1941-yil 26-iyulda Namangan shahrida tugʻilgan.
1964-yili Andijon tibbiyot institutini tugallab, Namangan shahridagi 2-shifoxonada mehnat faoliyatini boshlagan.
1966-yildan 2-shahar tugʻruqxonasida davolovchi vrach, boʻlim mudiri boʻlib ishlagan.
1996-yilda “Oʻzbekiston Qahramoni” unvoni bilan taqdirlangan.
2008-yildan nafaqada.
– Otam urushga ketgan kuni 35 kunlik chaqaloq ekanman, – deb eslaydi Ayshaxon Qoʻchqorova. Harbiy komissariat Sardobada ekan, otam sim toʻsiqning ichkarisida, onam tashqarisida, meni bir-birlariga toʻsiqdan qayta-qayta uzatishib, dil izhorlari qilishgan, yoʻrgaklarimga otamning koʻz yoshlari tomgan ekan. Onam Chorsudagi chevarchilik sehiga koʻrpa tikishga ishga kirganlar. Onamning qoʻllaridan kitob tushmas edi. Toʻliqsiz oʻrta maktabning boshlangʻich sinflarini tugatib, 5-maktabda yuqori sinflarda oʻqiganman. Sinfimizda shifokor boʻlishni maqsad qilgan dugonalarim koʻp edi, oʻsha yili bir maktabdan olti nafar qiz Andijon davlat tibbiyot institutiga oʻqishga kirganmiz. 1958-1964-yillarda oliygohda oʻqib, tamomlagach, ishga joylashdik. Mutaxassis kam boʻlgani uchun shifokorlarga muhtojlik bor edi. Shahar kasalxonasida uch oy ishladim. Keyin toʻyim boʻldi. Mahmudjon Ahadov ismli, bizdan bir yil avval tibbiyot institutini bitirgan shifokor yigitga turmushga chiqdim. Baxtimdan oʻrgilay, bolalikda zor boʻlib oʻsganim, kindik qonim toʻkilgan otamning mahallasiga kelin boʻldim.
Ayshaxon opa bilan bir suhbat qurgan odam yana gaplashsam, deydi. Gapni qayoqdan boshlasangiz ham mavzusi tibbiyotga bogʻlanaveradi. U malaka oshirib, 2-tugʻruqxonada davolovchi shifokor boʻlib ish boshlagan.
Boʻlim mudiri boʻlib umr boʻyi bir vazifada, bitta tugʻruqxonada ishladi. Oʻgʻillari Bahodir, Jahongir muhandislik kasbini tanladi. Qizi Guluzro ona izidan borib, shifokorlik yoʻlidan ketdi. Ginekolog boʻlib ishlardi, tibbiyot fanlari nomzodi edi. Kutilmagan avtohalokat tufayli olamdan oʻtdi. Olima qizi, yuragining yolgʻizgina quvonchi haqida soʻz ketganda, opaning koʻzlaridan yosh quyildi: “Guluzro doktorlik ishini tugallash niyatida tinimsiz ilmiy izlanishda edi. Ishlari chala qoldi. Yuragi toza, hammaga mehr bilan qaraydigan, yaxshilik qilishni oʻziga odat qilib yashagan qizimdan bir oʻgʻil, bir qiz qoldi. Bir kam dunyo ekan. Bir umrga yurakdan oʻchmaydigan armoni qoldi...” Qachon va qanday qilib kasbidan sharaf topgani, xizmati yuqori darajada taqdirlangani haqida soʻz ketganda, opaning namlanib turgan koʻzlarida quvonch, iftixor tuygʻusi balqirdi:
– Oʻshanda 26-avgust kuni edi. “Axborot” dasturida Prezident farmoni oʻqilib, meni “Oʻzbekiston Qahramoni” deb eʼlon qilishganini koʻpchilik eshitgan. Oʻsha kuniyam jarrohlik stolida tugʻayotgan ayol bilan jon olib, jon berayotgan edim. Xabar aytilganda quloqlarimga ishonmadim. Bir lahza oʻylanishga, xayol bilan vaqtni boy berishga haqim yoʻq palla, ona-bolaning hayoti xavf ostida edi. Quvondim, hayajonda titrab-titrab operatsiyani davom ettirdim. Yigʻlab-yigʻlab oʻn ming birinchi bolamning jonini omon saqlab qolganman. Oʻsha daqiqadan boshlab bu mukofot naqadar katta eʼtirof, oliy unvon ekanini teranroq his etib, oʻzimga boʻlgan talabim yanada orta boshladi...
Yuksak eʼtirofdan ilhomlangan izlanuvchan shifokor faoliyati davomida davolashning qator yangi usullarini amaliyotga tatbiq etgan edi. Jumladan, bolalarda uchraydigan yurak va buyrak kasalliklarini erta aniqlash va davolashda zamonaviy usullardan foydalangan. Bemorlarga yuqori aniqlikda tashxis qoʻyish hamda davolashning ilgʻor usullarini qoʻllash bilan salomatligini tiklash muddatini qisqartirishga erishgan.
Ayshaxon Qoʻchqorova aholi oʻrtasida tibbiyot profilaktika ishlarini toʻgʻri tashkil etishda shifokorlarga birlamchi muhim maslahatlarini berardi. Shahardagi taʼlim muassasalarida va mahallalarda “Giyohvandlik – asr vabosi”, “OITS – bir umrlik dard”, “Jismoniy faollikni taʼminlashning oddiy usullari” kabi mavzularda davra suhbati va maʼruzalar oʻtkazgan.
Oʻz mehnat faoliyati davomida shifokor koʻplab ayollarning onalik baxtiga erishishiga sababchi boʻldi, yosh onalarga farzand parvarishidek nozik masalada yoʻl koʻrsatdi. Koʻplab shogirdlari bu kasbning naqadar ahamiyatliligi, yurt kelajagi ular mehnatining samarali va puxta olib borilishiga qanchalik aloqador ekanligi toʻgʻrisidagi maslahat va tushuntirishlariga hamon amal qiladilar.
//
Izoh yo‘q