Xolxoʻja Umarov


15:06 / 24.06.2024 190 0

1955-yil 2-fevralda Toshkent shahrida tugʻilgan.

1972-yili Namangan qurilish bilim yurtini tamomlagan.

Muhim davlat ahamiyatiga ega boʻlgan binolar qurilishi va tarixiy shaharlarimizdagi yodgorliklarni taʼmirlashda faol ishtirok etgan.

1997-yilda “Oʻzbekiston Qahramoni” unvoni bilan taqdirlangan.

2020-yilda vafot etgan.

 

Quruvchilik Umarov Xopxoʻja Mukaramovichga otameros kasb. Yetuk quruvchi-usta boʻlib ulgʻayishida otasining oʻrni va taʼsiri katta boʻldi.

 

Xolxoʻja Umarov 1977-yili oʻrta maktabni tugatganidan soʻng “Toshkent uy-joyinvestqurilish” korporatsiyasiga qarashli “Toshkent maxsus pardoz qurilish” aksiyadorlik jamiyatida suvoqchi usta boʻlib ish boshladi. Shu yerda tajriba orttirdi. mohir quruvchi-usta sifatida shakllandi. U pardoz bergan inshootlar oʻz sifati va koʻrki bilan ajralib turardi. Yillar sayin kasbiy mahorati, shu bilan birga, obroʻ-eʼtibori ham oshib borgan yigit suvoqchilar brigadasi boshligʻi etib tayinlandi. U rahbarlik qilgan brigadaga nafaqat poytaxtimiz, balki mamlakatimizning turli hududlaridagi yirik obyektlarning qurilish-montaj ishlari ishonib topshirildi, ular oʻz muddatida, sifatli qilib bajarildi. Xolxoʻja Umarov oʻz brigadasi bilan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi, Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi. “Davlat belgisi” davlat ishlab chiqarish birlashmasi binolari singari Yirik obyektlar qurilishida ishtirok etdi. Davlat ahamiyatiga ega boʻlgan bu idora va tashkilotlarning koʻrkam, zamonaviy qiyofasi bugungi kunda ham poytaxt husnini bezab turibdi. Butunlay yangilangan Toshkent hayvonot bogʻi esa toshkentliklar va shahar mehmonlarining sevimli maskanlaridan biriga aylangan. Mohir usta poytaxtimizdagi barcha yirik konsert zallarini bezash ishlarida qatnashdi. Uning qoʻlidan chiqqan pardoz-bezak ishlari ustaning nozik didi, estetik madaniyatidan dalolat berib turadi.

 

Xolxoʻja Umarov Vatanimizning tarixiy shaharlari – Buxoro, Samarqand, Xiva, shuningdek, Toshkentda joylashgan yodgorliklarni restavratsiya qilish, ularga ikkinchi hayot baxsh etish ishlarida ham qatnashdi. Endi bu obidalar xalqimizni va dunyoning turli mintaqalaridan tashrif buyurayotgan sayyohlarni ohanrabodek chorlab, maftun etmoqda.

 

Xolxoʻja Umarovning bevosita mahalla instituti bilan bogʻliq faoliyati ham ibratga loyiq, U teran fikrlashi, jonkuyarligi kamtarinligi, xush muomalasi, tashabbuskorligi, odamlarni yaxshi niyatlar yoʻlida birlashtira olishi bilan aholi oʻrtasida hurmat qozondi. Shuning uchun u 2003-yilda Toshkent shahri Sirgʻali tumanidagi “Yoshlik” (hozirgi «Xonobod maxala fuqarolar yigʻini raisi etib saylandi.

 

U bu yerda totuvlik va hamjihatlikni taʼminlash, kichik biznes va tadbirkorlikni rivojlantirish, obodonlashtirish, aholi oʻrtasida maʼnaviy-maʼrifiy ishlarni yuqori saviyada tashkil etish borasida keng koʻlamli ishlar olib bordi. Uning rahbarligida mahallada bolalar maydonchalari barpo etildi, yoshlar oʻrtasida jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldi olindi, oilaviy ajrimlar kamaydi.

 

2005–2012-yillarda “Mahalla” xayriya jamgʻarmasi tizimida faoliyat koʻrsatdi.

 

Xolxoʻja Umarov 300 dan ortiq shogirdlar tayyorlagan, ularning koʻpchiligi yurtimizda olib borilayotgan bunyodkorlik ishlarida faol qatnashmoqdalar.

 

Xolxoʻja Umarovning bunyodkorlik sohasidagi samarali mehnatlari munosib taqdirlandi.

 

Qahramon barchaga ibrat boʻladigan umr yoʻlini bosib oʻtdi. U hayotda ham, ish faoliyatida ham oʻziga murojaat qilgan har bir odamga individual tarzda yondashdi, muammolarini oʻz muammosi kabi qabul qilib, uning yechimini topish uchun qoʻlidan kelgan barcha ishni qildi. Shu fazilati bilan el ichida alohida hurmat qozondi. Ibratli oila boshligʻi boʻlib, xuddi oʻzi kabi halol va jamiyatga sidqidildan xizmat qilib kelayotgan farzandlarni kamolga yetkazdi.

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//