligida hisobchi vazifasidan boshlagan. 1965–1970-yillarda ushbu xoʻjalikning bosh iqtisodchisi, 1986–1991-yillarda viloyat agrosanoat davlat qoʻmitasi birinchi oʻrinbosari. 1991-yildan umrining oxirigacha “Bogʻot” jamoa xoʻjaligi boshqaruvi raisi boʻlgan.

 

Masharip Quvaqov tajribali, qatʼiyatli, tashabbuskor, izlanuvchan rahbar edi. Xorazm viloyatida qishloq, xoʻjaligi ishlab chiqarishining bilimdon va tajribali iqtisodchilaridan hisoblanardi.

 

U 23-yil davomida rahbarlik qilgan jamoa xoʻjaligi viloyatning iqtisodi baquvvat, yuqori hosildor, ilgʻor yangiliklar, fan tavsiyalari keng joriy qilingan namunali xoʻjaliklaridan biri boʻlgan. Masharip Quvaqov ish boshlagan 1974-yilda xoʻjalikda 1000 gektar maydonga sholi ekilgan boʻlsa, 1996-yilda sugʻoriladigan yerlari 2556 gektarni tashkil qilib, sholi va bugʻdoyning oʻrtacha hosildorligi 50 sentnerga yetgan.

 

Tajribali dehqon agrotexnika qoidalariga koʻra har yili 3–4 marotaba yerlarning shoʻrini yuvishni joriy qilgan, zovurlar tozalanib, yerlar zaxlanishining oldi olinishi, mahalliy oʻgʻitdan samarali foydalanishi natijasida jamoa xoʻjaligi yer maydonini oʻrtacha 50 ball bonitetdan 57 ball bonitetiga koʻtarishga erishgan.

 

Masharip Quvaqov Respublikada birinchi boʻlib kuzgi bugʻdoydan boʻshagan maydonlarga sholi koʻchatini oʻtqazish usulini muvaffaqiyatli amalga oshirgan. Natijada har gektar yerdan 50 sentnerdan bugʻdoy, takroriy ekin sholidan 60 sentnerdan hosil olingan. Xoʻjalikda bugʻdoy-sholi, paxta ekish sxemasini joriy qilgan. Natijada xoʻjalikning rentabelligi sezilarli darajada oshgan. Bu ilgʻor unumdor usul viloyatga keng joriy qilingan.

 

Xoʻjalikda chorvachilik ham rivojlantirildi, aholiga goʻsht, sut, tuxum yetkazib berish rejalari ortigʻi bilan bajarildi, oʻsha yillari xoʻjalik aʼzolari ixtiyoriga 2000 boshdan ziyod yirik shoxli qoramollar berildi.

 

Xoʻjalikda sanoat sohasida ham yutuqlarga erishilgan: gʻisht zavodi, moy ishlab chiqaradigan juvoz, sholi va un tegirmonlari, sutni qayta ishlaydigan kichik zavod, meva quritadigan seh, meva va sabzavotlardan konservalar tayyorlaydigan zavod tashkil etilib, ular zarur texnik vositalar bilan jihozlangan. Bu zavod va sehlarda mahalla va qishloqning 400 nafarga yaqin yoshlari ish bilan taʼminlangan. Xoʻjalikda bogʻdorchilik, polizchilik ham rivojlandi, 200 gektar maydonda yangidan bogʻlar tashkil qilinib, vodiydan koʻchatlar olib kelindi. Xoʻjalik aʼzolariga qulay sharoitlar yaratish maqsadida yangidan maktab, bogʻcha va hammom, maishiy xizmat koʻrsatish obyektlari qurildi.

 

Mirishkor dehqonning ilmiy muassasalar, universitetlar bilan sifatli navlar yetishtirish, yerga ishlov berishda zamonaviy texnikalardan toʻgʻri foydalanish, qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini qayta ishlash borasidagi hamkorligi samarali natijasini bergan. Toshkent sholichilik ilmiy-tadqiqot instituti olimlari bilan birgalikda Janubiy Koreyadan koʻchat oʻtqazish texnikasini olib kelgan. Akademik Oston Jalilov bilan hamkorlikda gʻoʻzaning “Mehnat” navini ixtiro qilgan.

 

Masharip Quvaqov Xalq deputatlari Xorazm viloyati Kengashining deputati sifatida tumanda qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini qayta ishlaydigan korxona va tashkilotlar faoliyatini rivojlantirish, yangi ish oʻrinlari tashkil etish, chorvachilikda servis xizmatlari va naslchilikni yaxshilash, hududlarda parrandachilik, baliqchilikni rivojlantirish dasturlari ijrosini taʼminlashda faol ish olib borgan. Tuman markaziy shifoxonasining bolalar boʻlimini xoʻjalikda yetishtirilgan goʻsht, sut, meva, poliz mahsulotlari bilan taʼminlagan.

 

Masharip Quvaqov “Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan qishloq xoʻjaligi xodimi” faxriy unvoni, “Oʻzbekiston Qahramoni” yuksak unvoni bilan taqdirlangan.

 

Oʻzbekiston Qahramoni Masharip Quvaqov yaratgan bogʻlar mevalaridan hamon odamlar bahramand, uni shogirdlari, farzandlari minnatdorlik bilan eslaydilar, fazilatlarini ibrat qilib soʻzlaydilar.

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//