Sodiqjon Abdurasulov


16:06 / 13.06.2024 325 0

1937-yil 9-mayda Andijon viloyatining Shahrixon tumanida tugʻilgan.

Oʻz faoliyatini Shahrixon tumanidagi “Oltin vodiy” jamoa xoʻjaligida ishchilikdan boshlagan. Brigada boshligʻi, fermer boʻlgan.

1996-yilda “Oʻzbekiston Qahramoni” unvoni bilan taqdirlangan.

1998-yilda vafot etgan.

 

Sodiqjonning bolalik yillari dahshatli urush davriga toʻgʻri keldi. Bir burda non ilinjida xor boʻlgan bolalik uning uchun katta hayot dorulfununi boʻldi. Azbaroyi tirik qolish uchun qilingan saʼy-harakatlar uning zuvalasiga puxta-pishiq boʻlish, ayniqsa, mehnatdan, zahmatdan qochmaslik fazilatlarini singdirdi.

 

Urush suronlari tugagach, maktab dargohiga qadam qoʻyish unga unutilgan bolalik zavqini qaytardi. Albatta, tahsildan boʻshagan vaqtida tiklanayotgan xoʻjalikning qaddini koʻtarishga oʻz hissasini qoʻshdi, yaqinlari bilan dalada boʻldi, turli yumushlarni bajardi. Bu kunlar uning kelajagi yoʻlida chinakam toblanish maktabi vazifasini bajardi. Zehni va qobiliyati tez oʻsdi.

 

Oʻz faoliyatini Shahrixon tumanidagi “Oltin vodiy” jamoa xoʻjaligida oddiy yumushlarni bajarishdan boshladi. Nihoyat, uni haydovchilar tayyorlash kursiga yoʻlladilar. Bu ham oʻziga xos ishonch edi.

 

U paytlar bu kasbning sharafi qariyb kosmonavtlik bilan barobar edi. Zildek yuk mashinasining ruliga oʻtirish odamlarga samolyotni boshqarishdek zavq berardi.

 

Bu yumushda sakkiz yil faoliyat koʻrsatdi, shu orada uylandi, farzandlar koʻrdi. Eng asosiysi, toʻgʻri yoʻldan adashmadi. odamlar qalbiga yoʻl topishni oʻrgandi. Undagi tashkilotchilik fazilatini sezgan jamoa xoʻjaligi rahbarlari brigada yetakchiligini ishonib topshirishdi. Sodiqjon ishga kirishishi bilan dehqonchilikdagi sinovdan oʻtgan usullarni qoʻllashga xarakat qildi, koʻplab yangiliklarni amaliyotga joriy edi Mahalliy yer sharoitini yaxshi bilib qoʻllangan tadbirlar oʻz samarasini bera boshladi. Ayniqsa, “Sen yerni boqsang, yer seni boqadi” tamoyiliga amal qilib, oziqlantirish, sugʻorish shudgorlash yumushlari yuqori sifatda tashkil qilingani xosildorlikka keskin taʼsir qildi. Uning qishloq xoʻjaligi agrotexnika tadbirlarini toʻgʻri tashkil etib, ekin maydonlarini mahalliy oʻgʻitlar bilan boyitganligi natijasida paxtachilik va gʻallachilikda hosildorlik 10-15 sentnerga ortdi. Bu koʻrsatkich sezilarni yutuq ediki, uning nomi tumandagina emas, viloyatda ham tilga tushdi.

 

Tajribali dehqonning ish usullari namuna qilib koʻrsatila boshlandi: bahorgi qishloq xoʻjaligi mavsumiga tayyorgarlik koʻrish, chigit ekish, ekinlarning zararkunanda hasharotlariga qarshi kurashishga oid ilgʻor agrotexnik tadbirlari ommalashtirilib, uning dalasida amaliy seminarlar tashkil etildi.

 

Sodiqjon Abdurasulov – shirkat xoʻjaligida, tumanda oʻziga xos gʻallachilik maktabini yaratgan inson. U gʻallachilikda “Oʻzbekiston” navini Andijon sharoitida sinovdan oʻtkazib, gektaridan 75-80 sentner hosil olish mumkinligini amalda isbot etdi. Holbuki, nisbatan shimoliy hududlarda gʻallachilikning istiqboliga ishonmay qaraydiganlar ham bor edi. Chinakamiga fidokorona mehnat esa moʻjizalar yaratishi mumkinligi, asossiz xavotirlarga oʻrin yoʻqligi gʻallachilikdagi yutuqlari bilan isbotlandi.

 

Mustaqillik dala fidoyisining istiqbolida keng imkoniyatlarni ochdi. Elda tanilgan, dovrugʻi uzoq-yaqinga tarqalgan dehqon mustaqillik gʻoyalarini qoʻllab-quvvatlash, qishloq xoʻjaligidagi yangi usullarni amaliyotga joriy etishda tashabbuskorlardan boʻldi.

 

Sodiqjon Abdurasulov mustaqillikning ilk yillaridan fermerlik harakatining faollaridan hisoblanadi. Yangicha yondashuvlarni amalga oshirib, qishloq xoʻjaligi sohasida koʻp yillik samarali mehnatidan orttirgan tajribasini ishga solib, paxta va gʻalla yetishtirish sirlarini puxta oʻzlashtirgan tajribali dehqon ilgʻor va mirishkor fermer sifatida tezda respublikada tanildi.

 

Sodiqjon Abdurasulovning qishloq xoʻjaligi sohasida koʻrsatgan jonbozligi hamda samarali mehnatlari munosib baholanib, yuksak unvon bilan taqdirlandi.

 

U yoshlarning murabbiyi, turmushda namunali oila boshligʻi, farzandlarining mehribon otasi sifatida havas qilgulik taqdir egasi edi. Uch oʻgʻil, bir qizni tarbiyalab, elga qoʻshdi, ular ayni paytda turli sohalarda samarali faoliyat koʻrsatib, ota tarbiyasi va gʻamxoʻrligini oqlab kelmoqdalar. Baʼzan tirikchilik tashvishlari bilan masrur kunlar yodga tushavermaydi, biroq odamlar qahramon otaning oʻz dilbandlariga qanchalik mehribon boʻlganini yoddan chiqarmaydilar.

 

Samimiy inson, jonkuyar ustoz, tajribali dehqon Sodiqjon Abdurasulovning ezgu ishlari elning xotirasida barhayot yashayapti.

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//