1933-yil 25-avgustda Surxondaryo viloyati Denov tumanida tugʻilgan.
1969-yili Samarqand qishloq xoʻjaligi institutini tamomlagan.
1971-yilda tuman qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtirish va ularning sifati boʻyicha davlat inspeksiyasi mutaxassisi,
1983-yilning 11-fevralidan Denov tumanidagi Sobir Rahimov nomidagi xoʻjalikda rahbar vazifalarida mehnat qilgan.
1993-yili “Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan qishloq xoʻjaligi xodimi” unvonini olgan.
1994-yilda “Ibrohim” xususiy chorvachilik xoʻjaligini tashkil qildi.
1996-yili “Oʻzbekiston Qahramoni” unvoni bilan taqdirlangan.
Qoʻl-oyogʻi chaqqon Ibrohim tabelchiga yordamchi boʻldi, tez orada mustaqil ish boshladi. Jamoa xoʻjaligi rahbarlari uni brigadaga yetakchi qilib tayinlashdi. Zootexnik, ferma mudiri boʻlib ishlab yurgan kezlari Samarqand qishloq xoʻjaligi institutini sirtdan oʻqib tugatdi. Avval agronom, koʻp oʻtmay, bosh agronom vazifasiga koʻtarildi. Malakali mutaxassis sifatida tuman qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtirish va ularning sifati boʻyicha davlat inspeksiyasiga mutaxassis etib tayinlandi. Koʻp oʻtmay, Ibrohim Fayzullayevni shu idoraga rahbarlikka lozim koʻrishdi.
1983-yili Sobir Rahimov nomidagi xoʻjalikda oʻttiz besh yil samarali rahbarlik qilgan Qurbon Joʻrayev sovgʻalar bilan pensiyaga kuzatildi. Soʻng Ibrohim Fayzullayev koʻpchilik ovoz bilan uning oʻrniga rais etib saylandi.
Ushbu xotiralarni Ibrohim aka eslar ekan, bu ishonch va eʼtiborga kasbga fidoyilik, ona yerga muhabbat, qolaversa, burchga sodiqlik kabi fazilatlar orqali erishganiga amin boʻldi. Eng muhimi, unga xalqning bildirgan ishonchi edi.
Qishloq xoʻjaligi sohasi vakillari, viloyat va tuman faollari hamda xalq oʻrtasida hurmat, eʼtibor qozongan salohiyatli agronom-olim, ilgʻor fermer, samimiy va jonkuyar inson Ibrohim Fayzullayevning “Oʻzbekiston Qahramoni” unvoniga sazovor boʻlishi tasodif emas.
– Inson yerni suysa, yer ham bilar ekan. Barcha rizq-nasibani yer orqali olyapmiz. Dehqonga, insonga qadrni, hurmat-eʼtiborni ham yer berar ekan. Men hayotim davomida qancha muvaffaqiyatga erishgan boʻlsam, buni ona yerimning himmat-marhamati deb bilaman, – deydi Ibrohim aka.
Ibrohim Fayzullayev yerlarni oʻz vaqtida oʻgʻitlash orqali paxta va gʻalla yetishtirishda yuqori natijalarga erishdi. Yuqori natijalarga erishishning kaliti ilgʻor texnologiya hisoblanadi. Ishning koʻzini bilgan fermer tuproq unumdorligini yaxshilash, suv yonilgʻi resurslarini 30-35 foizga tejash, hosildorlikni 25-30 foiz oshirishga erishdi.
Bugungi kunga kelib, xoʻjalikning ekin maydonida 26 nafar ishchi mehnat qilmoqda. Bu degani 26 ta oilada qora qozonning qaynashi, shu oilaga rizq-nasiba kelishi demakdir.
2017–2019-yillarda xoʻjalikda paxta va gʻalla yetishtirilib, paxtachilikda 49–53 sentnerdan, gʻallachilikda 71–72 sentnerdan hosil olindi.
2020-yilda paxta va gʻalla hosili yetishtirilib, shartnoma majburiyatlari paxtachilikda 103 foizga, gʻallachilikda 107 foizga bajarildi. Hosildorlik paxtachilikda 41 sentnerni, gʻallachilikda 69 sentnerni tashkil qilgan. Ibrohim Fayzullayev tomonidan gʻoʻzaning serhosil, ertapishar va uzun tolali IF-2, IF-3 navlari yaratilib, yuqori hosil olishga erishilmoqda.
Koʻp tarmoqli fermer xoʻjaligini tashkil etish maqsadida Ibrohim Fayzullayev chorvachilik tarmogʻi faoliyatini izga qoʻydi. Hozirgi kunda xoʻjalikda qoramol parvarish qilinib, tuman aholisiga goʻsht-sut mahsulotlarini yetkazib bermoqda. Shuningdek, ipak xomashyosi yetishtirishning samarali agrotexnik tadbirlarini chuqur oʻrganib, belgilangan topshiriqlarni oʻz vaqtida sifatli bajarib, yildan-yilga yuqori hosildorlikka erishib kelmoqda.
Ibrohim Fayzullayev tumandagi yosh fermerlarga ekin maydonlarining tuproq unumdorligini oshirish, yuqori hosil olish borasida amaliy yordam koʻrsatib kelmoqda. Jumladan, u hududdagi hosildorligi past boʻlgan 5 ta fermer xoʻjaligiga aniq amaliy yordam koʻrsatishi natijasida soʻnggi besh yilda ushbularning hosildorligi paxtachilikda oʻrtacha 2–3 sentnerga, gʻallachilikda 6–7 sentnerga oʻsishga erishilgan.
Ibrohim aka turmush oʻrtogʻi Rayhona opa bilan 3 qiz va 3 oʻgʻilni voyaga yetkazishdi; 11 nabira, 17 chevara hamda evaralarning buvi va buvasi. Bugungi kunda ota yonida Islombek kamarbasta. Farzandlar otasidan nafaqat hayot saboqlarini, balki yer bilan tillashishni, fermerlik sirlarini ham oʻrganishmoqda.
Ibrohim Fayzullayev homiylik ishlariga ham alohida eʼtibor qaratib kelmoqda. Hududni obodonlashtirish, kam taʼminlangan oilalarni qoʻllab-quvvatlash, qishloq infratuzilmasini rivojlantirishga mablagʻlar ajratgan. Xayr-ehsonning hikmati koʻp, insonlarga yaxshilik ulashsa, inson qalbi ham togʻdek koʻtariladi. Ana shu shiorga umri davomida amal qilib kelgan Ibrohim aka yurtdoshlarining ogʻirini yengil qilishdan charchamaydi.
//
Izoh yo‘q